www.ziyouz.com kutubxonasi
228
olgan edingiz. Faridani hali yosh, esidan chiqarib yuboradi, deb o‘ylagan edim. U kasal
yotgan paytda ittifoqo qo‘limga daftari tushib qoldi, qarasam, eh-ha, qalbining yarasi tu-
zaladigan yaralardan emas. Daftarga butun hayotini yozibdi. Ana shundan keyin butun
umidim uzildi, holbuki, uni o‘z bolamday davolamoqchi edim. Ammo bunga ham odam-
larning fisqu fasodlari, tuhmat va g‘iybatlari imkon bermadi. Ana shundan keyin menda
yaxshiroq odam topib, Faridani o‘shanga berish fikri tug‘ildi. Lekin bu ham xavfli edi. Eri
har qancha odamoxun bo‘lganda ham, Faridadan muhabbat talab qilishi turgan gap edi.
Garchi qizginam muhabbat uchun tug‘ilgan, muhabbat yo‘lida sarg‘aygan bo‘lsa hamki,
begona ishqi unga go‘r azobidan battar bo‘lishi aniq edi. Mana shu xavfdan qo‘rqib,
chor-nochor o‘z nikohimga oldim. Shu tariqa uni o‘lgunimcha himoya qilishim mumkin
edi. O‘lganimdan keyin esa besh-o‘n qurushlik davlatim, uch-to‘rt yerdagi mulkim uni
muhtoj qilib qo‘ymas edi. Shubhali qiz bo‘lib yashashdan ko‘ra tul bo‘lib xotirjam
yashash uning uchun ham o‘ng‘ay bo‘lardi. Shunisi ham borki, axir bir kun murodi hosil
bo‘lishiga imonim ham komil edi. Hayotda nimalar ro‘y bermaydi!
Nihoyat, xotiningizning vafoti menga yangi umid bag‘ishladi. Sizning to‘g‘ringizda
hammavaqt Istambuldan xat-xabar olib turardim. Xotiningizning vafoti sizni qayg‘urtir-
gan bo‘lishi mumkin, biroq meni ham qayg‘urtirdi desam tilyog‘lamalik qilgan bo‘laman.
Faridani bu xo‘jako‘rsinga qilingan yolg‘ondakam nikohdan bo‘shatib, siz bilan topishtirish
uchun o‘ng‘ay payt poylab yurardim. Bilmayman, odamlar bu harakatimga qanday qarashar
ekan? Lekin men odamlarning g‘iybatlariga, men to‘g‘rimda aytgan yo o‘ylagan narsalariga al-
laqachon tuflagan odamman.
Qarorimni amalga oshiraman, deb turganimda birdan kasalim zo‘riqib ketdi. Ana shundan
keyin masalaning uch-to‘rt oy ichida o‘z-o‘zidan hal bo‘lishiga aqlim yetdi. Qaydam, taf-
silotga hojat bormikan? Endi muddaoga o‘taylik, Faridani bir bahona bilan Istambulga
yuboraman. Xatimni o‘z qo‘li bilan topshirishiga shubham yo‘q. Men uning tabiatini yax-
shi bilib oldim, alomat qiz. Ehtimol, injiqlik va yo e’tiroz qilar, lekin sen bo‘sh kelma, xa-
zon bo‘lmasin desang, javob berma! Zarur bo‘lsa, xotin-qizlarni olib qochadigan tog‘liklar
singari yovvoyi va qo‘pol bo‘l. Quchog‘ingda jon bersa, bilginki, quvonchdan, baxtiyorli-
gidan jon beradi.
Shuni ham eslatib o‘tayki, bu ishda seni zarracha ham o‘ylaganim yo‘q. Ko‘nglimnig
roziligiga qarasam, senga nainki Farida kabi nodira qizni, hatto uyimdagi mushukni ham
bermas edim. Nachora, bu telba qizlarga hech aql o‘rgatib bo‘lmas ekan. Senga o‘xshash
quruq, qalbsiz odamlarning nimasini yaxshi ko‘risharkin, hayronman...
Marhum Xay-rul-lo. Eslatma. Paketda Faridaning daftari bor. O‘tgan yil Olajaqoyaga ko‘chib borganimizda,
ichiga shu daftar solingan sandiqchasini bekitib qo‘yib, izvoshchilar o‘g‘irlab ketishibdi,
deb aytgan edim. Farida churq etmagan bo‘lsa ham, lekin juda qattiq ezilganini ko‘rdim.
Bu daftarining axir bir kun kerak bo‘lib qolishi mumkinligini o‘ylab, juda to‘g‘ri ish qilgan
ekanman!”
IX Mujgon bilan Komron Choliqushining ko‘k muqovali qalin daftarini tushirishganda, de-
raza orqasi yorishib, daraxtlarda qushlar chirqillasha boshlagan edi.
Komron horg‘inlik va iztirob og‘irlashtirgan boshini daftarning sarg‘aygan sahifasiga
qo‘ydi-da, ko‘p yerlari ko‘z yoshlari bilan yuvilgan bu aziz satrlarni qayta-qayta o‘pdi.
Daftarni yopib, bir yoqqa qo‘yishmoqchi bo‘lib turishganda, Mujgonning ko‘zlari daftar
muqovasiga tushdi. U ko‘k muqovani chiroqqa yaqin keltirib qaradi.