Magnit lentalari. Ma’lumki, axborot tashuvchi vositalar qatorida magnit
lentalaridan ham keng foydalaniladi. Magnit lentalari o‘tgan asrda ishlab chiqilgan
axborot saqlovchi qurilma bo‘lib, magnit yozuvlarini saqlovchi, yupqa egiluvchan
magnit qatlamli lentalardan iborat. Magnit lentasi, magnit tasma — sirtiga magnit
qatlami surtilgan yupqa lenta bo‘lib, tovush (nutq, musiqa)ni yozib olish va qayta
eshittirish uchun foydalaniladi. Magnit lentasining ishchi magnit qatlami temir
gamma-oksid, xrom (II) oksid va kobalt qo‘shilgan temir gamma-oksidning magnit
jihatdan qattiq kukunidan iborat bo‘ladi. Magnit lentasi asosi sifatida
polietilenteleftalat, polivinilxlorid, diasetat va triasetat plyonka ishlatiladi.
Kompakt-kasseta. Kompakt-kasseta (ingliz tilidan, Compact Cassette),
audiokasseta (ingliz tilidan, Music Cassette, MC) yoki shunchaki kasseta —
axborotni magnit lentasida tashuvchi qurilmadir. Birinchi navbatda, tovush,
nutqlarni, shuningdek, raqamli axborotni yozish va saqlashda keng qo‘llaniladi.
Yozuvlar kengligi 3,81 mm va qalinligi odatda, 9 dan 27 mkmgacha bo‘ladi, ikki
(mono) yoki to‘rt (stereo) yo‘lakchalariga ega magnit lentasiga yoziladi va
saqlanadi. Odatda, kassete lentasi harakat tezligi 4,76 sm/s.ni tashkil etgan.
Ko‘pgina ikki kassetali qurilmalarda tezlik 9,53 sm/s.ni, diktofonlarda esa 2,38
sm/s.ni tashkil etadi.
Dastlabki kompakt-kassetalar 1963-yilda Philips korporatsiyasi tomonidan
ishlab chiqarilgan. Kompakt-kassetalarning foydalanishda nisbatan arzon va qulay
va eng ommabop (o‘tgan asr 70-yillaridan 90-yillarining oxirigacha bo‘lgan davr
mobaynida) audiotashuvchi (axborot yozishda eng ommabop hisoblanadi), biroq
XXI asrda ular kompakt-disklar (jimladan, CD-R va CD-RW) bilan siqib
chiqarildi.
|