Microsoft Word ch aytmatov sarvqomat dilbarim lotin ziyouz com doc



Yüklə 394,69 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə20/67
tarix06.07.2023
ölçüsü394,69 Kb.
#135947
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   67
Chingiz-Aytmatov-Sarvqomatdilbarim

www.ziyouz.com
kutubxonasi 
20
baxtga erishdik: Asalning ona bo‘lishiga oz qolgan edi. Negadir, biz buni hadeganda payqamabmiz. 
Asalning ko‘zi yorigan kuni men Xitoydan qaytib kelayotgan edim. Juda shoshilib, hayajonlanib 
ketyapman. Asal Norindagi tug‘uruqxonada yotgan edi. Kelsam, o‘g‘il tug‘ibdi. 
Uning oldiga kirmoqchi bo‘ldim, biroq har qancha tushuntirsam ham qo‘yishmadi. Lekin baribir 
xursand edim. Mashinaga o‘tirdim-da, tog‘ma-tog‘ g‘izillatib haydab ketdim. O‘zimni tuta olmay, 
mashinani tobora qattiqroq quvardim. Bu qishda bo‘lgan edi. Tevarak-atrofda faqat qorli qoyalar. 
Atrofimdan oq, qora rang g‘irillab o‘taverganidan ko‘zlarim jimirlashib ketardi. Do‘lan dovonining 
tepasiga yeldek uchib chiqdim. Osmono‘par ulkan balandlik, bulutlar yer bag‘irlab suzib yurgandek 
edi, pastdagi azamat tog‘lar ham uning qarshisida pak-pakana bo‘lib ko‘rinardi. Men kabinadan sakrab 
tushib, dara yoqasiga chopib bordim va sof havodan o‘pkamni to‘ldirib nafas oldim-da, butun olam 
eshitgudek qilib qichqirdim: 
— E-y, tog‘lar! Men o‘g‘il ko‘rdim! 
Nazarimda, tog‘lar ham larzaga kelgandek bo‘ldi. Ular mening so‘zlarimni takrorladi va daradan-
daraga taralib, uzoq vaqtgacha aks sado berib yangrab turdi.
O‘g‘ilchamizni Samad deb atadik. Unga men shunday deb nom qo‘ydim. Samad bizning 
ermagimiz bo‘lib qoldi: Samad, bizning Samad jilmaydi, uning tishchalari chiqib qoldi. Xullas, hamma 
yosh ota-onalardek biz ham uni sevib ardoqlar edik. Biz bir-birimizni sevardik, ahil va inoq yashardik, 
so‘ngra esa... So‘ngra baxtsizlik yuz berdi... 
 
* * * 
Bu baxtsizlikka qanday yo‘liqib qolganimni hozir qaytadan bayon etish ancha mushkul. Hammasi 
aralash-quralash bo‘lib, chigallashib ketdi... O‘zim-ku, bilaman-a, ammo bundan nima foyda... 
Bu odam bilan hech qachon uchrashmagan edik. Uning bu ishlarga hech qanday aloqasi ham yo‘q 
edi. Men buni shuning uchun gapiryapmanki, haqiqatan ham na u, na men bir-birimizning bu yorug‘ 
dunyoda shunday yashayotganimizni bilmas edik. Bir kuni yo‘lda tasodifan uchrashib qoldik va bu 
bizning so‘nggi uchrashuvimiz emasligiga o‘zimiz ham shubha qilmay ajralishgan edik. Bor gap shu... 
Kech kuzda safarga ketmoqda edim. Havo kishini zeriktiradigan tund edi. Osmondan qormi, 
yomg‘irmi, qandaydir mayda zarrachalar yog‘ardi. Tuman xuddi sumalak singari tog‘ yonbag‘irlari 
bo‘ylab chizilib ketgan edi. Butun yo‘l bo‘yi kabina oynasini artib turadigan cho‘tkani muttasil ishlatib 
qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Men tog‘ oralab xiyla ichkariga kirib borib, Do‘lan dovoniga yaqinlashib 
qolgan edim. 
Eh, Do‘lan, Do‘lan, Tyan-Shanning bahaybat beli! Umrimning qanchadan qancha sahifalari u bilan 
bog‘liq! Qatnov yo‘limizning eng og‘ir, eng xavfli qismi ham shu yer edi. Yo‘l ilonizi bo‘lib, goh u 
yoqqa buriladi, goh bu yoqqa. Charxpalakda uchgandek tobora qiyalab yuqoriga ko‘tarilib, bulutlarni 
g‘ildirak bilan yanchib o‘tayotgandek bo‘lasan. Goh seni o‘tirg‘ichga siqib, orqaga jipslab qo‘yadi, goh 
rulga yopishganingcha mashina seni pastga olib qochadi. Buning ustiga quturgan tuyadek havosini 
aytmaysanmi. Yozmi-qishmi, Do‘landa, baribir. Bir zumda do‘lmi, yomg‘irmi savalab ketadi yoki 
bo‘lmasa, shunaqayam qor bo‘roni turib beradiki, bir qadam naridagi narsani ham ko‘ra olmaysan. 
Mana shunday bizning oq sochli Do‘lan!.. Ammo biz tyan-shanliklar unga ko‘nikib qolganmiz, 
ko‘pincha, tunda qatnardik... Men bularni hozir hikoya qilib beryapman, u yerdan qatnab yurgan 
paytlarda esa bu hakda o‘ylashga ham vaqting bo‘lmasdi. 
Do‘lan yaqinidagi daralardan birida yuk mashinasiga quvib yetib oldim. Bu «GAZ-51» mashinasi 
ekanligi aniq yodimda. To‘g‘rirog‘i, quvib yetganim yo‘q, uning o‘zi to‘xtab turgan ekan. Ikki kishi 
motorni tekshirish bilan ovora edi. Ulardan biri yo‘l o‘rtasiga bamaylixotir chiqdi-da, qo‘lini ko‘tardi. 
Yo‘lni to‘sib qo‘ymaslik uchun ulardan o‘tibroq to‘xtadim. Oldimga jiqqa ho‘l brezent plash kiygan, 
boshiga kapyushon yopingan kishi keldi. Yoshi qirqlarga borib qolgan, qo‘ng‘ir mo‘ylovi 
soldatchasiga cho‘tkasimon qilib qirqilgan, qovog‘i soliqroq, ko‘zlari esa muloyim tikilardi. 


Chingiz Aytmatov. Sarvqomat dilbarim (qissa) 

Yüklə 394,69 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   67




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin