www.ziyouz.com kutubxonasi
18
Puling bormi?
Bu savoldan Santyago hayron bo‘ldi. Biroq u qariyaning gapini esladi: agar sen biror
narsani xohlasang, butun Olam sening xohishing ijobat bo‘lishiga ko‘maklashadi. Va u
cho‘ntagidan pulni olib, arabga ko‘rsatdi. Xo‘jayin ularga yanada yaqinroq kelib,
tepalarida turib oldi, keyin esa haligi bola bilan arabchada qattiq-qattiq gaplashdi.
Santyagoning nazarida xo‘jayin nimagadir achchiq qilayotganday edi.
— Ketdik bu yerdan, — dedi bola. — Bizning bu yerda o‘tirishimiz unga yoqmayapti.
Santyago xursand bo‘lib o‘rnidan turdi va hisob-kitob qilay degandi, xo‘jayin uning
qo‘lidan tutib, nimalardir deb gapira boshladi. Qo‘lini bo‘shatib olishga Santyagoning
qurbi yetardi, biroq u yot bir mamlakatda va boz ustiga, bunday vaziyatda o‘zini qanday
tutish lozimligini bilmas edi. Baxtiga yangi tanishi xo‘jayinni ko‘kragidan itarib yubordi
va Santyagoni yemakxonadan ko‘chaga olib chiqib ketdi.
— U sening pullaringni olmoqchi bo‘ldi. Tanjer Afrikaning boshqa shaharlariga
o‘xshamaydi. Bu bandargoh, bandargoh esa doim tovlamachilarga to‘lib yotadi.
Unga ishonsa bo‘ladi. U mushkul vaziyatga yordam berdi. Santyago yana cho‘ntagidan
pullarni olib, sanadi.
— Ertagayoq ehromlarga jo‘nashimiz mumkin, — dedi arab. — Biroq avval ikkita tuya
sotib olishimiz kerak.
Shunday deb u Santyagoning qo‘lidan hamyonni oldi.
Ular Tanjerning har qadamda chodirlaru savdo qutilari turgan tor ko‘chalaridan yurib
ketishdi va minglab olomon bilan to‘la bozor maydonidan chiqishdi — odamlar
savdolashar, baqirib-chaqirishardi. Ko‘katu mevalar pichoq, xanjarlar bilan bir joyga
uyub tashlangan, gilamlar esa turli-tuman chilimlar yonida. Santyago hamrohidan ko‘zini
uzmay borardi — bo‘zbola bor pulini sherigiga bergan edi. U pulni qaytarib olmoqchi
ham bo‘ldi, biroq bu noqulay, degan o‘yga bordi. Bu mamlakatning urf-odatlari
Santyagoga notanish edi. “Hechqisi yo‘q, — o‘yladi u, — men uni sergaklik bilan kuzatib
borayapman, shuning o‘zi yetarli, axir, men undan qoruvliman.”
U tasodifan turli-tuman buyumlar orasida qilichni ko‘rib qoldi, bunaqa chiroyli qilichni
hech qachon ko‘rmagan edi: g‘ilofi misdan, dastasi qimmatbaho toshlar va sir bilan
bezalgan. Santyago Misrdan qaytishda, albatta, o‘ziga shunday qilich sotib olishni
ko‘ngliga tugdi.
— So‘ra-chi, narxi qancha ekan? — turgan joyidan burilmay so‘radi u yo‘ldoshidan.
Shu lahzada u qilichga mahliyo bo‘lib, ikki daqiqaga chalg‘iganini payqadi. Yuragi
shuvillab ketdi. U o‘grilib qarashga cho‘chidi, chunki qarasa ko‘z oldida qanday manzara
namoyon bo‘lishini bildi. Yana bir necha lahza u qilichdan ko‘zini uzmay turdi, keyin
o‘zini qo‘lga olib, boshini burdi.
Atrof g‘ala-g‘ovur, bozor qaynab-toshardi, odamlar zir yugurar, baqirib-chaqirardi,
gilamlar va yong‘oqlar, mis laganlar va ko‘katlar uyulib qorishib yotar, erkaklar qo‘l
ushlashib, ayollar paranjida yurishar, allaqanday taomlarning hidlari taralar va faqat
uning boyagi yo‘ldoshi qay go‘rgadir g‘oyib bo‘lgandi.
Avvaliga Santyago ular bir-birini olomon orasida tasodifan yo‘qotib qo‘yishganiga o‘zini
ishontirishga urindi va turgan joyidan jilmay kutishga qaror qildi — lop etib kelib qolar,
deb o‘yladi. Biroz vaqt o‘tdi; baland minoraga ko‘tarilgan kishi qiroat bilan nimadir deb
qichqirdi — shu lahza atrofdagilar muk tushib, manglaylarini yerga tegizishdi va xirgoyi
qila boshlashdi. Keyin esa, xuddi tinib-tinchimas chumolilarday g‘imirlashib, narsalarini
yig‘ishtirishdi, chodir va savdo qutilarini bekitishdi. Bozor bo‘shab qoldi.
Quyosh ham osmonni tark eta boshladi; Santyago uni uzoq kuzatdi — quyosh maydonni
qo‘rg‘alagan oq uylarning tomlari ortiga bekinguncha termilib turdi. U esladi, bugun
quyosh ko‘tarilgan paytda u narigi qit’ada edi, cho‘pon edi, oltmishta qo‘yi bor edi va