www.ziyouz.com kutubxonasi
11
ham ishga solish kerak bo‘ladi, bu esa Quttiboevning aybiga ayb qo‘shajak.
Bundan tashqari, Quttiboevning qog‘ozlari orasidan Chingizxon davriga oid «Sario‘zakdagi o‘lim
jazosi» nomli yana bir afsona chiqib qoldi. Tansiqboev bu ko‘hna tarixga avvallari ahamiyat bermagan
ekan, endi esa birdan shu haqda o‘ylab ketdi. Agar chuqur mulohaza yuritilsa, bu rivoyatda ham
qandaydir siyosiy ma’no borga o‘xshaydi.
* * *
Chingizxon G’arb mamlakatlarini bosib olish uchun son-sanoqsiz oilaviy qo‘shinlariga bosh bo‘lib
hadsiz-hududsiz Osiyo kengliklaridan o‘tib borar ekan, Sario‘zak dashtlariga kelganda qotillikka qo‘l
urdi: cherik yuzboshisi bilan zardo‘z juvonni — og‘zidan olov purkab turgan ajdaholarning suratlarini
zafar bayroqlariga zar bilan tikadigan yosh ayolni osib o‘ldirishga jazm qildi... Shu paytgacha
Chingizxon Osiyoning ko‘p qismini bosib olib, o‘g‘illari, nabiralari va sarkardalariga ulus qilib bo‘lib
bergan, endi navbat Idil (Volga) ortidagi Yevropaga kelgan edi.
Sario‘zak dashtlari. Kuz. Yozda qurib qolgan ko‘lmaklar va o‘zanlar tinimsiz yomg‘irlardan so‘ng
yana suvga to‘lgan — mol-jon uchun suvsizlikdan xavotir olmasa bo‘ladi. Shunday bo‘lsa ham cherik
shoshilayotir — yo‘lning eng uzoq, eng qiyin qismi Sario‘zak dashtlaridir.
Har biri o‘n ming jangchidan iborat uch tuman qo‘shin bayroqlarini hilpiratib oldinda bormoqda.
Bu qo‘shinlarning naqadar dahshatli kuch ekanligini shundan ham bilsa bo‘ladiki, ot-ulovlarning
tuyoqlaridan ko‘tarilgan chang-to‘zon dashtdagi yong‘indan keyin ko‘kka o‘rlagan tutun yanglig‘ ufqda
olis-olislargacha osmonni qamrab olgan edi. Kerak bo‘lib qolganda miniladigan uyur-uyur yilqilar, yuk
ortilgan aravalar, kundalik so‘yishga mo‘ljallangan suvay chorva mollariga boshchilik qilgan ikki tuman
qo‘shin ham orqada osmonning yarmigacha chang ko‘tarib kelmoqda edi. Ana shu besh tumandan
tashqari boshqa jangovar kuchlar ham bor edi, lekin ular juda uzoqda bo‘lganidan ko‘rinmas edi —
ulargacha yetib borish uchun otda bir necha kun chopishga to‘g‘ri kelar edi.
Ґ
zlari Idilga tomon
mustaqil yo‘l olayotgan qo‘shinlar o‘ng qanot va so‘l qanotlarga bo‘lingan — Har bir qanotda uch
tumandan qo‘shin bor edi. Qishki sovuq boshlangunga qadarli barcha o‘n bir tuman qo‘shinning
sarkardalari Idil daryosi sohilida Xon o‘rdasida uchrashib, oldinga yurish va Idildan muz ustidan o‘tib,
shuhrati olamga yoyilgan boy mamlakatlarni bosib olish rejasini tuzishlari kerak edi. Chingizxonning
ham, sarkardalarning ham, har bir suvoriyning ham fikri-zikri shunda edi.
Qo‘shinlar hech narsaga alahsimasdan, vaqtni qo‘ldan boy bermay hayallamasdan ilgarilar edi.
Yukli aravalarda ayollar ham bor edi; hamma balo shundan chiqdi.
Chingizxonning o‘zi besh yuzta qorovul — xonni yo‘lda kuzatib boradigan navbatchilar hamda
yasovullar soqchiligida suzib borayotgan orolga o‘xshab cherik o‘rtasida borar edi. Lekin u
boshqalardan bir odim oldinda edi. Rub’i maskunning hokimi o‘z yonida, ayniqsa harbiy yurish paytida
yon-verisida chug‘ur-chug‘ur bo‘lishini xo‘sh ko‘rmas, churq etmasdan oldinga ko‘z tikkancha o‘yga
cho‘mib borar edi.
Xon Xuba laqabli sevikli yo‘rg‘asida ketayotir: Chingizxon dunyoning yarmisini ana shu otida zabt
qilgan, soyning toshiday niq va silliq, to‘shi va yag‘rini keng, yoli oq, dumi qora saman yo‘rg‘alab
ketayotganda sag‘risiga suv qo‘ysa to‘kilmaydi deysan. Chidamda va yurishda undan qolishmaydigan
va xonning egar-jabduqlari bilan bezatilgan yana ikki chopqir salt otni maxsus sayislar ehtiyotdan
yetaklab borishmoqda. Xon ot terlay boshladi deguncha ulovlarni almashtirib turardi.
Chingizxonning a’yonlari xonga sodiq soqchilar, qorovullar va yasovullar yuztadan bitta,
mingtadan bitta, tanlab olingan shamshirday o‘tkir yigitlar edi, ularning ostida esa tabiatda siyrak
uchraydigan sof oltin yombiday bebaho yuguruk otlar. Yo‘q, bu yurishda eng ajoyib narsa bular
emas, boshqa narsa edi. Mo‘‘jizakor narsa yerda emas, ko‘kda, osmonda edi. Chingizxonning tepasida
uni oftobdan to‘sib bulut suzib yurar edi. Xon qayoqqa borsa, bulut ham shu yoqqa borar edi. Katta
o‘tovday keladigan oq bulut jonli narsaday xon borgan joyiga soya beradi. Bul Ko‘k-Tangrining o‘z
jahongir o‘g‘liga marhamati ekanligini kim bilibdi deysiz — osmonda nima ko‘p bulut ko‘p. Biroq
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov