1-BOB METROPOLITEN XODIMLARINING UMUMIY MAJBURIYaTLARI
Harakat xavfsizligini ta’minlagan holda, belgilangan yo‘lovchi tashish hajmlarini bajarish va texnika vositalaridan samarali foydalanish metropoliten xodimlarining asosiy majburiyatlari hisoblanadi.
Poyezdlar harakat bilan bog‘liq har bir xodim harakat xavfsizligi uchun o‘z majburiyatlari doirasida shaxsan javobgardir.
Metropoliten xodimlarining ushbu Qoidalarni bajarilishi uchun javobgarlik tegishli xizmatlar va bo‘linmalarning boshliqlari zimmasiga yuklanadi. Mazkur Qoidalarni metropoliten xodimlari tomonidan buzilishi amaldagi qonun hujjatlariga binoan javobgarlikka olib keladi. Metropolitenning har bir xodimi insonlarning hayoti yoki harakat xavfsizligiga xavf tug‘dirgan barcha hollarda poyezd, manyovr qilayotgan harakat tarkibi, eskalatorni zudlik bilan to‘xtatish choralarini ko‘rishi, inshoot yoki qurilmaning harakat xavfsizligi yoki yo‘lovchilar xavfsizligiga xavf soluvchi nosozligi aniqlagan taqdirda esa, zudlik bilan xavfli joyni to‘sish va nosozliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim
Metropoliten xodimlari yo‘lovchilarning xavfsizliklarini ta’minlashlari, xushmuomala va iltifotli bo‘lishlari, ammo shu bilan bir vaqtda yo‘lovchilardan amaldagi metropolitendan foydalanish Qoidalarini aniq bajarishlarini talab qilishlari lozim.
Farqlovchi belgilar aks etgan formali kiyim belgilangan metropoliten xodimlari xizmat majburiyatlarini ado etish paytida forma bo‘yicha kiyingan bo‘lishlari kerak.
Metropolitenning har bir xodimi o‘zi bajarayotgan ish uchun belgilangan xavfsizlik texnikasi, yong‘in xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi yo‘riqnomalari va qoidalariga rioya qilishi lozim. Mazkur qoidalarning bajarilishi uchun javobgarlik tegishli ijrochilar va bo‘linmalar rahbarlari zimmasiga yuklanadi. Harakat xavfsizligi yoki yo‘lovchilarni tashish xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq elektropoyezdlar, lokomotivlar, eskalatorlar, signallar, apparatlar, mexanizmlar va boshqa qurilmalarni boshqarish, shuningdek strelkalarni o‘tkazish huquqiga faqat bunday vakolat berilgan xodimlargina o‘z xizmat majburiyatlarini ado etish paytida ega. Jumladan ushbu huquq mazkur vositalarga bevosita xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar kuzatuvi va shaxsiy javobgarligi ostida belgilangan tartibda stajirovka o‘tayotgan shaxslarga beriladi.