Tarixin aning jumodiyul-avval bil. Kunnung raqamini chorshanba qilg’il, To’qqiz yuz yildin o’tub erdi besh yil. (16-tom, 40)
"Muhokamat ul-lug’atayn" da turkiy-o’zbek va fors-tojik tillarini qiyosiy o’rganish vositasida turkiy-o’zbek tilining Sharqda mashhur bo’lgan arab va fors-tojik tillari darajasidagi mavqeidan so’z yuritiladi hamda ulardan, xususan fors-tojik tilidan farq qiluvchi xususiyatlari turli xildagi ko’pgina misollar, jumladan "yuz lafz" (yuzta so’z)ni keltirib, talqin qilish bilan isbotlanadi. Bu ma`no Alisher Navoiyning quyidagicha yozganlarida ham o’z ifodasini topgan.
"Turkiy va sort lug’ati kayfiyati va haqiqati sharhida bu risolani jam` qilib bitidim va anga "Muhokamat ul-lug’atayn" ot qo’ydum, to turk eli tili fasohatu diqqati va balog’atu vus`ati… zohir qildim. Va xayolimg’a mundoq kelurkim, turk ulusi fasihlariga ulug’ haq sobit qildimki, o’z alfoz va iboratlari haqiqati va o’z til va lug’atlari kayfiyatidin voqif bo’ldilar" [16-tom, 40].
Shuni eslatish joizki, Alisher Navoiy turkiy tilning fazilatlari haqida so’z yuritganda o’sha davrda mashhur bo’lgan arab, fors-tojik va hind tillarini kamsitmaydi, aksincha ularning har biriga xos bo’lgan xususiyatlarni ham ehtirom bilan bayon etadi.
Bundan kuzatilgan maqsad turkiy tilning fasohati va balog’ati haqida ilmiy asoslangan mulohazalarni bayon etish bilan bir qatorda "…turk nozimlari (shoirlari) o’z alfozlari bilan she`rg’a mashg’ulluq qilg’aylar va ko’ngul g’unchasi dog’idinki, pechlar chirmanibdur, bahor nasimidek anfos bila guldek ochilg’aylar".
Demak, Alisher Navoiy turkiy tilning fasohati va lug’aviy boyligini dalillar bilan isbotlash vositasida turkiy tildagi adabiyot-she`riyatning yanada ravnaq topishi lozimligini ham nazarda tutgan.
"Muhokamat ul-lug’atayn"da faqat qiyosiy tilshunoslik masalalaridan so’z yuritilgan emas, balki unda til tarixi, o’zbek adabiyoti tarixi, she`riy janr va badiiy san`atlar, fors-tojik adabiyoti namoyandalari asarlari va o’zining ijodiga doir qimmatbaho mulohazalar ham mavjud.
Alisher Navoiyning qayd qilishicha, turkiy til va turkiy tildagi adabiyot tarixi o’zaro chambarchas bog’lidir. Shuning uchun asarda Hulokuxon, Amir Temur, Shohrux mirzo hamda Sulton Husayn Boyqaro zamonlarida turkiy tilning rivojlangani tufayli turkiy she`riyatning mavlono Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Atoyi, Muqimiy, Amiriy, Yaqiniy, Gadoyi, mavlono Lutfiy, Husayniy va o’zi kabi zabardast siymolari maydonga kelganligini alohida qoniqish bilan uqtirib o’tadi. Shuning bilan birga, bu jarayonning Sulton Husayn Boyqaro - Husayniy tomonidan qo’llab-quvatlanishi tufayli yanada rivojlangani ta`kidlanadi.
"Muhokamat ul-lug’atayn"da she`riy janr (tuyuq), badiiy san`atlar (iyhom, tajnis, tarse`) haqida turkiy she`riyatdagi o’ziga xos xususiyatlari jihatidan ma`lumot beriladi. Fikrning isboti uchun misolga murojaat qilaylik:
"She`rda barcha tab` ahli qoshida ravshan va majmu`i fusaho ollida mubarhandurki, tajnis va iyhom bag’oyat kulliydir. Va bu farxunda iborot va xujasta alfoz va ishorotda forsiydin ko’prak tajnisomez lafz va iyhomangez nukta borki, nazmga mujibi zebu ziynat va boisi takallufu san`atdur. Masalan: ot lafziki, bir ma`nisi ismdur, yana bir ma`nisi markabdur va yana bir ma`nisi amrdurkim, toshni yo o’qni ot, deb buyurg’aylar. Bu tajnisda mundoq deyilibdurkim,
Bayt: Chun pari-yu hurdur oting, begim, Surat ichra dev erur oting, begim. Har xadangekim, ulus andin qochar, Notavon jonim sari oting, begim" (16-tom, 17).
"Muhokamat ul-lug’atayn"ning adabiyotshunoslik sohasidagi ahamiyati yuqorida qayd qilingan fazilatlar bilan cheklanmaydi. Asarda Alisher Navoiyning turkiy va forsiy tillarda yaratgan asarlari, ularning yozilish sabab va tarixlari, ijodiy hamkorliklari haqida ma`lumotlar uchraydiki, ular ulkan shoirning ijodiy tarjimayi holini yaratishda qimmatbaho material bo’lib xizmat qiladi. Bu jihatdan "Xazoyin ul-maoni", "Tuhfat ul-afkor", "Xamsa" va boshqalar haqida yozganlari ardoqlidir.
Bundan tashqari, "Muhokamat ul-lug’atayn"ning adabiy ahamiyati yana shu bilan ham belgilanadiki, unda o’sha davr nasri uchun xos uslub - saj` san`ati (nasrda ohangdorlik va qofiya, radif unsurlari) mahorat bilan ishlatilgan hamda turli xil she`riy nav`lardan misol keltirish bilan ziynatlangan.
Misollar,
Saj` san`ati:
"Takallum ahli xirmaniningxo’shachini va so’z durri samini maxzaniningamini va nazm gulistonining andalebi nag’masaroyi, ya`ni Alisher al-mutaxallis bin Navoyi … mundoq arz qilurkim…" [16-tom, 8].
Asarda ruboiy (7 ta, shu jumladan, 1 ta forscha), qit’a (2 ta), tuyuq (2 ta) janridagi she’rlar hamda ko’plab fard baytlar mavjud bo’lib, ularning aksariyati mustaqil asar xususiyatiga ham egadirlar. Ruboiy:
Ey so’z bila qilg’on ofarinish og’oz,