Zilzila, yer qimirlash — Yer poʻstida yoki mantiyaning yuqori qismida toʻsatdan siljish, sinish yoki oʻpirilish roʻy berishi oqibatida vujudga keladigan va toʻlqinsimon tebranishlar tarzida uzoqlarga tarqaladigan yer osti silkinishlari va tebranishlari. Sabablariga koʻra, tektonik, vulqoniy va oʻpirilish zilzilalariga boʻlinadi. Yer poʻstining xar xil chuqurligida tabiiy kuchlar taʼsirida sodir boʻladigan silkinishlar tektonik zilzilalar deyiladi. Ular yer qaʼridagi harakat va jarayonlarning mahsuli boʻlib, bu jarayonlarning kinetik quvvat tarzida birdan (1 min.da) sarflanishi oqibatidir. Vulqoniy va oʻpirilish zilzilalari tabiatda juda kam sodir boʻladi; ular kuchi jixatidan tektonik zilzilalarning eng kuchsizi bilan tenglashadi
Yer sharida sodir boʻladigan zilzilalar soni yil davomida bir necha yuz mingga yetishi mumkin. Shulardan aksariyat koʻpchilik qismi seysmograflargina sezadigan kuchsiz zilzilalar boʻlib, odamlar sezadiganlari bir necha mingga yetadi. Xalq xoʻjaligiga zarar yetkazadigan zilzilalar esa bir necha oʻndan bir necha yuztagacha boʻlishi mumkin. Bir yil davomida sodir boʻlgan hamma zilzilalar natijasida taxminan 0,510" J kinetik quvvat ajralib chiqadi. Bu quvvat miqdori juda katta boʻlishiga qaramay, Yer qaʼrida sodir boʻladigan jarayonlardan ajralib chiqadigan umumiy quvvatning 0,5% inigina tashkil etadi.
Zilzilalar yer sharining tektonik jihatdan eng faol boʻlgan togʻ tizmalari joylashgan hududlarda koʻproq boʻladi. Bu joylar geologik iborada yer yuzining belbogʻli (mintaqali) buzilish joylari deb yuritiladi. Yer sharining kuchli zilzilalar sodir boʻladigan mintaqalarini seysmik jihatdan faolligiga qarab ikkita asosiy hududga boʻlish mumkin; birinchisi, geografik kenglik yoʻnalishida Alp, Karpat, Kavkaz, Kopetdogʻ, Tyanshan, Pomir, Himolay, ikkinchisi, meridional yoʻnalishda — Tinch okeanining ikki qirgʻogʻi boʻyicha va qisman quruqlik mintaqasida joylashgan. Bunday seysmik faollashgan joylarga Janubiy Amerikadan Antarktidagacha, Yevropa va Osiyo qitʼasining shimoliy qismi, Markaziy va Gʻarbiy Afrika, Avstraliya va b. hududlar kiradi. Demak, Markaziy Osiyo uning seysmik jihatdan faol boʻlgan Kopetdogʻ, Tyanshan, Pomir togʻlari tufayli seysmik faol mintaqaga kiradi.