O’zbekiston Respublikasi
Xalq ta’limi vazirligi
tomonidan darslarni o’tishda tavsiya etilgan
«Dars muqaddas» metodik tavsiyasi
“Dars – muqaddas” tadbirini amalga oshirish:
O‘qituvchining darsga puxta tayyorgarligi ta’lim muvaffaqiyati va samarasi garovidir.
Dars bu, sinfda taqvim-mavzu reja asosida belgilangan vaqt davomida o‘qituvchi tomonidan
o‘quvchilar uchun o‘quv-tarbiya jarayonining maqsadli tashkil etilishidir.
Shunday ekan,
har bir o‘qituvchi darsga sifatli va puxta tayyorlanmasdan kirishni insoniylikka, pok vijdonga
xiyonat ekanligini va ish haqini halollab olish lozimligini his qilishi kerak. Chunki, har bir fan o‘qituvchisi
faoliyati asosini sifatli dars o‘tish, o‘quvchilarga yaxshi ta’lim-tarbiya berish tashkil etadi.
O‘qituvchining darsga tayyorgarligi shartli ravishda quyidagi ikki bosqichdan iborat:
1. O‘qituvchining o‘z fani yuzasidan
umumiy tayyorgarligi.
2. O‘qituvchining har bir darsga
kundalik tayyorgarligi.
O‘qituvchining umumiy tayyorgarligi muntazam amalga oshirib boriladigan jarayon bo‘lib, o‘quv yili
boshlanishi oldidan quyidagilarni qamrab oladi:
– Davlat ta’lim standarti (DTS), o‘quv dasturi, o‘quv reja hamda ularga berilgan tushuntirish xatlarini
o‘rganib chiqish;
– O‘zi dars beradigan o‘quv faniga oid yangi ilmiy va metodik adabiyotlarning mazmuni bilan tanishish;
– tegishli ko‘rgazma materiallarni, o‘quv-jihozlarini o‘rganish, ularni qo‘llay bilish;
– ilg‘or o‘qituvchilarning ish tajribalarini o‘rganish, tahlil qilish orqali o‘z bilimini kengaytirish;
– komp’yuter texnikasidan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirib, bu boradagi mahoratini oshirish, elektron
darsliklar, matn muharrirlari,
“Ziyonet” axborot ta’lim portaliga joylangan ma’lumotlardan samarali
foydalanish kabilardir.
O‘qituvchining
darsga kundalik tayyorgarligi eng asosiy vazifalardandir.