Mavzu tarbiya fanini o\'qitish tarbiya treninglari asosida faoli-fayllar.org
Ta’limda onglilik, faollik va mustaqillik tamoyili. Bu tamoyil o‘qitishni shunday tashkil etishni nazarda tutadiki, bunda o‘quvchilar ilmiy bilimlarni hamda ularni amalda qo‘llash usullarini ongli va faol egallab olishadi. Ularda ijodiy tashabbuskorlik va o‘quv faoliyatida mustaqillik, tafakkur, nutq madaniyati va ilmiy dunyoqarash, e’tiqod tarkib topadi.
O‘qitishning ongli tamoyili o‘quvchilarning materialni idrok qilishda ta’riflar, teoremalar, adabiyotdan she’r yodlash va hokazolarning ifodalanishigina emas, balki ularning hayotiy hodisalar, jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lgan mazmunini ham tushunishlarini talab etadi. Aks holla bilimlarda yuzakichilik avj oladi, unda material quruq yodlab olingan bo‘ladi. O‘quvchilar uni qayta aytib bera oladilar, lekin uning mohiyatini tushunmaydilar va amaliy faoliyatlarida qo‘llay olmaydilar.
Bilimlarni ongli ravishda o‘zlashtirish o‘quvchilarda bu bilimlarga nisbatan ma’lum munosabat hosil qilishini, emotsional kechinmalar uyg‘otishni ham o‘z ichiga oladi. O‘quvchining bilimlarini o‘zlashtirishga faol munosabatda bo‘lishi uning bilish faoliyatini aktivlashishiga yordam beradi.
O‘qitish jarayonida onglilik va faollik tamoyili o‘quvchilarda tafakkur va nutqni rivojlantirishni nazarda tutadi. Mustaqil tafakkur turli usullar bilan hosil qilinadi. Tafakkurni shakllantirish usullaridan biri mustaqil hal qilish, muammoli vazifalar qo‘yishdir.
Ta’lim jarayonida o‘quvchilar faolligi, dastavval, ularning aqliy faoliyati-tafakkur qilish faoliyatidir. SHunga ko‘ra, ta’limni ongli o‘zlashtirish tamoyili, bir tomondan o‘quvchilarni mustaqil, faol fikr qilishlarini nazarda tutsa, ikkinchi tomondan, aynan shu jarayon davomida o‘quvchilarni mustaqillik va faolliklarini hamda mantiqiy fikr qilish faoliyatlarini tarbiyalab, takomillashtirib borishni nazarda tutadi.
Onglilik va faollik tamoyili o‘quvchilarni mehnat va o‘qishda ijodiy faoliyat usullariga o‘rgatishni talab qiladi. Qayta kurish davrining maktab va xalq ta’limi oldiga qo‘ygan talablari ham shu maqsadga qaratilgan.
Xuddi shu maqsadga maktablar haqidagi hujjatlardagi tavsiyalar - darsning tashkil qilishning faol shakllarini qo‘llash, yuqori sinflarga ma’ruza va seminar mashg‘ulotlarini birga qo‘shib olib borish, ishlab chiqarish korxonalariga ekskursiya, unumli mehnat davomida o‘quv harakteridagi topshiriqlarni bajarish va boshqalar xizmat qiladi. O‘quvchilar faolligini rivojlantirish, ularnimg o‘quv faoliyatlarining takomillashtirish tufayli ayni vaqtda o‘qitishda yuksak samaradorlikka erishiladi, ya’ni o‘quv jarayoni tezlashadi.