Bir kishi o‘g‘li o‘lgan birodariga ta’ziya bildirib xat yozdi:
«...Farzand, modomiki hayot ekan, otasi uchun g‘am-tashvish va fitnadir. Agar otasi
qarib qolsa, u duo va rahmatdir. Uning g‘am-tashvishi-yu, fitnasidan ayrilib
qolganingizdan ko‘p siqilmang. Alloh taolo uning duosi va rahmatining o‘rniga bergan
narsasidan (ya’ni ajrdan) mahrum bo‘lib qolmang».
Muso ibn Mahdiy o‘g‘li vafot etgan Ibrohim ibn Salamaga ta’ziya bildirib dedi: «Balo va
fitnadan qutilganingizga xursand, duo va rahmatdan mahrum bo‘lganingizga esa xafa
bo‘ling».
Bir kuni boshqa kishiga ta’ziya bildirib dedi: «Oxiratda ajr beriladigan kishi dunyoda
shodlik va quvonch beriladigan kishidan ko‘ra yaxshiroqdir».
Rivoyat qilinishicha, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo o‘g‘lini dafn qilib, so‘ngra
kuldilar. U kishidan: «Qabr tepasida ham kulasizmi?» deb so‘rashgan edi: «Shaytoning
burnini yerga ishqalashni xohladim», deya javob berdilar.
Ibn Jurayj roziyallohu anhu dedilar: «Musibat chog‘ida ajr va savob umidida tasalli
topmagan kimsa xuddi hayvonlar tinchlangandek tinchlanadi».
Hamid A’rojdan naql qilinadi: Said ibn Jubayr roziyallohu anhu o‘g‘liga qarab turib: «Men
sendagi yaxshi xususiyatni bilaman», dedilar. O‘sha yerdagilar: «U nima?» deb
so‘rashgan edi, «U vafot etib, savobini umid qilishim», deya javob berdilar.
Bir kishi o‘g‘lidan xafa bo‘lib Hasan Basriyga shikoyat qildi. Hasan roziyallohu anhu u
kishidan: «O‘g‘lingiz g‘oyib bo‘lib turadimi?» deb so‘ragan edi, u: «Ha, ko‘pincha g‘oyib
bo‘ladi», deya javob berdi. U zot: «O‘g‘lingiz sizdan uzoqda yuraversin. Zero, u g‘oyib
bo‘lgan sayin sizning ajringiz ziyodalashaveradi», deya maslahat berdilar. Haligi kishi:
«Ey Abu Said, o‘g‘limga nisbatan saqlagan kekimni tarqatib yuborayozdingiz», deb
minnatdor bo‘ldi.
Umar ibn Abdulaziz roziyallohu anhu bemor yotgan o‘g‘lining oldiga kirib: «Ey
o‘g‘ilginam, o‘zingni qanday his qilyapsan?» deb so‘ragan edi, o‘g‘li: «Haq yo‘lda
barqarorman», deya javob berdi. U zot roziyallohu anhu: «Ey o‘g‘ilginam, men uchun
mening mezonimda bo‘lishing, sening mezoningda bo‘lishimdan ko‘ra suyukliroq»,
dedilar. Shunda o‘g‘li: «Ey otajon, men uchun siz yaxshi ko‘rgan narsa bo‘lishi men
suygan narsa bo‘lishidan ko‘ra suyumliroq», deb javob berdi.
Imom Shofe’iy hazratlari o‘g‘li vafot etganda, quyidagi baytni o‘qigan ekanlar:
Dunyo shunday ekan, sabr qil, Yo moldan judolik, yo habibingdan.
Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu Muhammad ismli, xushsurat o‘g‘li bilan Valid ibn
Abdumalikning huzuriga yo‘l oldi. Valid olachipor kiyimda, qo‘llari bilan kiyim
bog‘ichlarini o‘ynayotgan bolaga qarab: «Quraysh yigitlari mana shunday bo‘ladi», deb
unga suqlandi va ko‘zi tegdi. O‘g‘lon uning oldidan behol bo‘lib chiqdi. Chorvalar
bog‘langan joyda yiqilib, podaning tagida qolib ketdi. Bola o‘ldi.