Oltmishinchi majlis
QIYOMAT KUNI VA HISOB-KITOB HAQIDA
Alloh taolo aytadi: «(U Kunda) barcha ummatni (dahshat va iztirob-la) tiz cho‘kkan holda ko‘rarsiz. Har bir ummat o‘z nomai a’moliga chaqirilur, (so‘ng ularga deyilur): «Bugun qilib o‘tgan amallaringiz bilan jazolanursizlar. Mana bu kitobimiz (ya’ni, Bizning amrimiz bilan yozilgan nomai a’molingiz) sizlarga haqiqatni aytur. Darhaqiqat, Biz sizlar qilguvchi bo‘lgan barcha amallaringizni (ushbu nomai a’molga) ko‘chirib qo‘ygandirmiz» (Josiya surasi, 28– 29-oyatlar).
Abu Umomadan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Agar men vafot etsam, menga salovot aytgan kimsaning salovotini eshittirishni Alloh va’da qildi. Vaholanki, men Madinada-yu, ummatim mag‘ribu mashriqda bo‘lsa ham. Kim menga salovot aytsa, Alloh taolo unga o‘nta salovot aytadi. Agar o‘nta aytsa, Alloh unga yuzta salovot aytadi».
Abdulloh ibn Abbos aytadilar: «Qiyomat kuni bo‘lgan, insu jinlardan iborat xaloyiqning barchasi bir maydonga saf-saf bo‘lib, tizzalariga cho‘kkan hollarida jamlanadilar. Shunda: «Bugun sizlar ikrom egalarini bilasizlar, har qanday holatda ham Allohga ko‘p hamd aytuvchilar tursin!» degan nido bo‘ladi. Ular jannatga qarab yo‘lga tushadilar. So‘ng ikkinchi marta nido qilinadi: «Bugun sizlar karam egalarini bilasizlar. Kechalari uxlamasdan umid va qo‘rquv bilan duo qiluvchilar va rizq qilib berilgan narsalardan infoq etuvchilar tursin». Ular turib, jannatga qarab yo‘lga tushadilar. So‘ng uchinchi marta nido qilinadi: «Bugun sizlar karam egalarini bilursizlar. Tijoratlari va oldi-berdilari Allohning zikridan, namozni ado etishdan va zakotni haqdorlarga ato qilishdan to‘smaganlar o‘rnidan tursin». Ular turib, jannatga yo‘l oladilar. Bu uch toifa jannatga kirganlaridan keyin, do‘zaxdan bir bo‘yin chiqadi va xaloyiqqa yaqinlashadi, uning ikki ko‘zi, fasohatli tili bo‘lib, shunday so‘zlaydi: «Men uch toifaga vakil qilinganman – har qanday zolim kishiga», deydi-da, qush kunjit donini terib olganidek, saflarning orasidan odamlarni terib oladi. So‘ng ular bilan birga jahannamga g‘oyib bo‘ladi. Ikkinchi bor chiqib:
«Men Alloh va Uning rasuliga aziyat berganlarga vakil qilinganman», deydi va saflarning orasidan ularni terib olib, jahannamga olib ketadi. So‘ngra uchinchi bor chiqib: «Men rasm chizuvchilarga vakil qilinganman», deb ularni odamlar orasidan terib olib, jahannam sari yo‘l oladi. Bu uch toifa terib olinganidan keyin nomai a’mollar tarqatiladi, tarozi o‘rnatilib, xaloyiq hisob-kitobga chaqiriladi».
Odamlar zarariga guvohlik beruvchilar yettitadir. Birinchisi – farishtalar. Zero, Qur’oni karimda:
«Farishtalar guvoh bo‘ladilar» deyilgan. Ikkinchisi – yer bo‘lib, Qur’oni karimning Zalzala surasida shunday deyilgan: «Va (hayotlik paytida qayta tirilishni inkor qilguvchi bo‘lgan) inson (qayta tirilganidan dahshatga tushib: «Yerga nima bo‘ldi o‘zi?») deb qolganida – ana o‘sha Kunda yer, Parvardigoringiz unga vahiy qilgan (so‘zlashga buyurgani) sababli o‘z xabarlarini so‘zlar!» Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambar alayhissalom yerning xabarlari nima ekanligi haqida so‘zlab: «Yerning xabarlari – har bir erkagu ayol uning ustida qanday amal qilgan bo‘lsa, barchasini Alloh taolo huzurida so‘zlab, guvohlik berishdir», degan ekanlar. Uchinchi guvoh zamondir. Xabarlarda keladiki, har bir kun nido qiladi: «Men yangi kunman va sizlar qilayotgan narsaga guvohman». To‘rtinchisi – insonning o‘zining tili. Qur’oni karimda: «O’zlarining tillari o‘z zararlariga guvohlik beradigan kunda…» deyilgan. Keyingisi, Qur’oni karimning O’sin surasida: «Bu kun Biz ularning og‘izlarini muhrlab qo‘yurmiz. Va bizga qilib o‘tgan ishlari haqida – ularning qo‘llari so‘zlar va oyoqlari guvohlik berur», deya aytilganidek insonning a’zolari. Oltinchisi – nomai a’mollarni yozib turuvchi farishtalar. Alloh taolo: «Holbuki, shak-shubhasiz, sizlarning ustingizda (qilgan har bir amalingizni) yod olib, yozib turguvchi ulug‘ (farishta)lar bordir», degan. Yettinchisi devon bo‘lib, Qur’oni karimda u haqda: «Bu sizlarning ustingizdan haq bilan so‘zlaydigan kitobdir», deyilgan.
Amr ibn Osdan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Alloh xaloyiqni jamlagan vaqtda: «Farishtalar qaerda?» deb nido qiladi. Bir guruh odamlar turib, jannatga
qarab yurib ketadilar. Ularga farishtalar yo‘liqib: «Biz sizlarni jannatga oshiqib ketayotganlaringizni ko‘rmoqdamiz. Sizlar kimsizlar?» deb so‘rashadi. Ular: «Bizlar fazilatlilarmiz», deyishadi. Shunda farishtalar: «Sizlarning fazilatlaringiz nimada?» deb so‘rashganida, ular: «Bizlarga zulm qilganlarida sabr qildik, zarar yetkazganlarida afv etdik», deb javob berishadi. Farishtalar: «Unday bo‘lsa, jannatga kiringlar. Yaxshi amallar qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshi!» deyishadi. So‘ngra ikkinchi marta: «Sabrlilar qaerda?» deb nido qilinadi. Xaloyiq ichidan bir guruh kishilar turib, jannatga qarab yurib ketadilar. Ularga farishtalar yo‘liqib: «Biz sizlarning jannatga oshiqib ketayotganlaringizni ko‘rmoqdamiz. Sizlar kimsizlar?» deydilar. Ular: «Biz sabrlilarmiz» deyishadi. Shunda farishtalar:
«Sizlar nimaga sabr qilgansizlar?» deb so‘rashganida, ular: «Bizlarga biror bir musibat yutganida, chiroyli sabr qilganmiz», deyishadi. Farishtalar: «Unday bo‘lsa, jannatga kiringlar. Yaxshi amallar qiluvchilarni mukofoti naqadar yaxshi!» deyishadi. «Alloh yo‘lida bir-birini yaxshi ko‘rganlar qaerda?» deb uchinchi marta nido qilinadi. Odamlar orasidan bir guruh kimsalar ajralib jannatga qarab yurib ketadilar. Ularga farishtalar yo‘liqib: «Sizlarni jannatga oshiqib ketayotgan holatda ko‘rmoqdamiz, sizlar kimsizlar?» deydilar. Ular: «Biz Alloh yo‘lida bir-birimizni yaxshi ko‘ruvchilarmiz» deyishadi. Shunda farishtalar: «Unday bo‘lsa, jannatga kiringlar, yaxshi amallar qilguvchilarning mukofoti naqadar yaxshi!» deyishadi. Bu uch toifa jannatga kirganlaridan keyin tarozi o‘rnatiladi».
Hisob-kitobning kayfiyati har xil, holatlari turli-tumandir. Ayrimlari yengil bo‘lsa, ayrimlariniki og‘ir bo‘ladi. Ayrimlarniki maxfiy bo‘lsa, ayrimlarniki oshkora bo‘ladi. Ba’zilarni ikrom etish bo‘lsa, ba’zilarga tanbeh berish bo‘ladi. Ayrimlarga fazlu marhamat bilan bo‘lsa, ayrimlarga adolat bilan bo‘ladi. Kofirga ham, mo‘minga ham, jinga ham hisob-kitob bo‘ladi. Faqat hadislarda istisno qilingan kimsalargina bundan mustasnodir. Qiyomat kuni dastlab qayta tirilish, so‘ng hashr (to‘planish), butun olamlar Parvardigori huzurida tik turish, so‘ng arz, ya’ni, har bir payg‘ambar o‘z ummati bilan ajralib turganidan so‘ngra nomai a’mollari tarqatilishi, keyin hisob-kitob va amallarni tarozida o‘lchash holatlari bo‘lib o‘tadi. Xaloyiq jamlangan vaqtda xuddi qor yoqqanidek nomai a’mollar yog‘adi. Va nido qilinadi: «Ey falonchi, kitobingni o‘ng tarafingdan olgin! Ey falonchi, kitobingni chap tarafingdan olgin! Ey falonchi, kitobingni orqa tarafdan olgin». Faqatgina taqvodor kishilargina kitoblari o‘ng taraflaridan beriladi. Baxtsizlarga chap tarafdan, kofirlarga esa orqa tarafdan beriladi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Odamlar qiyomat kuni to‘rt narsa haqida so‘ralmagunlaricha bir qadam ham qimirlay olmaydilar: umrini qanday o‘tkazgani, ilmga qanday amal qilgani, molni qaerdan topib, qaerga sarflagani haqida».
Alidan raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga o‘tirgan edik. U zot avvalgi qavmlar haqida gapirib berdilar. So‘zlarning oxirida: «Ey Ali, albatta Jabroil alayhissalom menga ummatimning qiyomat kunidagi ahvoli haqida xabar berib: «Ey Muhammad, sizning ummatingiz ichida shunday kimsalar borki, ular qiyomat kuni xusumatchi o‘z xusumatchisi bilan so‘zlashgandek, Alloh bilan so‘zlashadilar», dedi. Men: «Ey Jabroil, biror kishi bunga qodir bo‘ladimi, u haqda menga xabar ber», dedim. Jabroil alayhissalom: «Bilingki, ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam, qiyomat kuni Alloh taolo har bir kishining nomai a’molini beradi. Bandalardan biriga kitob berilganda, u kitobini o‘qib, undagi savobu gunohlarni taniydi. Alloh:
«Ey bandam kitobingni o‘qidingmi?» deganida, u: «Ha, yo Parvardigoro, lekin men bularni aslo qilmaganman», deydi. Alloh deydi: «Sendan boshqa kim bu amallarni qilibdi?» deganida u:
«Bilmadim, yo Parvardigoro», deydi. «Ey bandam, Sen mening farishtalarim va ularning kitoblari haqida xusumatlashasanmi?» deganida U: «Ha, yo Parvardigoro, men o‘zimdan boshqa kishining guvohligini qabul qilmayman», deb javob beradi. Shunda Alloh: «Agar sening o‘zingdan hujjat keltirsam, qabul qilib, e’tirof etasanmi?» deganda, u: «Ha», deb javob beradi. Keyin Alloh uning tiliga amr qiladi: «Mening qudratim bilan gapir va faqatgina haqni ayt. Chunki bu kunda botil bo‘lmaydi». Shunda til badandagi barcha yaxshi va yomon amallarni aytib beradi. Banda: «O’ Parvardigoro, men tilga hukmron emasligimni O’zing bilasan. Men uning guvohligini qabul qilmayman, chunki dunyoda
ham u mening dushmanim bo‘lgan. Gunohlarimning barchasi tilim sabablidir. Darhaqiqat, Sening Rasuling sollallohu alayhi va sallam: «Til insonning dushmanidir», deganlar. Sen odil hakamsan, bas, shunday ekan, dushmanning dushmaniga qarshi guvohligini qabul qilmagin», deb aytadi. Alloh deydi:
«Ey bandam, huzurimda undan boshqa ham senga qarshi guvohlar borki, ularga nima deysan?» Banda:
«O’ Parvardigoro, hech narsa demayman», deb javob beradi. Shunda Alloh uning ikki qo‘liga buyuradi va ular badani qilgan jamiki amallarni aytib, guvohlik berishadi. Banda: «O’ Parvardigoro, albatta, sen bizlarga payg‘ambar yubording va u bizlarga qonunlar joriy qildi. Biz unga ergashdik. Chunki Sen:
«Kim Payg‘ambarga itoat qilsa, batahqiq Allohga itoat qilibdi» degansan», deydi. «Ey bandam! Mening payg‘ambarim nima qonun-qoidalarni joriy qilgan ekan?» deganda, banda: «Bitta guvoh hujjatlikka kifoya qilmaydi», deganlar. Ikki qo‘l bitta guvohdir, yana bitta guvoh kerak», deb javob beradi. Alloh: «Agar senga qarshi yana bitta guvoh guvohlik bersa, gunohlaringga iqror bo‘lasanmi?» deb so‘raydi. «Ha», deb javob qiladi u. Shunda Alloh uning oyoqlariga amr qilsa, oyoqlari Allohning qudrati bilan tilga kirib, yaxshiyu yomon amallarini gapiradi. Banda hayratlanib a’zolariga qaraydi va:
«Ey a’zolarim, men sizlardan boshqa emas, balki men sizman va sizlar esa mensizlar. Men Rabbim bilan sizlar uchun tortishyapman. Sizlarni himoya qilsamu, sizlar o‘zingizni do‘zaxga tashlayapsizlar», deydi. «Sen bizlarni nodonlikda ayblayapsan. Vaholanki, biz sendan nodonroq kimsani ko‘rmaganmiz. Biz esa faqatgina rost so‘zlashga ma’murmiz», deyishadi a’zolar. Shunda Alloh zaboniyalarga uni do‘zaxga olib borishni buyuradi. Banda esa: «O’ Parvardigor, sening rahmating qaerda qoldi? Vaholanki, Sen rahmlilarning rahmlirog‘isan-ku!?» deb nido qiladi. Alloh aytadi: «Mening rahmatim muslimlar uchundir. Agar avvaldanoq e’tirof etganingda, senga insof qilardik». Banda: «O’ Parvardigor, men e’tirof etaman, lekin do‘zaxdan qo‘rqqanim tufayli shunga majbur bo‘ldim», deydi. Keyin Alloh amr qiladi: «Ey farishtalarim, bandamni jannatga olib boringlar. Men uni mag‘firat qildim va afv etdim». Bas, uni jannatga olib ketishadi».
Dostları ilə paylaş: |