turur va shubhasiz, sizlar Uning huzuriga to‘planursizlar» (Anfol surasi, 24).
Mujohid aytganlarki: «Buning ma’nosi, Alloh banda bilan uning aqli orasini egallab –
to‘sib turadi. Hattoki, banda barmoqlari nima qilayotganini ham bilmay qoladi».
Tabaroniy: «Bu oyat Alloh taoloning bandalar qalbiga ularning o‘zlaridan ko‘ra molikroq
ekanini, U agar xohlasa, banda bilan uning qalbi orasini egallab – to‘sib olishini va inson
Allohning xohishi bilangina biron narsani idrok etishini xabar qiladi», deydilar.
Sahih hadisda keladi: «Albatta, sizlardan bir kishi jannat ahli amallarini qiladi. Hattoki, u
bilan jannat orasida bir ziro’ masofa qoladi. Shunda unga kitob (taqdir) yetib keladi-da,
do‘zax ahli amalini qiladi va do‘zaxga kiradi» (Muttafaqun alayh).
«Jannat ahlining amalini qiladi», degani, insonlarga shunday ko‘rinadi. Aslida esa u
amalning yashirin bir illati bo‘ladi. Agar u rostdan ham solih, maqbul amal bo‘lganida
edi, Alloh uni yaxshi ko‘rgan va rozi bo‘lgan, uning amalini botil qilmagan bo‘lardi.
Shuning uchun, oxiri nima bilan tugashini bilmasdan turib, amalning zohiri bilan
g‘ururlanmaslik kerak. Chunki amallar xotimasi bilan e’tiborlidir.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam ko‘pincha: «Yo‘q, qalblarni o‘zgartiruvchi zotga qasamki», deb ont ichardilar»
(Buxoriy rivoyati).
Sahl ibn Sa’d Saidiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi
vasallam aytdilar: «Bir kishi do‘zax ahli amalini qiladi, holbuki, u jannat ahlidandir. Yana
bir kishi jannat ahli amalini qiladi, holbuki, u do‘zax ahlidandir. Darhaqiqat, amallar
xotimasi bilan e’tiborlidir» (Buxoriy rivoyati).