Kapital zahirasi(k) investisiyalar hajmi kapitalning chiqib ketishi hajmiga teng bo’lguniga qadar, ya’ni s·f(k)=dk shart bajarilguniga qadar oshib boraveradi. Shundan so’ng bitta ish bilan band xodimga to’g’ri keladigan kapital zahirasi ( fond bilan qurollanganlik) o’zgarmaydi (Δk=0).
Investistiyalar hajmi kapitalning chiqib ketishi hajmiga teng bo’lgan sharoitdagi kapital zahirasi darajasi fond bilan qurollanganlikning muvozanatli (barqaror) darajasi deyiladi va k* deb belgilanadi. k* ga erishilganda iqtisodiyot uzoq muddatli muvozanat holatida bo’ladi.
Muvozanat barqaror bo’lishiga sabab k ning dastlabkit miqdori qandayligidan qat’iy nazar iqtisodiyot muvozanat holatiga, ya’ni k* ga intiladi. Agar k ning boshlang’ich miqdori k* dan kam bo’lsa, yalpi investisiyalar (sf(k)) chiqib ketish miqdori ( dk) dan ko’p bo’ladi va kapital zahirasi sof investisiyalar miqdoriga ko’payib boradi. Aksincha k2 > k bo’lsa, investitsiyalar amortizasiyadan kamligini anglatadi. Bu holda kapital zahirasi muvozanatli darajaga qadar kamayib boradi ( 11.2.-chizma).
Solou modeli jamg’arish normasi kapital bilan qurollanganlikning barqaror darajasiga erishishning o’ta muhim omili ekanligini ko’rsatadi.
Jamg’arish normasining o’sishi investisiyalar hajmining oshishini keltirib chiqaradi. Bu esa asosiy kapital miqdorining ortishiga, o’z navbatida kapital bilan qurollanganlik darajasining (k) ko’tarilishi orqali , pirovard natijaga, ya’ni esa ishlab chiqarish hajmining (Y) ko’payishiga olib keladi.
Shunday qilib, jamg’arish normasining oshishi barqaror muvozanat sharoitida yuqoriroq ishlab chiqarish va kapital zahirasi darajasiga erishish imkonini beradi. Solou modelini keyingi rivojlantirilishida navbat bilan ikki shart olib tashlanadi: aholi soni va uning ish bilan band qismi sonining o’zgarmasligi hamda texnik taraqqiyotning mavjud emasligi.
Aholi doimiy (n) sur’at bilan o’sadi deb tasavvur qilamiz. Ishchilar sonining ko’payishi boshqa teng sharoitlarda mehnatning kapital bilan qurollanishi darajasining qisqarishiga olib kelishi mumkin. Natijada, bir ishchiga to’g’ri keladigan kapital zahirasi o’zgarishini ko’rsatuvchi tenglama quyidagi ko’rinishga ega bo’ladi:
Δk=I-dk-nk yoki Δk=I-(d+n)k
Mehnatning kapital bilan qurolanganligi pasayishi tufayli uni oldingi darajada saqlab turish uchun investisiyalarning kapital chiqib ketishini qoplaydigan hajmi zarur. Kapital jamg’arish normasi yuqori bo’lmasa kapitalning chiqib ketishi, aholi sonining o’sishi tufayli kapital bilan qurollanganlik darajasi o’zgarmasdan qolishi yoki pasayib ketishi mumkin.
Matematik jihatdan o’zgarmas kapital bilan qurolanganlik sharoitidagi iqtisodiyotda barqaror muvozanat sharti quyidagi ko’rinishga ega bo’ladi:
Δk=sf(k)-(d+n) k=0 yoki sf(k)=(d+n) k
Tenglamadagi (d+n)k investitsiyalarning kritik kattaligini xarakterlaydi. Ya’ni bir ishchiga to’g’ri keladigan kapitalni doimiy o’zgarmas darajada saqlab turadigan hajmini ifodalaydi.
Aholi o’sishining hisobga olgan holda R. Solou modelini grafik jihatdan ifodalash uchun mehnatning kapital bilan qurollanganligi barqaror darajasini (k*) deb belgilaymiz. Aniqlaganimizdek, agar bir ishchiga to’g’ri keladigan kapital (k=const) bo’lsa iqtisodiyot muvozanat holatida bo’ladi. Agar k11) k* ga qadar o’sadi. Agar k2>k*, unda investisiyalar ularning kritik darajasidan past va (k2) k* ga qadar pasayadi.
Model iqtisodiyot barqaror holatda bo’lishi uchun investitsiyalar sf(k) kapital chiqib ketishi va aholining o’sishi (d+n)k oqibatlarini qoplashi kerakligini ko’rsatadi. B holda kapital bilan qurollanganlik (k) va mehnat unumdorligi (y) o’zgarmay qoladi. Lekin aholi o’sishida kapitalning doimiyligi kapital ham aholiga mos sur’atda o’sishi kerakligini anglatadi: ya’ni:
ΔY/Y=ΔL/L=ΔΚ/K=n
Bundan quyidagi xulosa kelib chiqadi: aholining o’sishi – iqtisoiyotning barqarorlik holati sharoitidagi uzluksiz iqtisodiy o’sishning sabablaridan biri.
Biroq agar aholining o’sishi investitsiyaning oshishi bilan birga bormasa, unda bu bir ishchiga tug’ri keladigan kapital zahirasining kamayishiga olib keladi.Aholining n dan n1 ga o’sishi (d+n)k chizig’ini yuqoriga (d+n1)k holatiga siljitadi. Bu esa kapital bilan qurollanganlikni k* dan k1* gacha qisqartiradi. Shunday qilib, R.Solou modeli aholi o’sishining yuqori sur’atlarga ega bo’lgan davlatlarda kapital bilan qurollanganlik past – demakki, daromadlar ham past bo’lishini tushuntirib beradi.
R.Soluning fikriga ko’ra , barqaror muvozanat sharoitida kapital, mehnat va milliy daromad darajasi bir xil, aholi soni o’sishiga teng sur’atda o’sib boradi. Aholi sonining tez o’sishi iqtisodiyotning o’sish sur’atlari jadallashishiga ta’sir etadi, ammo barqaror muvozanat holatida aholi jon boshiga mahsulot ishlab chiqarish kamayadi. O’z navbatida, jamg’arish normasining oshirilishi aholi jon boshiga to’g’ri keladigan daromad miqdorini oshiradi va kapital bilan qurollanganlik koeffitsentini ko’tarilishiga olib keladi, lekin barqaror holatdagi o’sish sur’atiga ta’sir ko’rsatmaydi.
J.Midning iqtisodiy o’sish modeli ham neoklassik asoslarga ega. U iqtisodiy o’sishni chekli unumdorlik qonuni qo’llaniladigan marjinalistik yondoshuvlar bilan tushuntiradi. O’z konsepsiyasini J. Mid “Iqtisodiy o’sishning neoklassik nazariyasi” (1961 y.) kitobida bayon etdi. Kobb-Duglas funksiyasining zamonaviylashtirilgan variantidan foydalanib, J Mid barqaror dinamik muvozanat imkoniyati tenglamasini keltirib chiqardi.
Y =αk+βL+r
Bu yerda Y-milliy daromadning o’rtacha yillik o’sish surati: k- kapitalning o’rtacha yillik o’sish sur’ati; L- mehnatning o’rtacha yillik o’sish sur’ati; α- milliy daromadda kapitalning ulushi;β- milliy daromadda mehnatning ulushi; r- texnik taraqqiyot sur’ati.
Tenglama, milliy daromadning o’sish sur’ati milliy daromadda ega bo’lgan ulushi bo’yicha mehnat va kapital o’sish sur’atlarining yig’indisiga texnik taraqqiyot sur’ati qo’shilishidan paydo bo’lgan miqdorga teng bo’lishini ko’rsatadi. Mehnat va texnik taraqqiyot o’sish sur’atlarini doimiy deb taxmin qilib J. Mid quyidagi xulosaga keldi; iqtisodiy o’sishning barqaror sur’ati kapital o’sishning barqaror sur’atlari va uning milliy daromad o’sish sur’atlari bilan tengligi sharoitida erishiladi. Agar kapitalning o’sish sur’atlari milliy daromadning o’sish sur’atlaridan oshsa, unda bu jamg’arish sur’atlarining o’z-o’zidan pasayishiga olib keladi.
Bunday bog’liqlik J.Midning jamg’arishning milliy daromaddagi ulushi doimiy deb shart kiritganligining natijasidir. Shu sababli kapital jamg’arishning (investitsiyalarning) yuqoriroq sur’atlarini moliyalashtirish uchun zarur bo’lgan jamg’armalarning qo’shimcha o’sishi birichisidan orqada qoladi va unga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Agar kapitalning o’sish sur’ati milliy daromadning o’sish sur’atidan orqada qolsa teskari holat ro’y beradi.
Mehnat unumdorligi o’sish sur’atlarining dinamik muvozanatga ta’sirini ko’rib chiqib J. Mid agar ular kapital jamg’arish sur’atidan oshsa unda chekli mehnat unumdorligining pasayishi natijasida mehnatning kapital bilan almashtirilishi hosil bo’ladi degan xulosaga keldi. Ishlab chiqarish jarayonida ularning yangi nisbati esa mehnatning ham, kapitalning ham to’liq bandligini ta’minlaydi. Shu bilan birga J. Mid real holatda mehnatning va kapital jamg’arilishining o’sish sur’atlari o’rtasida muvofiqlikka amal qilish zarurligiga e’tibor qaratgan. Aks holda, agar mehnatning o’sishi shunga muvofiq kapital oshishi bilan birga bormasa ishlab chiqarishning o’sishi ro’y bermaydi, chunki ishchi kuchining o’sishi ortiqcha bo’lib ishsizlik vujudga keladi. Agar kapital mehnat unumdoligini o’sish sur’atlaridan tezroq o’ssa, unda ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlari hosil bo’ladi. Biroq bu holda ham dinamik muvozanatga erishish usullari mavjud. J. Mid bozorlarning neoklassik nazariyasiga asoslanib ularni ko’rsatadi.
Bunda, mehnat bozorida ishsizlikning vujudga kelishi raqobatni kuchaytiradi, bu esa o’z navbatida ish haqi stavkalarining pasayishiga va kapitalning foydaliligining o’sishiga olib keladi. Natijada jamg’arish sur’atlari oshadi va ishchi kuchining o’sish sur’atlari bilan tenglashadi. J. Mid modelida davlat pul-kredit siyosatidan foydalangan holda faqatgina bilvosita barqarorlashtiruvchi rolini bajarishi kerak. Faqat shugina daromadlar va jamg’armalarni qayta taqsimlashning, resurslarning zarur bandligi va barqaror iqtisodiy o’sishni ta’minlaydigan, samarali mexanizmini yaratish imkonini beradi.
A. Lyuis o’z modelida ishchi kuchi zahirasi (rezerv) ni iqtisodiy o’sishning asosi sifatida ko’rib chiqadi. Shuning uchun uning fikricha, bu model “aholi zichligi yuqori, kapital taqchil, tabiiy resurslar esa cheklangan” davlatlar uchun qo’l keladi. Bunday mamlakatlarga A. Lyuis Hindiston, Pokiston, Misr va boshqalarni kiritadi.
A. Lyuis o’z konsepsiyasida erkin bozor g’oyasiga asoslanganligi tufayli, tahlil markaziga tadbirkor shaxsini qo’yadi. U bozorda mavjud ishlab chiqarish omillaridan, ya’ni mehnat, yer va kapitaldan foydalanish xususida qarorlar qabul qiladi, Model iqtisodiyotning ikki sektori: agrar va sanoat sektorlarini hisobga olgan holda quriladi. Agrar sektorda mehnat resurslarining taklifi cheklanmagan, mehnat unumdoligi juda past, chekli mahsulot esa nolga teng deb taxmin qilinadi. Bu esa qishloq xo’jaligidan ishchi kuchining “olinishi” ishlab chiqarish qisqarishiga olib kelmasligini anglatadi. Qishloq xo’jaligida ishchilarning ish haqi yashash minimumi darajasida bo’lgani sababli, bu ishchi kuchidan sanoatda foydalanish hech qanday muammo tug’dirmaydi. Bu sektordagi mehnat unumdoligi agrar sektordagidan ancha yuqori.
Shunday qilib, A. Lyuis modelining vazifasi mehnat resurslarining bir qismini qishloq xo’jaligidan sanoatga qayta taqsimlash va bu bilan iqtisodiy o’sish sur’atining tezlanishiga erishish hisoblanadi. Bu jarayonda asosiy mexanizm bo’lib tarmoqlararo bozor xizmat qiladi.
Sanoat ishlab chiqarish mashtablarini kengaytirib, o’z ishchilarining daromadlari o’sishini ta’minlaydi, bu esa ichki talabni oshishiga ko’maklashadi. Bunda tadbirkorlar o’sib borayotgan daromadlarni ishlab chiqarishni kengaytirishga yo’naltiradilar. Bu daromadlar keyinchalik iqtisodiy o’sishga dinamik ta’sir ko’rsatadi.
Iqtisodiy o’sishning o’zini A. Lyuis ikki turga ajratadi: sanoatda uning manbai bo’lib qo’shimcha ishchi kuchidan foydalanish hisoblanadi (ekstensiv tur), qishloq xo’jaligida esa chekli mehnat unumdorligining oshishi (intensiv tur). Iqtisodiy o’sishning bu ikki turi investitsiyalashning ikki turli xil funksiyalariga muvofiq keladi. Sanoatda gap asosan kapitalni kengaytirish ustida boradi. Shuning uchun investitsiyalarning berilgan funksiyasi yakuniy sanoat mahsulotiga talabga bog’liq bo’ladi. Uning o’sishi daromadlar oshishi va investisiyalar kengayishini rag’batlantiradi. Qishloq xo’jaligida, aksincha, investitsiyalar daromadlarning qisqarishiga bog’liq holda kengayadi: ish haqiga xarajatlarning ko’payishi fermerlarni qo’l mehnatini mashina mehnati bilan almashtirishga majbur qiladi.
O’z modelini rivojlanayotgan mamlakatlar uchun ishlab chiqib A. Lyuis uni industrial bosqichni o’tgan g’arbiy mamlakatlar uchun to’g’ri kelmaydi, deb hisoblagan. Boshqa mualliflar esa, aksincha, uni rivojlangan iqtisodiyot sharoitlari uchun maqbul deb hisoblashadi. Sh. Kindlberger o’z tahlilida ko’rsatganidek iqtisodiy o’sishning mehnat va kapital bilan bog’liqligining eng yaxshi namunasi bo’lib GFR, Italiya, Shveysariya, va Niderlandiya hisoblanadi. Buyuk Britaniya, Belgiya, Shvesiya, Norvegiya va Daniya kabi mamlakatlar ham A. Lyuis modelini teskari bog’liqlikda bo’lsada, tasdiqlashdi: bu mamlakatlarda iqtisodiy o’sishning past sur’atlari mehnat resurslari va ishlab chiqarish quvvatlaridan cheklangan holda foydalanish bilan bog’liq edi. Yana bir guruhni sezilarli ishchi kuchi ortiqchaligini boshidan kechirgan mamlakatlar tashkil etadi (Ispaniya, Portugaliya, Gresiya, Yugoslaviya, Turkiya). Ularning iqtisodiy o’sishi ham Sh. Kindlberger fikricha A. Lyuis modeliga to’g’ri keladi. Bu mamlakatlar nafaqat o’z sanoatini balki boshqa yevropa davlatlari sanoatini ham ishchi kuchi bilan ta’minlar edi va butun qit’a uchun o’ziga xos mehnat zahirasi fondi vazifasini bajargan edi.