2.2. Yalpi ichki maxsulot tushunchasi va uni hisoblash usullari Makroiqtisodiy statistika va tahlilda uzoq davr mobaynida yalpi milliy mahsulot va yalpi ichki mahsulot ko’rsatkichlaridan baravar foydalanib kelindi. Har ikkala agregat ko’rsatkich ham mamlakatdagi iqtisodiy faollik darajasini xarakterlasada kapital va ishchi kuchi migrasiyasi mavjudligi sababli ular o’zaro farq qilishadi.
Bugungi kunga kelib Milliy hisobchilik tizimini qo’llaydigan deyarli barcha davlatlarda yalpi ichki maxsulot ko’rsatkichi asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkich sifatida tan olindi.
Ko’pgina iqtisodiy adabiyotlarda [YaIMga ishlab chiqarilishida qo’llanilgan resurslar qaysi davlatga tegishliligidan qat’iy nazar, mamlakatning jug'rofiy hududida yaratilgan pirovard tovarlar va xizmatlarning bozor baholari yigindisi] deb ta’rif berib kelingan.
1993 yilda qabul qilingan BMT MXTning yangi talqiniga ko’ra Yalpi ichki mahsulot (YaIM) tushunchasiga aniqliklar kiritildi.
Yangicha talqiniga ko’ra:
YaIM - mamlakat rezidentlari tomonidan ma’lum muddat davomida ishlab chiqarilgan pirovard tovarlar va xizmatlar bozor baholarininng umumiy yig'indisidan iborat.
YaIM ning «ichki’ deb atalishiga sabab uning mamlakat rezidentlari tomonidan yaratilishidir. Rezident faqatgina mamlakatning yuridik va jismoniy shaxslari tushunilmaydi. Chunki mamlakat yuridik shaxsi boshqa mamlakat hududida bir yildan ortiq faoliyat yuritsa o’sha mamlakat rezidenti deb qaraladi.
Milliy tegishliligi va fuqaroliligidan qat’iy nazar, mazkur mamlakatning iqtisodiy hududida iqtisodiy manfaat markaziga ega bo’lgan (ishlab chiqarish faoliyati bilan shugullanadigan, yoki mamlakat hududida bir yildan ortik yashayotgan) barcha iqtisodiy birliklar( korxonalar, uy xo’jaliklari) rezident hisoblanishadi.
Elchixonalar va harbiy bazalar o’zlari tegishli bo’lgan mamlakatlarning iqtisodiy makoni bo’lib qolaveradilar. Aynan shu jihat YaIMni hisoblashda iqtisodiy va jug'rofiy hudud o’rtasidagi farq deb qaraladi.
YaIM uch xil usul bilan hisoblanadi:
1) ishlab chiqarish usuli;
2) xarajatlar usuli;
3) daromadlar usuli.
Har uchala usul bilan hisoblangan YaIM ko’rsatkichi hajmi statistik xatolar istisno etilganda o’zaro teng bo’lishi lozim. Shu bilan birga har uchala usul bilan YaIM ko’rsatkichni hisoblashda o’ziga xos talablarga amal qilinishi talab etiladi.