O’ZBEKISTONDA BOZOR MUNOSABATLARINING SHAKILLANISHI.
Reja; 1.O’zbekistonda bozor munosabatlarining shakllantirilishi. 2.O’zbekistonda itimoiy barqarorlikning ta’minlanishi. 3. Iqtisodiy taraqqiyot. Tayanch so’z va iboralar: Iqtisodiy islohotlar. Strategik maqsadlar. Taraqqiyotning “O’zbek modeli”. Xususiylashtirish. Kichik va o’rta biznes. Agrar islohotlar. Bozor infratuzilmasi. Mashinasozlik sanoati. Yoqilg’i mustaqilligi. G’alla mustaqilligi. Ma’naviy islohotlar. Ma’naviy merosning tiklanishi. Diniy qatriyatlar. Madaniyat ravnaqi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi. Milliy istiqlol g’oyasi.
1. O’zbekiston qaramlik davrida o’z tabiiy boyliklariga, yer-suv, o’rmon va boshqa resurslariga o’zi egalik qila olmasdi, iqtisodiy taraqqiyot yo’lini o’zi belgilay olmasdi. Respublika hududida qurilgan va faoliyat ko’rsatayotgan korxonalar markazga, uning manfaatlariga bo’ysundirilgan edi. O’zbekiston rahbariyati, xalqi o’z hududida qancha mahsulot ishlab chiqarilayotgani, ular qayerda realizatsiya qilinayotgani va qancha daromad keltirayotganidan bexabar edi. Moliya-kredit, bank siyosati yuritishda qaram edi, o’zining milliy valyutasiga, valyuta jamg’armasiga ega emasdi. Aholi turmush darajasi jihatidan noChorlik, sobiq Ittifoq miqyosida eng oxirgi o’rinlardan biri meros bo’lib qolgan edi. Rossiya, Ukraina va Belorussiyadan farqli o’laroq, O’zbekiston aholisining deyarlik uchdan ikki qismi qo’l uchida tirikchilik qilardi. Eski mustabid tuzumdan o’tkir ijtimoiy, ekologik muammolar meros bo’lib qolgan edi. Mamlakatimiz aholisi yerning nihoyat darajada sho’rlanishi, havo bo’shlig’i va suv zahiralarining ifloslanganligi, radioaktiv ifloslanish, Orol dengizining qurib borishi oqibatida juda katta ekologik xavfga duch kelib qolgan edi. «Bugun o’sha davr to’g’risidagi haqiqatni xolisona aytadigan bo’lsak, u zamondagi hayotimizni jahon tarixi va amaliyoti bilan taqqoslaydigan bo’lsak, shuni ochiq aytish kerakki, u paytda O’zbekiston bir yoqlama iqtisodiyotga-markazga butunlay qaram, izdan chiqqan iqtisodiyotga ega bo’lgan yarim mustamlaka mamlakat qatoriga aylangan edi». (Karimov I.A. O’zbekiston XXI asrga intilmoqda. -T.: O’zbekiston, 1999, 6-bet.) Mustaqillik xalqimizni iqtisodiy zulum, mutelikdan ozod etdi, o’z yeri, yer osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi va boshqa tabiiy zahiralariga to’la egalik qilish huquqini berdi. Barcha mulk, korxonalar O’zbekiston tasarrufiga olindi, mustaqil iqtisodiy siyosat yuritish, o’z iqtisodiy taraqqiyot yo’lini o’zi belgilash erkinligi qo’lga kiritildi. Davlat mustaqilligi qo’lga kiritilgach, O’zbekiston umumbashariy, jahon sivilizatsiyasining katta yo’liga tushib oldi. O’zbekiston bozor munosabatlarini shakllantirishni, milliy an’analarga asoslangan o’z yo’lini tanlab oldi. O’zbekistonda bozor munosabatlariga o’tishning o’ziga xos yo’li ishlab chiqildi. Bu yo’lning asosiy qoidalari Prezident Islom Karimovning «O’zbekiston-bozor munosabatlariga o’tishning o’ziga xos yo’li» nomli asarida, ma’ruza va nutqlarida asoslab berildi (besh tamoyil). Bu yo’lga, birinchidan, xalqaro tajriba asos qilib olindi. Ikkinchidan, xo’jalik imkoniyatlari, shart-sharoitlari, eski tuzumdan meros bo’lib qolgan muammolar hisobga olindi. O’zbekistonda ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyotini shaklllantirish uchun iqtisodiyotni tubdan isloh qilishga kirishildi. Avvalo, iqtisodiy islohotlarning qo’yidagi strategik maqsadlari belgilab olindi: - kishilar hayoti va faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydigan iqtisodiy tizimni barpo etish; - ko’p ukladli iqtisodiyotni yaratish; - xususiy mulkning davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlash; - korxonalar va fuqarolarga keng iqtisodiy erkinliklar berish; - iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o’zgarishlar qilish va raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish; - jahon iqtisodiy tizimiga qo’shilib borish; - kishilarda yangicha iqtisodiy fikrlashni shakllantirish.
Islohotlarning huquqiy asoslari. Iqtisodiy islohotni amalga oshirishning asosiy omillaridan biri bozor iqtisodiyotining huquqiy negizini yaratishdan iboratdir. Shu boisdan islohotlarning huquqiy asoslarini yaratishga alohida e’tibor berildi. Iqtisodiy sohaga tegishli bo’lgan 100 dan ortiq qonunlar qabul qilindi. Bu qonunlarni mazmun-mohiyati jihatidan bir qator yo’nalishlarga bo’lish mumkin. 1. Mulkchilik munosabatlari va ko’p ukladli iqtisodiyotni shakllantiruvchi qonunlar. Bu yo’nalish doirasida mulkchilik to’g’risida, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to’g’risida, ijara to’g’risida, davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to’g’risida va boshqa qonunlar qabul qilindi. 2. Xo’jalik yuritishni tartibga soluvchi qonunlar, ya’ni xususiylashtirish, mulkchilik, tadbirkorlik, korxonalar, fermer xo’jaligi, dehqon xo’jaligi, shirkat xo’jaligi to’g’risida qonunlar qabul qilindi. Bozor infratuzilmasini yaratuvchi va uning faoliyatini tartibga solib turuvchi banklar va bank faoliyati, pul tizimi, tadbirkorlik, sug’urta, birjalar va birja faoliyati to’g’risida, qimmatli qog’ozlar va fond birjasi to’g’risida va boshqa qonunlar qabul qilindi. Korxona bilan davlat o’rtasidagi, korxonalar o’rtasidagi munosabatlarni yo’lga qo’yuvchi, soliq tizimi, monopolistik faoliyatni cheklash, korxonalarning bankrot bo’lishi haqida qonunlar qabul qilindi, xo’jalik protsessual kodeksi ishlab chiqildi, xo’jalik sudi tuzildi. 3. O’zbekistonning tashqi iqtisodiy faoliyatini belgilab beruvchi huquqiy normalar yaratildi. Tashqi iqtisodiy faoliyat to’g’risida, Chet el investitsiyalari to’g’risida, O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to’g’risida qabul qilingan qonunlar mamlakatimiz tashqi aloqalarining rivojlanishi tarixida yangi sahifa ochdi. 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to’g’risidagi qonunga muvofiq, davlat mol-mulkni xususiylashtirish masalalari bo’yicha 20 dan ortiq maxsus dasturlar ishlab chiqildi va ularni amalga oshirishga davlat boshchilik qildi. Xususiylashtirish jarayoni umumiy uy-joy fondini, savdo, mahalliy sanoat, xizmat ko’rsatish korxonalarini, qishloq xo’jalik maxsulotlarini tayyorlovchi xo’jaliklarni davlat tasarrufidan chiqarishdan boshlandi. Bu «kichik xususiylashtirish» deb nom oldi. Kichik xususiylashtirish 1994-yildayoq tugallandi. Davlat ixtiyorida bo’lgan bir milliondan ortiq kvartira yoki davlat uy-joy fondining 95 foizdan ortiqrog’i fuqarolarning xususiy mulki bo’lib qoldi. Bunda har 3 kvartiraning bittasi egalariga imtiyozli shartlar bilan yoki bepul berildi. Urush faxriylari, o’qituvchilar, tibbiyot xodimlari, ilmiy xodimlar va ijodiy ziyolilarga kvartiralar bepul berildi. 2002-yilga qadar Respublika uy-joy fondining 98 foizga yaqini xususiylashtirildi. Davlatga qarashli mulkni, korxonalarni xususiylashtirishga davlatning o’zi tashabbuskor bo’ldi va boshchilik qildi. Davlat mulkini xususiylashtirish boshlangandan keyin to 1994-yil oxirigacha 54 mingga yaqin korxona va obyekt davlat tasarrufidan chiqarildi. Shularning 18,4 mingtasi xususiy mulkka, 26,1 mingtasi aksiyadorlik, 8,7 mingtasi jamoa, 661 tasi ijara korxonalariga aylandi. 1994-yil 21-yanvarda e’lon qilingan «Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish Chora-tadbirlari to’g’risida»gi va 1994-yil 16-martda elon qilingan «Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonini yanada rivojlantirishning ustivor yo’nalishlari to’g’risida»gi Prezident farmonlari xususiylashtirish jarayoniga yangi turtki bo’ldi. O’rta va yirik korxonalarni aksiyadorlik jamiyatlariga, ijara korxonalariga aylantira boshlandi, bu jarayonga aholi va chet ellik investorlar kengroq jalb qilindi. Davlat mulkini sotish bo’yicha kim oshdi savdolari va tanlovlar tashkil etildi. 2004-yil boshlarida respublikamizda 1800 ta aksiyadorlik jamiyatlari faoliyat yuritdi, 1,2 mln.dan ortiq fuqaro aksiyalarga ega bo’ldi va ulardan daromad olmoqda. Kichik va o’rta biznes. Respublikada kichik va o’rta biznesni davlat yo’li bilan qo’llab-quvvatlash uchun tadbirkorlikni rivojlantirish fondi, kichik va o’rta biznesni rivojlantirishga ko’maklashish fondi tuzildi, dunyodagi nufuzli banklarning sarmoyalari jalb etildi. Tadbirkorlar va biznesmenlarga maslahatlar bilan ko’maklashish maqsadida nemis texnikaviy ko’maklashuv jamiyati O’zbekistonda kichik va o’rta biznesni qo’llab-quvvatlash markazini, Yevropa hamjamiyati komissiyasi amaliy aloqalar markazini ochdilar. Markaziy Osiyodagi Amerika tadbirkorlik fondi va Markaziy Osiyodagi Buyuk Britaniya investitsiya fondi tadbirkorlarga zarur maslahatlar bilan ko’maklashdilar. Faqat 1999-yili kichik va o’rta biznes korxonalariga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Germaniya tiklanish bankining 200 mln. AQSh dollaridan ortiq kredit mablag’lari jalb etildi va o’zlashtirildi. Kichik va xususiy tadbirkorlikning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi salmog’i 1991-yilda 1,5 foizni, 1999-yilda 12,6 foizni tashkil etgan bo’lsa, 2004-yilda 35,6 foizga yetdi. 2004-yil faoliyat yuritayotgan kichik biznes korxonalari soni 39,1 mingtaga yetdi. Faqat 2004-yilda bu sektor hisobiga 425 ming ish o’rinlari yaratildi. 2004-yil 1-oktabrida mazkur sektorda ish bilan band bo’lganlar soni 6,1 mln. kishini yoki iqtisodiyotda jami band bo’lganlarning 61,5 foizini tashkil etdi. Agrar islohotlar. Agrar islohotlarga ustuvorlik berildi. Negaki, respublika aholisining 62 foizi qishloqda yashaydi, qishloq xo’jaligida YaIM ning 30 foizi, mamlakat valyuta tushumlarining 55 foizi shakllanadi. Agrar islohotlar natijasida qishloq xo’jaligidagi davlat tasarrufidagi mulk xususiylashtirildi. Bugungi kunda qishloq xo’jaligida nodavlat sektorining ulushi 100 foizni tashkil qilmoqda. Islohotlar yillarida odamlarga shaxsiy tomorqa uchun qo’shimcha ravishda 550 ming gektar sug’oriladigan yer ajratildi va shaxsiy tomorqa uchun berilgan yer-maydoni 700 ming gektarga yetdi, 9 milliondan ortiq odam ana shu yer hosilidan foydalanmoqda. Qishloqda xo’jalik yuritishning maqbul shakllarini yaratishga alohida e’tibor berildi. Agrar islohotlarning dastlabki yillarida sovxoz va kolxozlar jamoa xo’jaliklariga aylantirilgan edi. Ammo ular xo’jalik yuritishda o’zlarini to’la-to’kis oqlamaganliklari tufayli mulk paylari asosida shirkatlarga aylantirildi. 1999-yilda 898 ta, 2000-yilda 856 ta qishloq xo’jaligi korxonalari shirkatlarga aylantirildi. Ularning umumiy soni 2002-yilning 1-yanvari holatiga ko’ra ruspublika bo’yicha 1900 taga yetdi, ularda 1 mln. 400 ming kishi shirkat a’zosi sifatida mehnat qildi. Agrar munosabatlar tizimida shirkat xo’jaligida paychilik asosiga qurilgan oila pudratiga keng o’rin berildi. Qishloq xo’jaligida fermer va dehqon xo’jaliklari salmoqli o’rin egallamoqda. 2004-yilda fermer xo’jaliklari soni 85,5 mingdan ziyodni tashkil etdi. Bu turdagi xo’jaliklar don, kartoshka, sabzavot-poliz mahsulotlari, go’sht, sut, tuxum yetishtirishda tobora salmoqli o’rinni egallab qishloq xo’jalik ekinlarini yetishtiradigan asosiy ishlab chiqaruvchilarga aylanmoqda. Qishloqda shaxsiy yordamchi xo’jaliklar dehqon xo’jaliklari sifatida qayta shakllandi. Dehqon xo’jaligi-bu oilaviy-mayda tovar xo’jaligi bo’lib, tomorqa yer uchastkasi oila boshlig’iga umrbod meros qilib beriladi, mahsulotlar oila a’zolarining shaxsiy mehnati asosida yetishtiriladi va sotiladi. 2003-yilda 3,5 mln.dan ortiq dehqon xo’jaligi faoliyat yuritdi respublikada yetishtirilgan go’shtning 93,7 foizi, sutning 95,9 foizi, kartoshkaning 90 foizi, sabzavot-poliz mahsulotlarining 70,3 foizi, tuxumning 53,5 foizi dehqon xo’jaliklari tomonidan tayyorlandi. 2003-yilda respublikamiz qishloq xo’jaligida ishlab chiqarilgan jami mahsulotlarning 22,2 foizi shirkat xo’jaliklariga, 14,9 foizi fermer xo’jaliklariga, 62,9 foizi dehqon xo’jaliklarida yetishtirildi. Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan agrar islohotlar natijasida qishloq hayoti yangilandi, dehqon va fermerning mehnatga munosabati, dunyoqarashi o’zgardi. Ular yerning haqiqiy egasiga, o’z mehnati evaziga yetishtirgan mahsulotning egasiga aylanmoqda. Iqtisodiyotning barqarorlashuvi va rivojlanishi.Mustaqillikning dastlabki yillarida sanoat va qishloq xo’jalik mahsulotlari ishlab chiqarish tobora pasayib bordi, xo’jalik yuritish murakkablashib qolgan edi. Buning sababi O’zbekiston iqtisodiy jihatdan qaram bo’lib, korxonalari mustaqil xo’jalik yurita olmasdi, boshqa hududlarda joylashgan zavod, fabrikalardan keltiriladigan asbob-uskuna va butlovchi qismlarga butunlay qaram edi. Sobiq Ittifoq parchalangach, aloqalar uzildi. Natijada ko’pgina korxonalarda mahsulot ishlab chiqarish keskin kamaydi, ayrimlari to’xtab qoldi. Shu boisdan O’zbekistonda iqtisodiy tanglikdan chiqish, makroiqtisodiyotni barqarorlashtirish tadbirlari ko’rildi. Makroiqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun O’zbekiston iqtisodiyotda tarkibiy o’zgarishlar qilish, raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarishga qodir korxonalar qurish va buning uchun zarur investitsiyalar ajratish yo’llaridan bordi. Iqtisodiyotda tarkibiy o’zgarishlar uchun zarur mablag’lar davlat byudjeti va aholi jamg’armalari hisobiga ajratildi. 1991-2002-yillarda iqtisodiyotga jalb etilgan jami investitsiyalar 28,4 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Xalq xo’jaligi tarkibini qayta qurish maqsadida chet el investitsiyasini jalb qilish Choralari ko’rildi. «Chet el investitsiyalari to’g’risida», «Chet ellik investorlar huquqlarini kafolatlari va ularni himoya qilish Choralari to’g’risida» qonunlar qabul qilindi. Chet el investitsiyasini O’zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilish bevosita investitsiyalar tarzida, davlat qarzlari, xalqaro moliya va iqtisodiy tashkilotlar, qarz beruvchi mamlakatlarning investitsiya yoki moliyaviy kredit resurslari shaklida amalga oshirildi. Iqtisodiyotga kiritilayotgan xorijiy investitsiya salmog’I yildan yilga o’sib bordi. 1992-1999-yillarda iqtisodiyotda 4,4 mlrd. AQSh dollari hajmida chet el investitsiyalari o’zlashtirildi. 1999-yilning o’zida iqtisodiyotning ustuvor tormoqlari 1 mlrd. 324 mln. AQSh dollari miqdorida chet el investitsiyalari o’zlashtirildi. 1991-2002-yillarda Respublika iqtisodiyotida o’zlashtirilgan chet el investitsiyalari hajmi 14 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat ko’rsatayotgan korxonalar soni 2003-yilda 2087 taga yetdi. Yoqilg’i mustaqilligi. Mustaqillik yillarida iqtisodiyotning hayotiy muhim tarmoqlari rivojlantirildi, yangi sanoat tarmoqlari bunyod etildi. Bunga mamlakatning yoqilgi mustaqilligiga erishishi yaqqol misoldir. 90-yillarning boshlarida chetdan 6 million tonnaga yaqin neft mahsulotlari keltirilar, 600 ming tonna paxta tolasi Rossiya va boshqa mamlakatlarga neft mahsulotlari uchun berilardi. Shu boisdan mamlakatimizda neft mustaqilligi uchun kurash boshlandi, buning zamini 2 trillion kubmetrga yaqin gaz zahiralari, 160 dan ortiq neft koni bor edi. Yiliga 2,5 mlrd. kub metr gaz haydash quvvatiga ega bo’lgan Ko’kdumaloq kompressor stansiyasi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi barpo etildi. 1996-yilga kelib chetdan neft mahsulotlarini sotib olish to’xtadi, neft mustaqilligiga erishildi. 1991-yilda 2,9 mln. tonna neft (gaz kondensati bilan birgalikda) mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo’lsa, 2000-yilda bu ko’rsatkich 7,5 mln. tonnadan oshdi. Shu davrda tabiiy gaz ishlab chiqarish 41,8 mlrd. kub metrdan 56,4 mlrd. kub metrga o’sdi. O’zbekiston yoqilg’i mustaqilligiga erishdi. Mashinasozlik va avtomobilsozlik sanoati. Mustaqillik yillarida mashinasozlik sanoati jadal rivojlandi. 1994-yilda barpo etilgan O’zbekiston-Isroil «O’zIzmash» qo’shma korxonasida paxta terish mashinalarining gorizontal shpindelli yangi xili yaratildi. Bu agregat jahon mashinasozligining eng yangi yutug’idir, deb e’tirof etildi. 1992-yilda Janubiy Koreya bilan hamkorlikda O’zbekistonda avtomabil ishlab chiqaruvchi korxona barpo etishga kelishib olindi. 1993-1996-yillarda Asaka shahrida «O’zDEU avto» zavodi barpo etildi va “Damas”, “Tiko”, “Neksiya” rusumli avtomabillar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. 1996-yilda 25,3 ming, 1997-yilda 64,9 ming, 1998-yilda 54,4 ming, 1999-yilda 58,4 ming, 2004-yilda 70 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi. «O’zDEU» zavodida 1999-2014-yillarda “Matiz”, “Lasetti”, “Epika”, “Spark”, “Malibu”, “Kobalt”, “Orlando” rusumli avtomobillar ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. O’zbekiston dunyoda avtomobil ishlab chiqaruvchi 28-mamlakatga aylandi. Agar 2000-yilda har 100 ta oilaga o’rtacha 20 ta yengil avtomobil to’g’ri kelgan bo’lsa, 2013-yilda bu raqam 41,4 taga yetdi. Tadqiqotlarga ko’ra 2013-yilda mamlakatimizdagi oilalarning 11 % dan ortig’i ikkitadan yengil avtomobilga ega. Samarqandda avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «SamKoch avto» zavodi qurildi. 2000-yilda «SamKoch avto» zavodi 483 ta avtobus, 102 ta yuk avtomobili ishlab chiqardi. Respublikamizda avtomobillarga butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi o’nlab yangi korxonalar bunyod etildi. Hozirgi paytda «O’zDEU» zavodi uchun zarur bo’lgan butlovchi qismlarning 20 foizi O’zbekistonda ishlab chiqarilmoqda. Avtomobilsozlik sanoatida 14 mingga yaqin ishchi va xizmatchi mehnat qilmoqda. Mashinasozlik sanoatining yirik korxonalari-Toshkent traktor zavodi, O’zbekiston qishloq xo’jaligi mashinasozligi, Toshkent va Chirchiq qishloq xo’jaligi mashinasozligi, Toshkent agregat zavodi va boshqa korxonalar mustaqillikning dastlabki yillarida uchragan qiyinchiliklarni yengib o’tdi. Birgina Toshkent traktor zavodi 2000-yilda 954 ta, 2001-yilda 1002 ta traktor ishlab chiqarilgan bo’lsa, hozirgi paytda yiliga 3,5-4 ming donagacha traktor, minglab tirkamalar ishlab chiqarilmoqda. Gaz-kimyo va yengil sanoat. 1995-yil oktabr oyida O’zbekiston bilan AQShning «ABB Lummus Global» kompaniyasi o’rtasida Sho’rton gaz-kimyo majmuasini qurish bo’yicha hamkorlik yo’lga qo’yildi. Qurilish ishlari 1997-2001-yillarda amalga oshirildi, majmua qurilishida 1 mlrd. AQSh dollari hajmida sarmoya o’zlashtirildi. 2001-yil dekabrda Sho’rton gaz-kimyo majmuasi ishga tushirildi. Majmua yiliga 125 ming tonna polietilen, 137 ming tonna suyultirilgan gaz va 126 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yengil va to’qimachilik sanoati tez sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Paxtani qayta ishlovchi «Qabul-O’zbekKO», «Kosonsoy-Tekmen», «Papfen», «Asnam tekstil», «Karakulteks», «Chinoz to’qimachi», «Qabul-Farg’ona», «Oq saroy to’qimachi» qo’shma korxonlari barpo etildi. Faqat 2004-yilda 17 ta yengil sanoat korxonalari qurilib ishga tushirildi. Bu tarmoqda xalq ist’emoli mollari ishlab chiqarish kengaydi, minglab yangi ish o’rinlari yaratildi. Agar 1991-yili respublikamizda paxta tolasini qayta ishlash 12 foizni tashkil etgan bo’lsa, 2004-yilda bu ko’rsatkich 28 foizga yetdi. Kalava, ip, paxta va shoyi gazlamalarini eksport qilish hajmlari ancha oshdi. Mustaqillik yillarida «Zarafshon-Nyumont» korxonasi, Qizilqum fosforit kombinati, Qung’irot soda zavodi, Quvasoy kvarts zavodi, Yangiyo’l va Andijon spirt zavodlari, Toshloq ip yigiruv fabrikasi va boshqa ko’plab korxonalar bunyod etildi. Don mustaqilligi. Qishloq xo’jaligida ishlab chiqarish tarkibini takomillashtirishga e’tibor berildi. Xo’jaliklar qanday ekin ekish sohasida mustaqil bo’ldilar. Respublikada don mustaqilligiga erishish, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlashni tiklash yo’li izchillik bilan amalga oshirildi. Paxta ekiladigan-maydonlar tegishli suratda qisqartirilib, donli ekinlar-maydoni kengaytirildi. Umumiy ekin-maydonlarida donli ekinlar salmog’i 1991-yilda 18,8 foizni tashkil etgan bo’lsa, 2000-yilda 42 foizga o’sdi. Respublikamizda don mustaqilligiga erishish, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash yo’li izchillik amalga oshirildi. Agar 1991-yilda mamlakatimizda 1,9 mln. tonna don, shu jumlandan 609,5 ming tonna bug’doy tayyorlangan bo’lsa, 2014-yilda 8 mln. tonna bug’doy yetishtirildi. O’zbekiston g’alla mustaqilligiga erishdi. Andijon paxtakorlari tashabbusi bilan chigitni plyonka ostiga ekish texnologiyasi joriy etildi. Bu usul paxtadan sifatli va yuqori hosil yetishtirish imkonini yaratdi.
2. Ijtimoiy hayot. Aholini ijtimoiy himoyalashga alohida e’tibor berilmoqda. O’zbekistonda islohotlar boshlangan dastlabki paytdayoq, uning asl maqsadi insonga munosib turmush va faoliyat sharoitlarini vujudga keltirishdan iborat, deb belgilangan edi. Bozor munosabatlariga o’tishning ilk davridan boshlab aholini oldindan ijtimoiy himoyalash yuzasidan zarur Chora-tadbirlar ko’rib borildi. Shu maqsadda miqdori muntazam o’zgartirib turilgan ish haqi, pensiyalar, turli nafaqalar, stipendiyalar, kompensatsiya to’lovlari tarzidagi pul to’lovlari keng qo’llanildi. Mamlakatning 2 mln. 640 ming fuqarosi pensiya va moddiy yordam oladi. Bunday to’lovlar miqdori 2000-yilda 187,8 mlrd. so’mni tashkil etdi. Faqat 2000-yilning o’zida aholining kam ta’minlangan qismiga fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari-mahalla yig’inlari orqali 54,2 mlrd. so’m miqdorida nafaqa, ko’mak va boshqa turdagi yordamlar berildi. Mustaqillik yillarida mamlakatda 70 mln. kv.m. turar joylar, 19,5 ming o’rinli kasalxonalar, 95,7 ming marta tashrifli poliklinikalar, 805,9 ming o’rinli maktablar, 15,3 ming o’rinli akademik litseylar, 126,5 ming o’rinli kasb-hunar kollejlari qurilib foydalanishga topshirildi. Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash va gazlashtirish bo’yicha keng qamrovli dasturlar amalga oshirilmoqda. 1991-2000-yillarda 22,6 ming km. suv quvurlari va 54,1 ming km. gaz tarmoqlari yotqizildi. Aholining uy-joylarini gazlashtirish darajasi 46,2 foizgacha, ichimlik suvi bilan markazlashgan holda ta’minlash esa 64,2 foizdan 77,6 foizgacha ko’tarildi. Yosh oilalarni qo’llab-quvvatlash dasturi amalga oshirilmoqda. 2009-2012-yillarda mamlakatimizning 159 ta qishloq tumanida namunaviy loyihalar asosida 900 dan ortiq yangi uy-joy massivlari barpo etildi, 33 ming 500 dan ziyod yakka tartibdagi uy-joy foydalanishga topshirildi. 2013-yilning o’zida esa 10 mingta ana shu tipdagi uylar qurildi. Respublikada aholiga tibbiy va ijtiomiy xizmat ko’rsatishning rivojlangan tizimi bunyod etildi. Mustaqillik yillarida ambulatoriya-poliklinika muassasalarining soni 3 mingdan 4,8 minggacha yoki 1,6 baravar ortdi. Qishloq joylairda 1600 ta vrachlik punktlari ochildi. Aholiga 81,5 mingdan ortiq shifokorlar turli ixtisosliklar bo’yicha malakali tibbiy yordam ko’rsatmoqda. 1994-yilda aholining dori-darmonga bo’lgan ehtiyoji Respublikada ishlab chiqarilgan mahsulot hisobiga bor-yo’g’i 4,5 foizga qondirilar edi. 2003-yilga kelib, katta miqdorda sarmoya jalb etilganligi hisobidan, bu ko’rsatkich 25 foizgacha o’sdi. 2013-yilning o’zida Respublikamizda 146 ta yangi zamonaviy tibbiyot muassasalari ishga tushirildi. 2012-yilda Toshkentda o’tkazilgan Ona va bola salomatligiga bag’ishlangan xalqaro ilmiy konferensiyada qayd etilgan ma’lumotlarga ko’ra mustaqillik yillarida aholining o’rtacha umri 66 yoshdan 73,5 yoshga uzaygan.Onalar o’limi 2 baravar, bolalar o’limi esa 3 baravarga kamaygan. Keyingi yillarda ham davlat byudjeti xarajatlari tarkibida ijtimoiy sohaga yo’naltirilgan xarajatlar yuqori darajada saqlanib qoldi va 2014-yilda umumiy xarajatlarning 60 foizini tashkil etdi. 2014-yilga kelib mamlakatimizdagi har uch oilaning bittasiga shaxsiy yengil avtomobil, har 100 oilaga o’rtacha 80 ta muzlatkich, 146 ta televizor (ba’zi oilalarda 2-3 tadan) to’g’ri kelmoqda. Har bir oila 3-4 tadan uyali telefonlarga ega. O’zbekiston dunyoda o’z xalqining sog’ligi haqida eng ko’p qayg’uradigan davlatdir. 1997-yil yurtimizda “Inson manfaatlari yili”, 1998-yil “Oila yili”, 1999-yil “Ayollar yili”, 2000-yil “Sog’lom avlod yili”, 2001-yil “Onalar va bolalar yili”, 2002-yil “Qariyalarni qadrlash yili”, 2003-yil “Obod mahalla yili”, 2004-yil “Mehr va muruvvat yili”, 2005-yil “Sihat-salomatlik yili”, 2006-yil “Xomiylar va shifokorlar yili”, 2007-yil “Ijtimoiy himoya yili”, 2008-yil “Yoshlar yili”, 2009-yil “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili”, 2010-yil “Barkamol avlod yili”, 2011-yil “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili”, 2012-yil “Mustahkam oila yili”, 2013-yil “Obod turmush yili”, 2014-yil “Sog’lom bola yili”, 2015-yil “Keksalarni e’zozlash yili” deb e’lon qilinib maxsus davlat dasturlari asosida xalqimizga munosib turmush sharoitlari yaratib berilmoqda. Bir so’z bilan aytganda mustaqillik yillarida iqtisodiyotning boshqaruv tizimi tubdan o’zgartirildi, xo’jalik yuritishning bozor iqtisodiyotiga mos yangi tizimi yaratildi. Bozor infratuzilmasi asoslari barpo qilindi. Mamlakatimiz iqtisodiy tanazzul davridan o’tib oldi, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikka erishildi, iqtisodiy o’sishni ta’minlovchi zarur shart-sharoitlar vujudga keldi. Xususiy mulkchilikning huquqiy asoslari yaratildi. Davlat mulkini xususiylashtirish natijasida ko’p ukladli iqtisodiyot shakllandi. Eng muhimi, odamlarimizning tafakkuri, hayotga bo’lgan munosabati tubdan o’zgarmoqda. Turmush darajasi, oilasining farovonligi o’ziga bog’lik ekanligini tushunib yetayotgan odamlar tobora ko’payib bormoqda.