8-modda. Banklarning mustaqilligi Banklar moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilishda mustaqildir.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga banklar faoliyatiga, shu jumladan banklarning kredit portfelini va aktivlarini shakllantirish bilan bog‘liq tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarishga, banklarning rahbar xodimlarini tayinlashga aralashish, shuningdek bankning mablag‘lari hisobidan turli xil to‘lovlar va badallar talab qilish taqiqlanadi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
9-modda. Davlat va banklar majburiyatlarining chegaralab qo‘yilishi Banklar davlatning majburiyatlari bo‘yicha, davlat esa banklarning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, bundan banklarning yoki davlatning o‘zi bunday majburiyatlarni zimmasiga olish hollari mustasno.
10-modda. Banklarning uyushmalari Oldingi tahrirga qarang. Banklar, agar qonunchilikning talablariga zid kelmasa, o‘zining umumiy manfaatlarini himoya qilish hamda birgalikdagi dasturlarni amalga oshirish maqsadida uyushmalar va boshqa birlashmalar tuzishi mumkin.
(10-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Banklarning uyushmalari axborot almashish va bank faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa masalalarni birgalikda hal qilishga doir tashkilotlarni tashkil etishi mumkin.
Banklarning uyushmalari vakolatli davlat organi tomonidan ro‘yxatga olinganidan yoki tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan keyin Markaziy bankni bu haqda o‘n kunlik muddatda xabardor etadi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 21 — 27-moddalari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.