Microsoft Word durratun nosihiyn ziyouz com doc


Oltmish beshinchi majlis JUMANING FAZILATI HAQIDA



Yüklə 490,58 Kb.
səhifə76/85
tarix31.12.2021
ölçüsü490,58 Kb.
#49502
1   ...   72   73   74   75   76   77   78   79   ...   85
Usmon ibn Hasan Xubariy. Durratun nosihiyn (2)

Oltmish beshinchi majlis JUMANING FAZILATI HAQIDA

Alloh taolo aytadi: «Ey mo‘minlar, qachon juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga (ya’ni, juma namozini ado qilish uchun) shoshib boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangizlar, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga – juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir» (Juma surasi, 9-oyat).

Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam juma kuni minbarda xutba o‘qib turar edilar. Shu vaqtda Dihyatul Kalbiy Shom tijoratidan qaytib keldi va kelganini bildirish uchun nog‘ora chaldi. Masjidda turgan odamlar uning oldiga shoshib chiqdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birga masjidda faqat 12 kishi qoldi. Shunda quyidagi oyat nozil bo‘ldi: «(Ey Muhammad), qachon ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar».

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: «Uyi bilan masjidning orasidagi masofa jumadan keyin uyiga yetib olish mumkin bo‘ladigan darajada bo‘lgan har bir kishiga juma namozi vojibdir».

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim juma namozini uzrsiz tark etsa, bir dinor sadaqa qilsin. Agar bir dinor topa olmasa, yarim dinor sadaqa qilsin. Kim ketma-ket uch marta juma namozini o‘qimasa, uning guvohligi qabul qilinmaydi», deganlar.

Abu Bakrdan raziyallohu anhu rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim juma kuni g‘usl qilsa, gunohlariga kafforat bo‘ladi. Agar jumaga borsa, Alloh uning har bir qadami uchun yigirma yillik ibodat yozadi. Agar juma namozni o‘qisa, yuz yillik amali solih bilan ajrlanadi», dedilar.

Said ibn Musayyab raziyallohu anhu aytadilar: «Juma namozini o‘qimog‘im men uchun nafl haj qilishdan ko‘ra suyukliroqdir».

Xabarda keladiki, Alloh taolo Baytul Ma’murning oldiga oq kumushdan minora yaratgan bo‘lib, uning uzunligi besh yuz yillik yo‘ldir. Juma kuni Jabroil alayhissalom bu minoraga chiqib, azon aytadi. Isrofil alayhissalom minbarga chiqib, xutba o‘qiydi. Mikoil farishtalarga imom bo‘lib namoz o‘qiydi. Namozdan forig‘ bo‘lishgach, Jabroil alayhissalom: «Azon aytishimdan hosil bo‘lgan savobni Muhammad alayhissalom ummatlarining muazzinlarining barchasiga berdim», deydi. Isrofil alayhissalom: «Xutba o‘qishdan hosil bo‘lgan savobni yer yuzidagi Muhammad alayhissalomning ummatlaridan bo‘lgan xutba o‘quvchilarga berdim», deydi. Mikoil alayhissalom: «Men imomlikdan hosil bo‘lgan savobni Muhammad alayhissalomning ummatlarining imomlariga berdim», deydi. Farishtalarning barchalari: «Biz jumani o‘qishdan hosil bo‘lgan savobni imomning ortidan ergashib, jumani o‘qigan jamiki musulmonlarga berdik», deyishadi. Alloh taolo esa: «Ey farishtalarim, sizlar mening huzurimdagi saxovotni zohir qilyapsizlarmi?! Izzatim va buyukligimga qasamki, bandalarim orasidan Mening amrimga bo‘yinsunib, habibim Muhammadga ergashib, juma namozini o‘qiganlarning gunohlarini mag‘firat qildim», deydi.



Hikoya qilinishicha, Molik ibn Dinor zamonasida majusiy aka-ukalar bo‘lib, biri olovga 73 yil, ikkinchisi esa 35 yil ibodat qilibdi. Kunlarning birida kichigi kattasiga: «Ey aka, mana falon yildan beri olovga ibodat qilyapmiz, keling, uni bir sinab ko‘ramiz. Agar bizni boshqa odamlarni kuydirgandek kuydirsa, unga ibodat qilmaymiz. Agar kuydirmasa, o‘lgunimizcha unga ibodat qilamiz», dedi. Keyin olov yoqishdi. «Birinchi bo‘lib sen qo‘lingni olovga tiq», dedi kattasi. Kichigi qo‘lini tiqqanida, olov uni kuydirdi. U qo‘lini tortib olib: «Ey olov, falon yildan beri senga ibodat qilyapman. Sen esa menga aziyat berding!» dedi va akasiga: «Ey aka, keling shunga ibodat qilmaylik», desa, akasi: «Men unga ibodat qilishni tark qilmayman», deb javob berdi. Ukasi olovga ibodat qilishni tashlab, Molik ibn Dinorning oldiga keldi. U va’z qilib turgan edi. Molik unga va ahli baytiga Islomni tushuntirgach, hammalari Islomga kirishdi. Molik unga: «Oldimga o‘tirgin, men senga do‘stlarimdan mol yig‘ib beraman», deganida u: «Men dinimni dunyo evaziga sotishni xohlamayman», deb qaytib ketdi.
Shahardagi xarobalardan biriga borib, oilasi bilan birga u yerda qo‘nim topdi va Allohga ibodat qila boshladi. Tong otgach, ayoli: «Bozorga borib ishlang va yeyishga taom sotib oling», dedi. U bozorga bordi, ammo biron kimsa uni ishga olmadi. Shunda u o‘ziga: «Alloh uchun amal qilgin», dedi-da, masjidga kirib namoz o‘qiy boshladi. Kech kirgach, uyiga quruq qaytdi. «Biron narsa topmadingizmi?» deb xotini so‘raganida, u: «Bir odamnikida ishladim, u ish haqimni ertaga berishni va’da qildi», deb javob berdi. Ular kechani och holda o‘tkazishdi. Ertasi kuni yana shu holat takrorlandi. Kechasi uyiga hech narsasiz qaytdi. Xotini sababini so‘raganida kechagidek javob qildi. Uchinchi kuni – juma kuni ham bozorga bordi. Yana biror ish topolmadi. Masjidga borib, juma namozini o‘qigach, qo‘lini osmonga ko‘tarib, «Yo Parvardigor, bu dinning hurmati, bu kunning hurmati bilan so‘raymanki, qalbimdan ahli oilam nafaqasining g‘amini ko‘targin. Albatta, men ayolimdan hayo qilyapman va ularga ochlik g‘alaba qilib, akamning diniga qaytib ketishlaridan qo‘rqyapman», deb duo qildi. Shu payt bir kishi ularning eshigini taqillatdi. Ayoli chiqib qarasa, chiroyli yigit usti ro‘molcha bilan yopib qo‘yilgan oltindan yasalgan tovoqni qo‘lida ushlab turibdi. Yigit ayolga: «Buni olgin va eringga aytgin: «Bu eringning juma kuni Alloh uchun qilgan amalining haqqidir. Bu kundagi ozgina amalning ajri Allohning huzurida ko‘pdir», dedi. Ayol tovoqdagi ro‘molni olsa, unda ming dinor bor ekan. Bu dinorni olib zargarning oldiga bordi. Zargar uni o‘lchab ko‘rsa, dunyo oltinidan ikki barobar og‘ir ekan. Dinorning naqshlariga qarab bu dunyo dinorlaridan emasligini angladi. «Qaerdan olding?» deb so‘radi. Ayol bo‘lgan voqeani aytib berdi. Zargar ham Islomga kirdi va ayolga ming dinor berdi. Eri esa namoz o‘qib bo‘lgach, uyiga qaytdi. U ro‘moliga tuproq solib:

«Xotinim un olib keldim, deyman», deb xayol qildi. Uyiga kirgach, taomning hidini sezdi. Ro‘molni eshikning oldida qoldirib, xotinidan bu hodisaning sirini so‘radi. Xotini bo‘lgan voqeani aytib berdi. Yigit bu ne’matlar uchun Allohga shukrona sajdasini qildi. Xotini undan: «Nima olib keldingiz?» deb so‘raganida u hijolat bo‘lib: «So‘ramagin», dedi. Xotini ro‘molni ochib qarasa, juma namozining hurmatidan tuproq unga aylanib qolgan edi.

Muso alayhissalom Baytul Maqdisdagi tog‘ning oldiga kelganlarida, Allohga jiddu jahd bilan ibodat qilayotgan qavmni ko‘rdilar. Muso alayhissalom ularning kimligini so‘raganlarida, ular: «Biz sizning ummatingizmiz. Bu yerda Allohga yetmish yildan beri ibodat qilmoqdamiz. Libosimiz sabr libosi, taomimiz yer giyohlari, ichimligimiz yomg‘ir suvidir», deb javob berishdi. Muso alayhissalom bundan xursand bo‘ldilar. Shunda Alloh u kishiga vahiy qildi: «Ey Muso, Muhammadning ummati uchun bir kun borki, undagi ikki rak’at namoz amallarning hammasidan yaxshiroqdir». Muso alayhissalom: «Yo Parvardigor, u qaysi kun?» deb so‘raganlarida Alloh: «Juma kunidir», deb javob berdi. Muso alayhissalom bu ummatning afzalligidan ajablandilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Mening oldimga Jabroil alayhissalom keldi va u kishining kaftlarida oq ko‘zgu bor edi. U menga: «Bu juma kuni. Bu kunni sizga va sizdan keyingi ummatingizga iyd-bayram bo‘lishi uchun Alloh sizga berdi», dedi. Ko‘zguning o‘rtasida qora nuqta bor edi. Men: «Bu qanaqa nuqta», deb so‘radim. Jabroil alayhissalom: «Bu juma kunidagi bir soatki, kim Allohga ushbu soatda duo qilsa, Alloh uni ijobat etadi», deb javob berdi».

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Kim jumaga birinchi soatda kelsa, xuddi bir tuyani qurbon qilgandek savob oladi. Kim ikkinchi soatda kelsa, sigir qurbonlik qilganning savobiga ega bo‘ladi. Kim uchinchi soatda kelsa, xuddi qo‘chqor so‘ygandek savob oladi. Kim to‘rtinchi soatda kelsa, tovuq sadaqa qilgandek savob oladi. Imom minbarga xutba uchun chiqsa, kitoblar yopiladi, qalamlar ko‘tariladi va farishtalar xutba eshitish uchun minbarning oldiga jamlanadilar. Kim shundan keyin kelsa, xuddi namozning haqqi uchun kelgandek bo‘ladi. Shuning uchun ham odamlar jumaga kelishlariga qarab, jannatda Allohni ko‘rishga yaqinroq bo‘ladilar».

Asarlarda keladiki, farishtalar bir banda jumaga kelish vaqtidan kechikib qolsa, uni axtarishga tusharkanlar va: «Ey Alloh, agar uni kechiktirayotgan narsa faqirlik bo‘lsa, uni boy qilgin. Agar kasallik bo‘lsa, unga shifo bergin, agar biror mashg‘uloti bo‘lsa, undan forig‘ qilgin, agar o‘yin-kulgu bo‘lsa, uning qalbini O’zingning ibodatingga moyil qilgin», der ekanlar.




Yüklə 490,58 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   72   73   74   75   76   77   78   79   ...   85




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin