www.ziyouz.com kutubxonasi
33
qarashlarini butun vujudim bilan his qila boshladim. Men go‘yo ularning ko‘ziga o‘zimning shon-
shuhratimni orttirishga urinuvchi shuhratparast bir kimsa bo‘lib ko‘rinayotgan edim. Haqiqatda esa bu
mutlaqo shunday emasdi. Ammo fakt faktligicha qoladi.
— Chetroq tur! — deb nariga itardim Alibekni. — Sensiz ham yuragim siqilib turibdi!
Eshikka chiqdim. Sovuq, izg‘irin shamol hovli sahnidagi qorni uchirib o‘ynardi. Odamlar men
tomonga ko‘z qirini tashlashib, yonimdan jimgina o‘tib ketishardi. Nima qilish kerak? Mahkam
tugilgan mushtlarimni cho‘ntagimga tiqib, darvoza tomon yurdim. Muzlab qolgan ko‘lmakchalar oyoq
ostida oyna singari chirsillab sinardi. Oyog‘imga tavot moyidan bo‘shagan bankacha to‘g‘ri kelib
qoldi. Jonim boricha uni darvozadan ko‘cha tomon tepib yubordim-da, o‘zim ham ortidan boraverdim.
Kun bo‘yi shaharcha ko‘chalari bo‘ylab daydib yurdim, kimsasiz huvillab yotgan pristanda
tentiradim. Issiqko‘lda po‘rtana quturib, qirg‘oqqa bog‘lab qo‘yilgan barjalar suv betida chayqalib-
qalqib yotardi.
Bir mahal qarasam, suv transporti boshqarmasining choyxonasiga kelib qolibman. Yolg‘iz o‘zim
deraza yoniga borib o‘tirdim. Oldimda — stol ustida og‘zi ochilgan bir shisha aroq bilan tarelkada
qandaydir gazak turardi. Birinchi stakanni ichishim bilanoq kayfim taraq bo‘lib, oyog‘im ostiga anqov
kishilardek termilib o‘tirardim. Mening ko‘nglim ham zangori tutunga cho‘mib, mast-alastlarning pala-
partish gaplariga to‘lgan shu choyxona singari xira va g‘ash edi.
— Nega g‘amgin ko‘rinasan, yigit? — bexosdan boshim uzra kimningdir yoqimli va xiyol istehzoli
ovozi eshitildi. Boshimni arang ko‘tardim. Yonimda Xadicha turardi.
— Ha, bir o‘zing icha olmayapsanmi? — deb iljayib yonimga o‘tirdi u. — Qani, birga ichaylik
bo‘lmasa!
Xadicha stakanlarga aroq quyib, bittasini menga surib qo‘ydi.
— Ol! — dedi u, go‘yo biz bu yerga anchayin o‘tirish va ichish uchun kelgandek, g‘urur bilan
hayosizlarcha ko‘z qisib.
— Sen nimaga suyunyapsan o‘zi? — deb so‘radim norozi ohangda.
— Nima, yig‘laymi bo‘lmasa? Sen turganda menga boshqa narsaning keragi yo‘q, Ilyos! Men seni
sabrli, chidamli deb o‘ylagan edim. Kel, nima bo‘lsa bo‘lar! — deb sekingina kulib qo‘ydi u va
yonimga yaqinroq surildi, qop-qora nozli ko‘zlarini suzib, qo‘lidagi stakanni cho‘qishtirdi.
Biz ichdik. Men papiros tutatdim. Ko‘nglim bir oz yorishgandek bo‘ldi: kuni bo‘yi birinchi marta
jilmayishim edi.
— Qoyilman senga, Xadicha! — dedim va uning qo‘lini qisdim.
Darvoqe, Xadicha o‘sha kecha juda ochilib ketgan edi.
Keyin ko‘chaga chiqdik. Qosh qorayib qolgan edi. Ko‘l tarafdan esayotgan sho‘x shamol
daraxtlarni va chiroqlarni tebratib o‘ynardi. Oyoq ostimizdagi yer ham unga taassuf qilgandek
chayqalardi. Xadicha qo‘ltig‘imdan tutib, meni yetaklab borardi, u mehribonlik bilan yoqamni ko‘tarib
qo‘ydi.
— Men sening oldingda aybliman, Xadicha! — dedim o‘z gunohim va minnatdorchiligimni
yashira olmay. — Ammo shuni bilib qo‘y, men seni hech kimga xafa qildirib qo‘ymayman...
Hammasiga o‘zim javob beraman...
— Bularni unutib yuborasan, jonginam! — dedi u. — O‘zing ham tinib-tinchimagansan-da... Doim
qayoqqadir yelib yugurganing-yugurgan. Men bo‘lsam senga achinaman. O‘zim ham ilgari shunaqa
edim. Hayotdan ilgarilab keta olmaysan, undan nasib qilganini ol... Taqdir bilan o‘ynashib nima
qilasan...
— Bu har kimning tushunchasiga bog‘liq! — deya e’tiroz bildirdim, so‘ngra o‘ylab ko‘rib: —
Ehtimol, sen haqdirsan... — deb qo‘ydim.
Biz Xadicha yashaydigan uyning shamolga teskari tomonida to‘xtadik.
— Mana, uyga ham yetib keldim! — dedi u.
Men ketmoqchi bo‘lardimu, biroq u yerdan sira jilolmasdim. Endi ikkimiz o‘rtamizda bir-birimizni