Turkiston podsho Rossiyasi tomonidan bosib olingach, rus olimlari tomonidan mahalliy xalqlar tarixi, etnografiyasi, arxeologiyasini o‘rganishga oid dastlabki ilmiy ishlar yaratildi. Turkistonda muzey ochildi, kutubxona ish boshladi. Bu davrda O‘rta Osiyo tarixi, etnografiyasi, iqtisodi, botanikasi, arxeologiyasi va madaniyatiga oid noyob bibliografik asar – “Turkiston to‘plami” (594 jildan iborat) hamda “Turkiston albomi” yaratildi. Rus va o‘zbek tillarida gazetalar (“Turkestanskie vedomosti”, “Turkiston viloyatining gazeti” va boshqalar) hamda jurnallar chop etildi. Maorif sohasi ham rivojlandi. Ammo bu sohadagi har qanday o‘zgarishlar Rossiya imperiyasi mustamlakachilik manfaatlariga bo‘ysundirilgan edi.
Mustamlakachilar madaniyat sohasida ruslashtirish siyosatini yurgizdilar. Bu avvalo maorif tizimi-maktab va madrasalardan boshlandi. O‘lkada “rus-tuzem” maktablari ochila boshlandi. Dastlabki “rus-tuzem” maktabi 1884-yil 19-dekabrda Toshkentda ochildi. XIX asr oxirida ularning soni yuzdan oshib ketdi. 1917-yilning boshlarida esa, 170 taga yetgan edi. Bunday maktablarda o‘quv jarayoni ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda 2 soatlik mashg‘ulotni rus o‘qituvchisi (o‘quv, yozuv, hisob bo‘yicha), ikkinchi qismda esa, saboqni o‘zbek muallimi olib borgan. Uni ochishdan asosiy maqsad – mustamlaka ma’muriyati uchun tarjimon (tilmoch)lar tayyorlash edi. Rus-tuzem maktablariuchun S. M. Grameniskiyning 3 qismdan iborat ruscha kitoblari, Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval” (1902), Ali Asqar Kalininning “Muallimi soniy” (1903) darsliklari nashr etildi.2 Mahalliy aholi turmushiga ma’naviy – ruhiy tazyiq o‘tkazish dasturida o‘lka xotin-qizlarini va oilalarni ruscha hayot tarziga o‘rgatish alohida o‘rin egallagan. Buning uchun o‘lkada xotin-qizlar ambulatoriyalari ko‘paytiriladi.
XIX asr oxiriga kelib jahonning bir qancha mamlakatlarida hayot tarzining yuksakligi, ijtimoiy tartibotlarning inson tabiatiga muvofiqligi, ilm-fan taraqqiyotining yuqoriligi turkistonlik ziyolilarni ham sergaklantirdi. Ta’lim tizimini yaxshilash, uning samaradorligini ko‘tarish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Dastlab, 1884-yilda Qrimning Boqchasaroy shahrida Ismoilbek Gaspirali tomonidan birinchi jadid maktabi tashkil etildi. Musulmoncha ta’lim tizimining mohiyatiga dahl qilmagan holda ta’limning mazmunini boyitish, chuqurlashtirish va uni dunyoviy ruh bilan sug‘orish, yoshlarni tezkor sur’atlar bilan hayotga tayyorlash, ularni zamonaviy ilm-fanni qiynalmay o‘zlashtira olish darajasiga yetkazish jadid maktablarining oldidagi asosiy vazifa edi.
Turkiston o‘lkasida ham jadid maktablari ochildi. Ushbu maktablar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Hamza, Isoqxon Ibrat, Saidrasul Saidazizov, Saidahmad Siddiqiy va boshqa jadidchilik namoyandalarining tuzgan darslik va o‘quv qo‘llanmalari saviyasi jihatidan eng zamonaviy pedagogik asarlar darajasida edi. Podsho ma’muriyati bunday maktablar milliy madaniyatning o‘sishiga yordam berishidan cho‘chib, ular faoliyatini bo‘g‘ish uchun turli choralar ko‘rdi.