Joriy yilda jami 18 trillion so‘mlik 29 mingta loyiha amalga oshirilib, xizmatlar sohasi 20 foizga o‘sgan. Lekin, 5 ta tuman va shaharda o‘sish sur’ati kam bo‘lgan. Umuman, joylarda aholiga xizmat ko‘rsatish darajasi pastligicha qolmoqda.
Davlatimiz rahbari bu borada har bir hududga alohida yondashuv zarurligini ta’kidlab, aniq misollar keltirdi. Tuman va shaharlarning aholi soni, geografik joylashuvi, iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, 3 ta yo‘nalish belgilandi.
Birinchi yo‘nalish – xizmatlar sohasini 158 ta tumanda rivojlantirish.
Xususan, sayyohlik maskanlari bor 45 ta hamda tog‘li hududdagi 40 ta tumanda turizm xizmatlari ko‘paytiriladi.
Masalan, Shahrisabz tumanining Navro‘z, Miraki, Oqdaryo va Hisor qishloqlariga yiliga 500 mingga yaqin sayohatchilar keladi. Agar shu hududdagi 65 kilometr yo‘l ta’mirlanib, internet va mobil aloqa yaxshilansa, xizmatlar hajmi 3-4 barobar oshishi mumkin. Natijada mehmon uylari, savdo va ovqatlanish shoxobchalari ochilib, qo‘shimcha ish o‘rinlari paydo bo‘ladi.
21 ta tumanda 10 ming oila uchun “Yangi O‘zbekiston” massivlari, maktab, bog‘cha va tibbiyot maskanlari quriladi. Bu ham servis va savdoni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyat ekani ta’kidlandi.
Chegara oldida joylashgan 25 ta hamda xalqaro avtomagistral va temir yo‘l o‘tgan 100 ta tuman savdo va logistika xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashtiriladi. Shu bois mutasaddilarga yo‘l bo‘yi xizmatlarini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, qo‘shni davlatlar bilan chegara punktlari va ularga boradigan yo‘llarda servis infratuzilmasini tubdan yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Umuman, mazkur 158 ta tumanda xizmat ko‘rsatish sohasida 300 ming ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.
Ikkinchi yo‘nalishda 29 ta o‘rta va yirik shahar hamda aholisi 300 mingdan ko‘p 6 ta tumanda zamonaviy bozor xizmatlari rivojlantiriladi.