Til kishilarning o`zaro muloqotga kirishuvi va fikr almashuviga bo`lgan ehtiyoj natijasida paydo bo`lgan ijtimoiy hodisadir. Til paydo bo`lgandan keyin (bu, olimlarning taxminicha, ibtidoiy jamoa tuzumi davrida yuz bergan) jamiyat tez rivojlana boshlagan. Til jamiyat uchun, uning a’zolari bo`lmish insonlar uchun xizmat qiladi, shuning uchun til ijtimoiy hodisa hisoblanadi, ya’ni til yakka odamga emas, balki butun jamiyatga daxldor bo`lib, shu jamiyat a’zolari yordamida shakllantirilib, rivojlanib boradi.
Shu tufayli ham tilning taqdiri jamiyatning taqdiri bilan chambarchas bog`liq. Til bo`lmasa, jamiyatning bo`lishi mumkin emas, ya’ni til odamlarni jamiyat sifatida jipslashtirib turuvchi buyuk ne’matdir. Jamiyatsiz tilning mavjud bo`lshi mumkin emas. Jamiyat a’zolari ham tilning yashashi, rivojlanishiga o`z hissalarini qo`shadi. Shu munosabat bilan o`tgan asrning 80-90-yillaridagi o`zbek tilining ahvolini eslash o`rinlidir. Bu davrda o`zbek tilining faoliyat ko`rsatish doirasi juda torayib, uning yo`q bo`lib ketish xavfi paydo bo`ldi.
Ana shunda jamiyatimizning ilg`or vakillari ona tilimizni himoya qilib, uning taqdiri uchun qayg`urib, amaliy harakatlarni boshlashdi va buning natijasida 1989 yil 21-oktyabrda o`zbek tiliga davlat tili maqomi berish haqidagi Qonun qabul qilindi. Aytish mumkinki, bu Qonunning qabul qilinishi istiqlol tomon qo`yilgan dastlabki qadamlardan biridir.
Til tafakkur bilan, kishining fikrlash faoliyati bilan chambarchas bog`liq. Har qanday fikr til materiallari asosida shakllanadi.
Til tuzilishiga ko`ra murakkab hodisa bo`lib, u bir-biri bilan uzviy bog`langan quyidagi qismlardan iborat:
Til tuzilishiga ko`ra murakkab hodisa bo`lib, u bir-biri bilan uzviy bog`langan quyidagi qismlardan iborat:
1. Tovushlar tizimi.
2. Lug`at boyligi yoki leksika.
3. Grammatik qurilishi.
Ma’lumki, inson tili tovush tilidir. Har bir tilning o`z tovushlar tizimi mavjud. Tovushlar so`zlarni, iboralarni, grammatik shakl va ko`rsatkichlarni shakllantiradi.