Bolalar kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini (immunitet) homila davrida onadan oladi. Immunitet har bir organizmda individual shakllangan boʻladi. Bir yoshgacha boʻlgan chaqaloqlarda esa immunitet ona organizmidan goʻdakka ona suti orqali oʻtadi va shuning natijasida bolada tabiiy immunitet hosil boʻladi. Bu esa bolani turli kasalliklardan himoya qiladi.
Tugʻilgandan soʻng bolada sunʼiy immunitet hosil boʻlishi uchun bola profilaktik tarzda emlanadi. Natijada bola organizmida turli xil infeksion kasalliklarga qarshi immunitet paydo boʻladi.
3 yoshgacha boʻlgan bolalar yiliga 4-martadan koʻp, 3 yoshdan yuqori boʻlgan bolalar esa yiliga 6-martadan koʻp respirator kasalliklar yaʼni OʻRVI (oʻtkir respirator virusli infeksiya), gripp, bronxit kabi kasalliklar bilan kasallansalar bunday bolalar tez-tez kasallanuvchi bolalar guruhiga kiradilar. Bu bolalar shifokor nazoratida boʻlishlari va surunkali kasalliklari boʻlsa ularni muntazam ravishda davolatib turishlari zarur.
Bolalarning tez-tez kasallanishlarining sabablari quyidagilar bo’lishi mumkin:
Ruhiy muammolar
Nasldan-naslga o’tish
Homiladorlik paytidagi muammolar
Vaqtidan oldin tug’ilish
Allergiya
To’g’ri ovqatlanmaslik
Noto’g’ri yashash tarzi
Ruhiy muammolar
Ular psixosomatik deb ataluvchi har xil kasalliklar keltirib chiqarishi mumkin. Stresslar, og‘ir kechinmalar, hayajonli daqiqalar bolalar immunitetiga kuchli putur yetkazadi.
Nasldan naslga o’tish
Agar ota-ona hayotining ko‘p qismini burnida ro‘molcha bilan o‘tkazgan bo‘lsa, bolaning tez-tez kasallikka chalina boshlashidan ajablanmasa ham bo‘ladi.
Homiladorlik paytidagi muammolar
Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, ona qornida rivojlanishdagi muammolar, homiladorlik va tug‘ishning og‘ir kechishi, bo‘lg‘usi onadan o‘tkazilgan infeksiyalar ham yangi tug‘ilgan chaqaloq immunitetiga zarar yetkazadi.
Vaqtidan oldin tug’ilish
Agar go‘dak muddatidan oldin tug‘ilsa, u ham tez-tez kasallikka chalinish xavfi bo‘lgan guruhga kiradi.
Allergiya
Bunda bolaning aynan nimaga reaksiyasi borligi muhim emas. Tibbiyot xodimlari atopik dermatit, oziq-ovqatlar allergiyasi, pollinoz, bronxial astma va burun-xalqum infeksiyalarining hammasi uchun bitta gen javob berishini isbot qildi. U ham nasldan naslga o‘tadi.
To’g’ri ovqatlanmaslik
Bola ratsionida vitaminlar, oqsil, mikroelementlar, kletchatkalarning kamligi yoki u sun’iy ovqatlar bilan boqilayotgan bo‘lsa, bu immunitet uchun iz qoldirmasdan o‘tib ketmaydi.
Noto’g’ri yashash tarzi
Agar bola uyda o‘tirsa, kamdan-kam sayrga chiqsa, sport bilan shug‘ullanmasa va toza havoda faol o‘yinlar o‘ynamasa uning virusga chalinish xavfi yuqoriroq bo‘ladi. Jamoat transportlarida ko‘p yuradigan, yopiq joydagi guruhlar ichida ko‘p shug‘ullanadigan, bolalar bog‘chasiga boradigan, turli xil tadbirlarga va odamlar to‘planadigan joylarga ko‘p qatnashadigan bolalar haqida ham xuddi shuni aytish mumkin.