MENING KONSTITUTSIYAM 31 YOSHDA Joriy yil 8 dekabrda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi keng bayram qilinadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 16 noyabrda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishida ta’kidlaganidek, “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi”[1]. Haqiqatan ham, 2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida xalqimiz o‘zining siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilgani beqiyos ahamiyatga ega. Binobarin, bundan 31 yil avval mustaqil davlatimizning ilk Asosiy qonuni qabul qilingan kun – 8 dekabrni umumxalq bayrami sifatida nishonlash an’anasi izchil davom etayotgani ham alohida e’tiborga loyiqdir.
Bu yilgi Konstitutsiya kuni tantanalari bir qator ulkan ijtimoiy-siyosiy voqealar bilan uzviylikda nishonlanmoqda. Xususan:
9 iyulda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazildi va 14 iyulda qayta saylangan Prezident Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi;
joylarda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etilmoqda.
Bularning barchasi qutlug‘ bayramimiz shukuhini yanada oshiradi. Chunki referendum bilan saylov, Konstitutsiya bilan Deklaratsiya – Vatanimiz istiqloli, xalqimiz mustaqilligining tom ma’nodagi timsollari sifatida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim demokratik hamda huquqiy vositalardir.
Bosh Qomusimizning 19-moddasi quyidagi birinchi band bilan to‘ldirildi:
«O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi». Konstitutsiyamizning 23-moddasi ham yangi normalar hisobiga boyitildi:
«O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi». Mazkur konstitutsiyaviy normalarda, bir tomondan, O‘zbekiston davlati va xalqining mustaqilligi, suvereniteti, egamenligiga asosli ravishda urg‘u berilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yanada mustahkam kafolatlash nazarda tutilgan.
Muxtasar aytganda, istiqlol yillarida jonajon Vatanimiz qanday suronli davrlarni boshidan kechirgan, mehnatkash xalqimiz qanday salmoqdor yutuqlarga erishgan bo‘lsa – bularning barchasida, bir tomondan, mustaqillik ruhi va bunyodkorlik g‘oyasi, ikkinchi tomondan, insonparvarlik mohiyatiga yo‘g‘rilgan Konstitutsiyamiz bizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lib kelmoqda.