XOTIMA
Bo‘zbolaning ismi Santyago edi. U vayron bo‘lib yotgan
cherkovga yetib kelganida
allaqachon qorong‘u tushgan edi. Omborxonada hanuz tutanjir ko‘karib turar, o‘yiq
gumbazdan, xuddi burungiday, yulduzlar ko‘rinardi. U bir oqshom otari bilan shu yerda
tunaganini esladi, o‘shanda, ko‘rgan tushini aytmaganda, tun xotirjam o‘tgandi.
Hozir u yana shu yerda. Biroq bu safar qo‘ylarini haydab kelgani yo‘q. Uning qo‘lida
belkurak bor edi.
U
osmonga uzoq tikildi, keyin to‘rvadan vino olib, bir qultum ichdi. Bir safar oqshom
sahroda yulduzlarga termilgani va Alkimyogar bilan vino ichgani yodiga tushdi. Orqada
qancha yo‘l qolib ketganini va Tangri unga qanaqa g‘aroyib
usul bilan xazinaga ishora
qilganini o‘yladi.
Agar u tushlariga ishonmaganida, lo‘li kampirni, Malkisidqni, qaroqchilarni
uchratmaganida...
“Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Biroq yo‘l belgi-alomatlar bilan ko‘rsatib
qo‘yilgan edi, undan men chetga chiqolmasdim”, — o‘yladi u.
U o‘zi sezmagan holda uxlab qoldi. Ko‘zini ochganida quyosh tepaga ko‘tarilib
ketgan
edi. Santyago tutanjirning tagini kovlay boshladi.
“Keksa sehrgar, — o‘yladi u Alkimyogar haqida, — sen barini oldindan bilgansan. Men bu
Alkimyogar (qissa). Paolo Koelo
www.ziyouz.com kutubxonasi
67
cherkovgacha yetib kelishim uchun oltin quymaning ikkinchi bo‘lagini ham menga
qoldirding. Ruhoniy meni
kiyim-kechagim abgor, o‘zimni do‘pposlangan alpozda ko‘rib
kulib yubordi. Sen meni bundan xalos qila olarmiding?”
“Yo‘q, — u shamolning shitirlagan ovozini yaxshi eshitdi. — Agar men seni
ogohlantirganimda, sen ehromlarni ko‘rmasding. Ular chindan ham juda go‘zal,
to‘g‘rimi?”
Bu Alkimyogarning ovozi edi. Bo‘zbola kuldi va qazishni davom ettirdi. Yarim soatcha
vaqt o‘tib, belkurak allaqanday qattiq narsaga urildi, tag‘in bir soatlardan so‘ng
Santyagoning oldida qadimgi tilla tangalar bilan liq to‘la chiroyli sandiqcha turardi.
Sandiqchada tag‘in
qimmatbaho toshlar, oq va qizil patlar bilan bezatilgan oltin niqoblar,
zumrad qoplangan tosh sanamlar bor ediki, jangu jadallarda qo‘lga kiritgan bu o‘ljalarni
g‘olib mamlakat allaqachon unutib yuborgan, o‘ljalar egasi
ular haqida farzandlariga
ham hech nima demagan edi.
Santyago to‘rvadan Urim va Tumimni oldi. Ular faqat bir marta, ertalabki payt bozorda
unga asqotgandi: hayot ularsiz ham bo‘zbolaga ishonchli belgilarni ko‘rsatib turdi.
Santyago ularni sandiqchaga soldi — bu ham uning xazinasining bir bo‘lagi: toshlar unga
endi hech qachon uchratmaydigan keksa podshohni eslatib turadi.
“Hayot chindan ham O‘z Taqdiri yo‘lidan boradiganlarni siylaydi, — o‘yladi
u va Tarifga
borishi, lo‘li kampirga xazinaning o‘ndan birini berishi lozimligini esladi. — Lo‘lilar
chindan dono! Dunyo bo‘ylab ko‘p kezishlaridan shunday bo‘lsa kerak”.
U yana shamol esayotganini sezdi. Bu “livantinlik” edi, Afrikadan yelardi, biroq bu safar
o‘zi bilan sahro bo‘yini olib kelmadi, mavrlar bosqinini daraklamadi. Endi
Santyago sekin
yaqinlashib kelib, lablariga bo‘sa bo‘lib qo‘ngan muattar bo‘yni, mayin tovush va ta’mni
farqladi.
Bo‘zbola tabassum qildi: bu Fotimaning ilk o‘pichi edi.
— Men borayapman, — dedi u, — sening yoningga borayapman, Fotima.
www.ziyouz.com