37
Men yoshlikman
* * *
Yo‘llarimda U yoqqan fonus,
Yuragimda alvon atirgul.
Yor deb yonsam, yig‘lasa qaqnus,
Mendan ishqni o‘rgansa bulbul.
Bu qurmag‘ur devona ko‘ngul,
Samolardan axtarar sarhad.
Chap ko‘ksimda alvon atirgul —
Shirin qiynoq, she’r atalmish dard.
Qarshi chiqmam dunyoi dunga,
Qizil gulga to‘lmoqda bag‘rim.
Xazon fasli kelmaydi bunga,
Axir o‘zing borsan-ku, Tangrim.
Qo‘llarimdan tutib olib yur,
O‘zing yorug‘ qilgan yo‘llarga.
Yana… tez-tez nur yuborib tur
Ko‘ksimdagi atirgullarga!
www.ziyouz.com kutubxonasi
38
Mehrinoz Abbosova
* * *
Xazonlar ichinda turibman karaxt,
Hislarim kelishmas, so‘zlarim to‘mtoq.
Hovlimizda o‘sgan, ey, sershox daraxt,
Ikkimiznikidir shu ona tuproq.
She’rlarimning ta’mi shirinmas, taxir,
Lek dardim tinglaysan kecha-yu kunduz.
Sen menga vatandosh, tuproqdosh axir,
Ikkimiznikidir shu chuqur ildiz.
Ko‘rsam shoxlaringda gullarning rangin,
Gul bolalik kelar xotirlarimga.
Ikkalamizni ham o‘stirdi zamin,
Tomirlaring tutash tomirlarimga.
Bu o‘xshashlik o‘yga toldirdi meni,
Shu ona tuproqsiz senu men sag‘ir.
Ko‘zyoshlarim bilan sug‘oray seni,
Sen menga tuproqdosh, vatandosh, axir.
Xazonzor ichinda turibman sokin,
Xayolim nogohon shamoldek yeldi.
Bu buyuk Vatanni yozishdan oldin,
Daraxtlar haqida kuylagim keldi.
www.ziyouz.com kutubxonasi