Microsoft Word durratun nosihiyn ziyouz com doc


Yetmish birinchi majlis RAMAZON HAYITINING FAZILATI



Yüklə 490,58 Kb.
səhifə82/85
tarix31.12.2021
ölçüsü490,58 Kb.
#49502
1   ...   77   78   79   80   81   82   83   84   85
Usmon ibn Hasan Xubariy. Durratun nosihiyn (2)

Yetmish birinchi majlis RAMAZON HAYITINING FAZILATI

Alloh taolo aytadi: «Darhaqiqat, (kufru isyondan) pok bo‘lgan va Parvardigorining nomini yod etib namoz o‘qigan (har bir) kishi najot topgandir. Yo‘q, sizlar (ey kofirlar) hayoti dunyoni ustun qo‘yursizlar! Holbuki, oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir. Darvoqe, bu (surada mazkur bo‘lgan pand-nasihatlar) avvalgi (payg‘ambarlarga nozil bo‘lgan) sahifalarda Ibrohim va Muso sahifalarida ham bordir» (A’lo surasi, 14-19-oyatlar)

Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam minbarga chiqib:

«Amin», dedilar. So‘ng yana bitta ko‘tarilib: «Amin», dedilar. So‘ng yana bir bor ko‘tarilib: «Amin», dedilar. Muoz ibn Jabal: «Yo Rasululloh, minbarga chiqayotib, uch marta «Amin», dedingiz. Buning hikmati nima?» deb so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Mening oldimga Jabroil alayhissalom keldi-da: «Ey Muhammad, kim ramazon oyiga yetsa-yu, unda oxirigacha ro‘za tutmasa va bu oydan mag‘firat qilinib chiqmasa, Alloh uni o‘z mag‘firatidan yiroq qilsin», dedi. Men:

«Amin» dedim. Va «Kimning ota-onasi yoki ulardan biri hayot bo‘lib, ularga yaxshilik qilmasdan vafot etsa, Alloh uni o‘z mag‘firatidan yiroq qilsin» dedi, men: «Amin» dedim, «Kimning oldida ismingiz zikr qilinsa-yu, u sizga salovot aytmasa, Alloh uni o‘z mag‘firatidan yiroq qilsin» dedi. Men:

«Amin», dedim».

Ibn Mas’ud raziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar:

«Agar mo‘minlar ramazon ro‘zasini tutib, so‘ngra hayitga chiqishsa, Alloh: «Ey farishtalarim, birovning xizmatini ado etgan kishi xizmat haqini talab etadi. Bandalarim Mening ro‘zamning xizmatini ado etib, haqlarini olmoq uchun namozgohga bormoqdalar. Sizlar guvoh bo‘ling, ularni mag‘firat qildim» deydi. Shunda farishtalar: «Ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam ummatlari, endi uylaringizga boringlar. Alloh taolo gunohlaringizni kechirdi», deb nido qiladilar. «Ey bandalarim, Men uchun ro‘za tutdingiz, mening farmonim bilan og‘iz ochib, iftor qildingiz, endi shod bo‘ling, sizni mag‘firat etdim», deydi Alloh».

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ramazonning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firatdir. Oxiri esa do‘zaxdan ozod bo‘lishdir» dedilar. Boshqa bir hadisda esa: «Alloh ramazonning har bir soatida Qadr kechasigacha azobga haqli bo‘lgan 600 ming kishini do‘zaxdan ozod qiladi. Bu kechada esa oyning boshidan buyon ozod qilinganlar adadicha insonlarni do‘zaxdan ozod qiladi. Ramazon hayitida esa butun oy va Qadr kechasida ozod qilinganlar miqdoricha bo‘lganlarni do‘zaxdan ozod qiladi» deganlar.

Anas ibn Molik Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan aytdilar: «Bandalarning tutgan ro‘zalari fitr sadaqasini bermagunlaricha osmon bilan yer o‘rtasida muallaq holda qoladi. Fitr sadaqasini bergach, Alloh ularning ro‘zasiga ikkita qanot ato qiladi. U bu qanotlar bilan yettinchi osmongacha uchib boradi. So‘ngra Alloh uni bu ro‘zaning egasi kelgunicha arshning qandillarida saqlaydi». Boshqa bir hadisda esa: «Mo‘min banda uchun beshta hayit (bayram) bor: nomai a’moliga gunoh yozilmagan har bir kun, dunyodan iymon va shahodat bilan ketmoq, sirot ko‘prigidan o‘tib, qiyomat dahshatlaridan omon qolgan kun, jannatga kirgan kun, jannatda Allohning jamolini ko‘radigan kuni.

Vahib ibn Munabbahdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: «Iblis alayhi la’na har bir hayitda ovozining boricha qichqiradi. Shunda barcha shaytonlar uning oldiga jamlanadilar va unga: «Ey Sardorimiz, kim seni g‘azablantirdi. Biz uni halok qilamiz» deyishadi. Iblis:

«Hech kim, lekin Alloh taolo bu kunda mo‘min bandalarini mag‘firat qildi. Agar sizlar harak’at qilib, ularni nafs shahvati va sharobxo‘rlikka mashg‘ul qilsangiz, Alloh taolo ularni azobga duchor etgan bo‘lardi», deydi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey ummatlarim, Alloh taolo hayit kuni sizlarni fitr sadaqasi va xayrli amallaringiz uchun, namoz va zakot, tasbeh va tahlillaringiz uchun gunohlaringizni mag‘firat etadi, duolaringizni qabul qiladi. Alloh sizlarga rahmat nazari bilan qaraydi», dedilar.
Hikoya qilinishicha, Solih ibn Abdulloh raziyallohu anhu fitr (ramazon) hayiti kunida hayit namozini o‘qib, uyiga kelgandan keyin ahli oilasini atrofiga to‘plab, o‘z bo‘yniga zanjirlar solardi va boshiga kul-tuproq sochib, zor-zor yig‘lardi. Oila a’zolari unga: «Ey Solih, bugun hayit hamma xursand bo‘ladigan kun. O’zingizni nega bunday ahvolga solasiz?» deb so‘rganlarida, u shunday deb javob berardi: «Bugun hayit va shodlik kuni ekanini yaxshi bilaman. Parvardigorim menga ro‘za va fitr xizmatini ado etishni buyurgan edi, ularni qo‘limdan kelganicha bajardim. Lekin qabul qilgan-qilmaganini bilmayman».

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qildilar: «Ramazon hayiti kuni Alloh farishtalarni yuboradi. Ular yerdagi shaharlarga tushadilar va: «Ey Muhammad sollallohu alayhi va sallamning ummati hayit namoziga chiqinglar» deydilar. Ular namozgohlarga borganlarida Alloh taolo aytadi: «Ey farishtalar, guvoh bo‘linglarki, albatta, Men ularning tutgan ro‘zalarining savobiga roziman va ularni mag‘firat qildim».

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Hayit kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ko‘chaga chiqdilar. Bolalar o‘yin-kulgi bilan mashg‘ul edilar. Faqat bitta kir va juldur kiyimli bola chetda o‘tirib yig‘lardi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Ey bola, bugun hayit, hamma bolalar quvnab, o‘ynab-kulib yuribdi, sen nega yig‘layapsan?» deb so‘radilar. U dedi: «Otam g‘azotga borib halok bo‘ldi, onam esa turmushga chiqdi va menga tegishli mol-ashyolarni yeb tugatdi. O’gay otam meni uydan haydab yubordi. Hozir mening na kiyishga kiyimim, na yeyishga ovqatim bor va na uy-joyim. Hamma bolalarning ota-onalari bor ular, chiroyli kiyimlar kiyishib, bugun o‘yin-kulgu qilyaptilar. Agar otam tirik bo‘lganda edi, men ham yangi kiyimlar kiyib, o‘ynagan bo‘lardim», dedi. Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bolaning qo‘lidan ushlab: «Ey bola, men otang bo‘lsam, Oisha onang bo‘lsa, Ali amaking, Fotima opang, Hasan-Husayin akalaring bo‘lsalar, rozi bo‘larmiding?» deb so‘radilar. «Yo Rasululloh, albatta rozi bo‘lardim», dedi bola. Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uni uylariga olib borib, qornini to‘ydirdilar, chiroyli kiyimlar kiydirib, har xil hidli narsalar sepdilar. Bola Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning uylaridan xursand bo‘lib chiqdi va bolalarga qo‘shilib o‘ynay boshladi. Uni ko‘rgan bolalar: «Hozirgina yig‘lab o‘tirgan eding, endi esa juda xursand ko‘rinasan», deyishdi. «Otam yo‘q edi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam otam bo‘ldilar. Oisha raziyallohu anhu onam bo‘ldilar, Och edim qornimni to‘ydirdilar, yalang‘oya edim, anvoyi kiyimlar kiydirdilar, men xursand bo‘lmay, kim xursand bo‘lsin», dedi bola. «Qaniydi bizlarning otalarimiz ham g‘azotda shahid bo‘lganlarida edi», deyishdi bolalar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etganlarida bola faryod qilib yig‘lab: «Men endi g‘arib va yetim bo‘ldim» dedi. Shunda Abu Bakr uni o‘z homiyliklariga oldilar.

Hazrati Usmon ibn Affon raziyallohu anhu bir safar fitr sadaqasini berishni unutgan ekanlar. Hayit namozidan keyin eslariga tushib, fitr sadaqasi o‘rniga bir qulni ozod qildilar, so‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Yo Rasululloh, fitr sadaqasini hayitdan oldin berishni unutgan ekanman. Uning o‘rniga bir qulni ozod etdim» dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilib aytdilar: «Ey Usmon, yuzta qulni ozod etganing savobi fitr sadaqasini hayitdan ilgari berganlikning savobiga teng bo‘lmaydi».

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Alloh taolo fitr sadaqasini hayitdan oldin ado etgan kishini gunohlardan poklaydi va unga o‘nta yaxshilik ato qiladi: uni barcha do‘zax otashidan ozod qiladi, tutgan ro‘zasini qabul qiladi, o‘sha bandaga jannatni vojib qiladi, qabrdan sog‘-salomat turg‘izadi, o‘sha yili qilgan barcha xayrli amallarini qabul qiladi, o‘sha bandaga Payg‘ambar alayhissalomning shafoatini vojib qiladi, Sirot ko‘prigidan yashin tezligida o‘tkazadi, Mezonda uning savoblarini og‘ir qiladi, uning ismini baxtsizlar daftaridan o‘chirib tashlaydi».


Yüklə 490,58 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   77   78   79   80   81   82   83   84   85




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin