Mavzu; Yer taraqqiyotining umumiy xussusiyatlari
Yerning paydo bo‘lishi haqidagi hozirgi zamon nazariyalariga ko‘ra, Yer murakkab taraqqiyot bosqichlarini o‘z boshidan kechirgan. So‘nggi yillardagi ma’lumotlarda keltirilishicha, Yer taraqqiyotining astronomik, geologik, biologik va antropogen bosqichlarini ajratish mumkin.
Astronomik bosqich 5–4,6 mlrd yillar oralig‘ini o‘z ichiga oladi. Bundan 5 mlrd yil oldin koinotdagi disksimon gaz va chang massasining gravitatsion mexanik quyuqlashuvi oqibatida Quyosh sistemasidagi boshqa sayyoralar singari Yer ham sharsimon shaklga ega bo‘lgan. Yer tarkib topib borayotgan vaqtda radioaktiv elementlarning parchalanishi natijasida ajralib chiqadigan issiqlik hisobiga, uning ichki qismi asta-sekin qizib, moddalarning saralanishiga olib kelgan. Oqibatda Yerning turli qatlamlari hosil bo‘la boshlagan, vulqonlar harakatlanishi kuzatilgan.
Vulqon va tektonik harakatlarning boshlanish paytidan Yerning geologik bosqichi boshlangan. Yer po‘sti yuzlab million yillar davomida doimiy ravishda o‘zgarib turgan, materiklar goh shakllanib, goh parchalangan. Materiklar doimiy harakatda bo‘lgan va ba’zida birlashib yirik materiklarni hosil qilgan.
Yerda 3,8 mlrd yil avval hayot paydo bo‘lishi bilan Yer taraqqiyotining biologik bosqichi boshlangan. Yerda dastlabki odamlarning paydo bo‘lishi (3–1,5 mln yil) antropogen bosqichni boshlab bergan.
Yerning geologik taraqqiyot tarixi, uning rivojlanish davrlari va rivojlanish bosqichlariga ajratish bilan ko‘plab geologlar shug‘ullanganlar. Natijada geoxronologiya paydo bo‘lgan. Geoxronologiya (geologik yilnoma) – yer po‘stidagi tog‘ jinslarining hosil bo‘lish ketma-ketligi va yoshi haqidagi ta’limot.
Geoxronologiya mutlaq va nisbiy geoxronologiyaga bo‘linadi. Mutlaq geoxronologiyada Yerning yoshi yillar bilan ifodalanadi. Nisbiy geoxronologiyada esa, tog‘ jinslarining ketma-ket qatlamlanib joylanishiga asoslaniladi. Bunga ko‘ra, ustida yotgan qatlam (cho‘kindi jinslar qatlamlarining dastlabki holati buzilmaganda) ostidagidan yosh bo‘ladi.
Tog‘ jinslarining yoshini aniqlashda paleontologik metod ham ishlatiladi. Bu metod hayvon va o‘simliklarning tog‘ jinslaridagi toshqotgan qoldiqlarini o‘rganishga asoslangan. Har qaysi davr uchun o‘ziga xos hayvon va o‘simliklarning toshqotgan qoldiqlari mavjud.
Geologlar ko‘p yillik tadqiqotlar natijalarini umumlashtirib, yer po‘stida qat lamlar yo‘nalishining umumiy ketma-ketligini aniqlaganlar. Keyinchalik bu stratigrafi ya shkalasi nomini oldi. Stratigrafik shkala geoxronologiya shkalasini tuzish uchun asos hisoblanadi.
Geoxronologik shkala – geoxronologik bo‘limlarning iyerarxiya (quyi bo‘limlarning yuqori bo‘limlarga bosqichma-bosqich bo‘ysinish) tizimi. Shkalada eng yirik birlik supereon bo‘lib, ular 2 ta: tokembriy va fanerozoy. Tokembriy supereoni xades, arxey (yoki arxeozoy) va proterozoy eonlariga bo‘lingan, fanerozoy supereoni esa shu nomdagi bitta eondan iborat. Eonlar, o‘z navbatida, bir nechta eralarni birlashtiradi. Masalan, fanerozoy eoni paleozoy, mezozoy va kaynozoy eralariga ajratilgan. Eralar davrlarga, davrlar zamonlarga, zamonlar esa asrlarga bo‘lingan. Shkalaning yuqori qismi, ya’ni fanerozoy paleontologik metod asosida puxta tuzilgan, pastki qismi bo‘lgan tokembriy toshqotgan qoldiqlarning yaxshi saqlanmaganligi sababli paleontologik metod cheklangan bo‘lib, natijada bo‘limlarga unchalik mukammal ajratilmagan.
Stratigrafik va unga moslashgan geoxronologiya shkalasi 1881-yilda Italiyaning Bolonya shahrida ikkinchi xalqaro geologlar kongressida tasdiqlangan va o‘sha vaqtdan boshlab jahonda umumiy hisoblanadi. O‘tgan vaqt mobaynida paleontologik metodning takomillashishi natijasida olingan yangi ma’lumotlar asosida geoxronologiya shkalasiga aniqliklar kiritilib, o‘zgartirib borilmoqda. Shuning uchun turli yillarda nashr etilgan adabiyotlarda geoxronologiya jadvalida keltirilgan ma’lumotlar mos kelmaslik hollari uchraydi.
Yer geologik taraqqiyotining tokembriy supereoni 4 mlrd yil davom etgan. Bu bosqich Yer tarixining sayyora shaklini olgan kundan boshlanib, proterozoy, arxey va xades eonlarini qamrab oladi va bundan 541–570 mln yil oldin tugagan. Bu bosqichda tektonik harakatlar, magmatizm hodisalari, Yerni meteoritlar "yomg‘iri toshbo‘ron” qilishi kuchli ro‘y bergan. Atmosfera, asosan, azot, ammiak, karbonat angidridi, suv bug‘lari, metan, vodorod, inert gazlar, kislotalardan tashkil topgan. Ayrim olimlarning fikricha, dastlabki atmosfera kislorodsiz bo‘lgan. Yer po‘sti sovigandan (suvning qaynash haroratidan pastga tushganidan) so‘ng Yer yuzasining ma’lum pastqam joylarida kichik suv havzalari (ko‘llar va dengizlar) paydo bo‘ladi. Ular bir-biri bilan tutashib katta suv havzalarini hosil qilgan va ular okean deb atalgan. Bosqich oxirlarida tog‘ jinslarining nurashi va eroziya natijasida cho‘kindi jinslar to‘planishiga sharoit yuzaga kelgan. Olimlar litosfera, atmosfera va gidrosferalarning hosil bo‘lishida vulqonlar asosiy vazifani bajargan, deb hisoblaydilar.
Fanerozoy Yer geologik taraqqiyotidagi ikkinchi yirik supereon bo‘lib, davomiyligi 541 mln yil va hozirgacha davom etmoqda.
Dostları ilə paylaş: |