Jaloliddin Manguberdi-Vatan himoyachisi. U mo’g’ullar istilosi boshlangan kundanoq doimo yurt himoyachilari tomonida turdi, ularga rahnamo bo’ldi. Ona Vataniga bo’lgan cheksiz mehr hissi, farzandlik burchi uni shu qadar elga mashhur qildiki, hatto uning nomini eshitgan Chingizxonning ham sochi tik bo’lib, yuzi tundlashar, uni qo’lga tushirish, yo’q qilish chora-tadbirlarini izlardi. Jaloliddin Manguberdi ancha yillar ilgari G’azna, Voliyon, Guch, Bust va Hindiston hududlarigacha bo’lgan erlarga hokim etib tayinlangan edi. Shu boisdan u G’azna tomon yurdi, yo’lga ko’pgina qo’shin boshliqlari Sulton Jaloliddinga qo’shilib bordi. . 1221 yil 25 noyabrda Sind (Hind) daryosi bo’yida tengsiz jang bo’ladi. Bu jangda Jaloliddin Manguberdi ko’rsatgan jasoratga mo’g’ul hukmdorining o’zi ham tan berib, lol qolgan. Bu hayot – mamot jangida Xorazm bahodiri, uning yigitlari arslonlardek jon berib, jon olardi. «Qaysi tomonga ot choptirmasin, tuproqni qonga bo’yar edi. Agar bu jangni Zolning o’g’li ko’rsa edi, u sulton Jalol (uddin) ning qo’lini o’pgan bo’lardi». Chingizxon lashkari hisobsiz bo’lsada, uning jang maydonidagi asosiy kuchlari parokanda holiga tushib qolgandi. Biroq pistirmadagi 10 ming nafar sara lashkar jang oqibatini Chingizxon foydasiga hal qiladi. Nochor, tang ahvolga tushib qolgan Jaloliddin qora to’riq otiga minib, so’nggi bor mo’g’ullarga hamla qilib, so’ng ot jilovini ortga tortadi. Sovutini elkasidan tashlab, otiga qamchi bosadi va balandlikdagi qoyadan o’zini Sind daryosiga otadi. Jaloliddin bahaybat daryo to’lqinlarini shiddat bilan kesib o’tib narigi sohilga o’tib oladi. Uning 4000 jangchisi ham bunga muvaffaq bo’lishadi.