SANOQ SISTEMALARI
Barcha mavjud tillar kabi sonlar tili ham mavjud bo‘lib, u ham o‘z alifbosiga ega. Mazkur alifbo hozir jahonda qo‘llanilayotgan 0 dan 9 gacha bo‘lgan o‘nta arab raqamlaridir, ya’ni: 0,1,2,3,4,5,6,7,8,9. Bu tilda o‘nta belgi (raqam) bo‘lganligi uchun ham, bu til o‘nlik sanoq sistemasi deb ataladi.
Bizning kundalik hayotimizda qo‘llanilayotgan o‘nlik sanoq sistemasi hozirgidek yuqori ko‘rsatkichni tez egallamagan. Turli davrlarda turli xalqlar bir-biridan keskin farqlanuvchan sanoq sistemalaridan foydalanganlar.
Masalan, 12 lik sanoq sistemasi juda keng qo‘llanilgan. Uning kelib chiqishida albatta tabiiy hisoblash vositasi - qo‘limizning ahamiyati katta. Bosh barmog‘imizdan farqli qolgan to‘rttala barmog‘imizning har biri 3 tadan, ya’ni hammasi bo‘lib 12 ta bo‘g‘indan iboratdir. Mazkur sanoq sistema izlari hanuzgacha saqlanib qolgan. Masalan, inglizlarda
uzunlikni o‘lchash birligi:
1 fut = 12 dyum=30 sm,
pul birligi
1 shilling = 12 pens.
Qadimgi Bobilda ancha murakkab bo‘lgan sanoq sistemasi – 60lik sanoq sistemasi qo‘llanilgan. Bu sanoq sistemasining qoldiqlari hozir ham bor. Masalan:
1 soat = 60 minut
1 minut = 60 sekund
XVI – XVII asrlargacha Amerika qit’asining katta qismini egallagan atstek va mayyalarda 20 lik sanoq sistemasi qo‘llanilgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Biz asosan o‘nlik sanoq sistemasidan foydalanamiz. Lekin, o‘nlik sanoq sistemasidan kichik sanoq sistemalarida sonlarni belgilash uchun arab raqami belgilaridan foydalaniladi. Masalan, beshlik sanoq sistemasida 0, 1, 2, 3, 4 raqamlari, yettilik sanoq sistemasida esa 0, 1, 2, 3, 4, 5, 6 raqamlaridan foydalaniladi.
Hisoblash texnikasida va dasturlashda asosi 2, 8 va 16 ga teng bo‘lgan sanoq sistemalari qo‘llaniladi.
O‘n ikkilik, o‘n oltilik sanoq sistemalarida qanday belgilardan foydalaniladi?- degan savolga javob aniq: raqamlardan keyin lotin alifbosidagi bosh harflardan foydalaniladi.
Shunday qilib, o‘n ikkilik sanoq sistemasida raqamlar 0, 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, A, B kabi; o‘n oltilik sanoq sistemasida esa 0, 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, A, B, C, D, E, F kabi yoziladi.
Kompyuterlarda boshqa sanoq sistemalaridan quyidagi imkoniyatlari bilan farqlanuvchi ikkilik sanoq sistemasidan foydalaniladi:
uni ishlashini tashkil etish uchun ikki turg‘un holatli qurilmalar zarur ( tok bor – tok yo‘q, magnitlangan yoki magnitlanmagan);
axborotni ikki holat orqali tasvirlash ishonchli va ta’sirlarga chidamli;
ikkilikdagi arifmetika boshqalaridan sodda.
Ikkilik sanoq sistemasining asosiy kamchiligi – sonlardagi xona(razryad)larning juda tez ortib ketishidir. O‘nlik sanoq sistemasidan ikkilikka va teskari o‘tkazishlarni kompyuterning o‘zi bajaradi. Lekin kompyuterning imkoniyatlaridan oqilona foydalanish uchun uning tilini tushunish zarur bo‘ladi. Shular sababli sakkizlik va o‘n oltilik sanoq sistemalari ishlab chiqilgan.
Bu sistemalardagi sonlar o‘nlik sanoq sistemasi kabi oson o‘qiladi, lekin ikkilik sanoq sistemasidagi sondan 3 (sakkizlikda) va 4 (o‘n oltilikda) marta kam razryad talab qiladi, chunki 8 = 23 va 16 = 24.
Pozitsiyali va pozitsiyali bo‘lmagan sanoq sistemalari
Sanoq sistemasi bu – sonlarni o‘qish va arifmetik amallarni bajarish uchun qulay ko‘rinishda yozish usuli.
Qadimda hisob ishlarida ko‘proq barmoqlardan foydalanilgan. Shu sababli narsalarni 5 yoki 10 tadan taqsimlashgan. Keyinchalik o‘nta o‘nlik maxsus nom – yuzlik, o‘nta yuzlik – minglik nomini olgan va h.k. Yozuv qulay bo‘lishi uchun bu muhim sonlar maxsus belgilar bilan ifodalana boshlagan. Agar hisoblashda 2 ta yuzlik, 7 ta o‘nlik, yana 4 ta birlik bo‘lsa, u holda yuzlikning belgisini ikki marta, o‘nlik belgisini yetti marta, birlik belgisini to‘rt marta takrorlashgan. Birlik, o‘nlik va yuzliklarning belgisi bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan. Sonlarni bunday yozganda belgilarni ixtiyoriy tartibda joylashtirish mumkin bo‘lgan, chunki yozilgan sonning qiymati tartibga bog‘liq emas. Bunday yozuvda belgi holatining ahamiyati bo‘lmaganidan, mos sanoq sistemasi nopozitsion sistema deb ataladi. Qadimgi misrliklar, yunonlar va rimliklarning sanoq sistemasi nopozitsion edi. Nopozitsion sanoq sistemasi qo‘shish va ayirish amallari uchun ozgina yarasada, ko‘paytirish va bo‘lish uchun butunlay yaroqsiz edi. Ishni osonlashtirish maqsadida hisob taxtalari – abaklar ishlatilar edi. Hozirgi zamon cho‘tlari abakning o‘zgargan ko‘rinishidir.
Qadimgi bobilliklarning sanoq sistemasi dastlab nopozitsion edi, keyinchalik ular belgilarni yozish tartibida ham informatsiya borligini sezishib, undan foydalanishga o‘rganishdi va pozitsion sanoq sistemasiga o‘tishdi. Bunda biz hozir qo‘llayotgan sistemadan (raqamning o‘rni bir xonaga siljitilganda uning qiymati 10 martaga o‘zgaradigan o‘nli sanoq sistemadan) farqli, bobilliklarda belgi bir xonaga siljitilganda sonning qiymati 60 marta o‘zgarar edi (bunday sanoq sistemasi oltmishli sistema deb ataladi). Uzoq vaqtgacha Bobilning sanoq sistemasida nol belgisi, ya’ni bo‘sh qolgan xonaning belgisi yo‘q edi. Odatda, sonlarning tartibi ma’lum bo‘lganidan bu noqulay emas edi. Ammo keng ko‘lamli matematik va astronomik jadvallar tuzish boshlanganda, ana shunday belgiga ehtiyoj tug‘ildi. Bu belgi keyinchalik mixxat yozuvlarda va eramizning boshida Iskandariyada tuzilgan jadvallarda uchraydi. IX asrda nol uchun maxsus belgi paydo boldi. O‘nli sanoq sistemasida sonlar ustida amallar bajarish qoidasi ishlab chiqildi. Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy tomonidan yozilgan “Hind hisobi” nomli risola tufayli o‘nli sanoq sistemasi Yevropaga, keyin esa butun dunyoga tarqaldi.
Sanoq sistemasining asosi uchun na faqat 10 va 60 ni, balki birdan katta ihtiyoriy p natural sonni olish mumkin.
Sanoq sistemalarini tashkil etilishi deyarli bir xil. Biror p soni – sanoq sistemasi asosi sifatida qabul qilinib, ixtiyoriy N soni quyidagi ko‘rinishda ifodalanadi: