www.ziyouz.com kutubxonasi
48
edi. Shahar elas-elas ko‘rinar edi. Vagonlarni saralaydigan bekatda kechasi ancha turib qolishdi. Bu
yerda Abutalip kelayotgan vagonni poezddan ajratib olishdi. Buni Abutalip vagonlarning bir-biriga
urilib taraq-turuq qilishidan, vagonlarni tirkab-ajratadigan ishchilarning qiyqiriqlaridan, vagonlarni
sudrab ketgani kelgan lokomotivning gudoklaridan bilib oldi. Shundan so‘ng vagonni bir yoqqa sudrab
olib ketishdi, aftidan ehtiyot yo‘lga kirgizib qo‘yishdi shekilli. Xufton payti edi, maxsus vagonni o‘z
joyiga qo‘ya boshlashdi. Vagon oxirgi marta bir silkindi. Birdan. «Yaxshi! To‘xtat shu yerda» degan
ovoz chiqdi. Vagon to‘xtadi-qoldi.
— Mana, keldik! Oshqol-dashqolingni yig‘ishtir! Mahbus, eshikka chiq! — dedi katta nazoratchi
Abutalipga, kupe eshigini ochib. — Bo‘l, imillama! Chiq! Uxlayverib miyang shishib ketgandir! Toza
havodan nafas ol!
Abutalip asta o‘rnidan turib, nazoratchiga yaqin keldi-da:
— Men tayyorman. Qayoqqa yuray, — dedi.
— Tayyor bo‘lsang, yur! Qayoqqa borishni soqchi aytadi, — nazoratchi Abutalipni dahlizga
chiqardi, keyin hayron bo‘lib, ham g‘ijinib jerkidi:
— Hov ovsar, yo‘lxaltangni tashlab ketmoqchimisan? Qayoqqa ketayapsan? Nega yo‘lxaltangni
olmaysan? Yoki senga hammol kerakmi? Orqangga qayt, qaqir-ququringni ko‘tar!
Abutalip kupega qaytdi, qoldirib ketgan yo‘lxaltasini istar-istamas oldi-da, yana dahlizga chiqqan
edi, xayol bilan shoshib kelayotgan shu yerlik ikki chekist bilan suzishib ketishiga sal qoldi.
— To‘xta! — deb Abutalipni devorga tomon itardi nazoratchi. Beriroq tur! O’rtoqlar o‘tib ketishsin!
Abutalip vagondan chiqayotib haligi ikkitasi Tansiqboevning kupesini taqillatayotganini ko‘rdi.
— O’rtoq Tansiqboev! — degan hayajonli ovoz eshitildi. — Xush kelibsiz! Sizni kutaverib rosa
ko‘zi-miz teshildi! Aksiga olib siz kelgan kuni qor yoqqanini ko‘rmaysizmi! Kechirasiz! havo havoligini
qiladi-da! O’zimizni tanishtirib qo‘yaylik, ruxsat berasiz, o‘rtoq mayor!
Soqchilar boshidan quloqchin, oddiy askar kiyimidagi qurolli uch kishi ekan, vagonning yonida
kutib turgan ekan. Ular mahbusni nariroqda turgan ochiq mashinaga solib olib ketishsa kerak.
— Tushmaysanmi! Nega ag‘rayib turibsan! — deb yubordi uch soqchidan biri.
Orqasida nazoratchi, Abutalip vagon zinasidan asta yerga tushdi. Sovuq izg‘irin shamol, maydalab
qor yog‘ib turibdi. Vagon zinasi yonidagi temir tutqich sovuqdan qo‘lga yopishadi. Gir atrof qorong‘i,
har joy-har joyda osib qo‘yilgan chiroqlargina g‘ira-shira yorug‘ berib turibdi, qor ko‘mib yotgan qator-
qator temir yo‘llar.
— To‘qson yettinchi nomerli mahbusni topshirdim! — dedi katta nazoratchi soqchiga.
— To‘qson yettinchi nomerli mahbusni qabul qildim! — deb javob berdi katta soqchi.
— Endi jo‘na! Bular aytgan tomonga boraver!— dedi katta nazoratchi Abutalipga, xayrlashish
o‘rniga. Keyin nima uchundir qo‘shib qo‘ydi. — Nariroqda mashinaga solib olib ketishadi.
Abutalip soqchi yigitlar qurshovida shpallarga urinib-surinib temir yo‘l bo‘ylab yurib ketdi. Qor urib
turibdi. Abutalip yo‘lxaltasini yelkasiga qo‘yib olgan. Unda-munda tungi smenadagi vagonlarning
gudoklari eshitiladi.
Tansiqboevni mehmonxonaga olib ketish uchun kelgan orenburglik hamkasblari kupeda biroz
hayallab qolishdi. Che-kistlar tanishganlik uchun qittay-qittay otishni taklif qi-lishdi, gazak esa tayyor
edi. Uning ustiga ish vaqti emas, ke-chasi kim yo‘q derdi. Tansiqboev so‘z orasida ishning o‘ngidan
kelayotganini, yuzlashtirishning muvaffaqiyatli bo‘lishini, Olma-otadan buyon vaqtni bekor
o‘tkazmaganini qistirib ketdi.
hamkasblar birpasda opoq-chopoq bo‘lib suhbatga tushib ketishdi. Birdan tashqaridan shitillagan
ovozlar keldi, vagon dahlizida kimlarningdir dukurlagan oyoq tovushi eshitildi. Kupega soqchilar bilan
katta nazoratchi hovliqib kirib kelishdi. Soqchining hammayog‘i qon edi. U rangidan rang qolmagan
bir holda Tansiqboevga chest berib:
— To‘qson yettinchi nomerli mahbus halok bo‘ldi! — dedi shang‘illab.
— Qanaqasiga halok bo‘ladi — o‘rnidan otilib turdi Tansiqboev. — Halok bo‘ldi deganing nimasi!
— Parovozning ostiga o‘zini tashlab o‘ldi, — dedi katta nazoratchi.
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov