oʻzining yashash joyi oʻzgarganligi haqida vasiylik va homiylik organini xabardor qilish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni tarbiyalashi, uning taʼminoti, sogʻligʻi, jismoniy, ruhiy, maʼnaviy va axloqiy kamoloti haqida gʻamxoʻrlik qilish, shuningdek uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olishi uchun sharoitlarni taʼminlash;
alimentlar, pensiyalar, nafaqalar hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ijtimoiy toʻlovlar toʻlashni talab qilish yuzasidan zarur choralar koʻrish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning oʻzlariga topshirilgan mol-mulkini asrab-avaylashi, mol-mulkning qiymati pasayishiga yoʻl qoʻymasligi hamda undan foyda chiqarishga imkon tugʻdirmaslik;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxslarning mulkiy huquqlariga daxl qiladigan harakatlarni amalga oshirishda vasiylik va homiylik organlarining ruxsatlarini olish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mol-mulkini boshqarishdan tushgan daromadlardan va boshqa mavjud mablagʻlaridan uning taʼminoti uchun foydalanish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning parvarish qilinishini, tibbiy kuzatuvini va davolash-profilaktika muassasalarida davolanishini taʼminlash;
vasiylik va homiylik organlariga oʻz majburiyatlarining bajarilishi haqida hisobotlar taqdim etish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxs statsionarda davolanish uchun joylashtirilganligi haqida vasiylik va homiylik organlarini xabardor qilish;
agar fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topishga yoki muomala layoqati cheklanganligiga doir asoslar bekor boʻlgan boʻlsa, oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni muomalaga layoqatli deb topish toʻgʻrisida sudga ariza bilan murojaat qilish;
oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxs bilan birga yashash
Homiyning oʻz homiyligidagi oʻn olti yoshga toʻlgan shaxsdan alohida yashashiga, basharti bu homiylikdagi shaxsning tarbiyasiga, taʼminotiga va taʼlim olishiga, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga salbiy taʼsir koʻrsatmasa, vasiylik va homiylik organlarining yozma ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi. Homiy oʻz homiyligidagi shaxsdan alohida yashagan taqdirda, uning yashash, taʼlim olish sharoitlarini nazorat qilishi, uni atrofdagilarning salbiy taʼsiridan himoya qilishi shart.
Oʻz homiyligidagi shaxs bilan birga yashayotgan homiyning yashash joyini oʻzgartirishi vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati va oʻn toʻrt yoshga toʻlgan voyaga yetmaganning roziligi bilan amalga oshiriladi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsning turar joyi mavjud boʻlmagan taqdirda, vasiy yoki homiy uy-joy toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq uni olish boʻyicha choralar koʻrishi shart.
Muomala layoqati cheklangan fuqarolarning homiylari ularni spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-idrok faoliyatiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarni isteʼmol etishdan, chekishdan himoya qilishga doir zarur chora-tadbirlarni koʻrishi shart.
Vasiylar va homiylarning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.