Amr ibn Hazm roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi
vasallam aytdilar: «Qaysi bir mo‘min musibat yetgan birodariga ta’ziya bildirsa, Alloh
unga qiyomat kuni ulug‘lik libosini kiygazadi» (Ibn Moja rivoyati).
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima
roziyallohu anhodan: «Ey Fotima, uyingdan chiqishga seni nima majbur qildi?» deb
so‘ragan edilar, qizlari: «Yo Rasululloh, mana bu mayyitning ahli-yaqinlariga borib,
mayyitga (Allohning) rahmatini tiladim va ularga ta’ziya izhor qildim», deya javob
berdilar» (Abu Dovud rivoyati).
Rivoyatlarda kelishicha, musibatzadaga ta’ziya bildirgan kishi musibatzadaning ajri
miqdoricha ajrga ega bo‘ladi; eridan tul qolgan xotinga ta’ziya bildirgan kishiga jannat
to‘ni kiydiriladi.
Ta’ziya sabrga undash va musibatni yengillatadigan, qayg‘uni aritadigan so‘zlar bilan
tasalli berishdir. U amri ma’ruf va nahiy munkarni o‘z ichiga olganligi bois mustahab
bo‘lib, «Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz» (Moida surasi, 2) oyati
karimasini amalda tadbiq qilishning bir ko‘rinishidir.
Dafn marosimidan oldin ham, keyin ham ta’ziya bildirish mustahab hisoblanadi.
Imom Shofe’iy ashoblari: «Mayyit o‘lgan paytdan dafn qilinganining uchinchi kunigacha
ta’ziya bildirish lozim», deyishgan bo‘lsa, bizning ashoblarimiz: «Uch kundan keyin
ta’ziya bildirish makruh. Chunki ta’ziya musibatzadaning qalbini tinchlantiruvchi vosita
bo‘lib, odatda, uch kundan keyin qalb tinchlangan bo‘ladi. Uning qayg‘usini
yangilashning esa keragi yo‘q», deganlar.
Abu Abbos aytganlarki: «Uch kundan keyin ham ta’ziya bildirilsa bo‘laveradi. Uning vaqti
cheklanmagan».
Navaviy aytganlar: «Bu boradagi muxtor (tanlangan, mo‘’tabar) gap shuki, uch kundan
keyin ta’ziya bildirilmaydi. Mabodo, ta’ziyachi yoki musibatzoda dafn vaqtida yo‘q bo‘lib,
uch kun o‘tgandan so‘ng kelsa, unda ta’ziya bildiriladi».
Dafn qilingandan keyin ta’ziya bildirish ma’qulroq. Chunki mayyitning yaqinlari to dafn
qilinguncha, o‘likni jihozlash ishlari bilan ovora bo‘ladilar. Shuningdek, dafn qilingandan
so‘ng ularning qayg‘ulari kuchayadi. Agar ular betoqat, besabr bo‘lsalar, ularni
tinchlantirish uchun dafndan oldin ham ta’ziya bildirsa bo‘laveradi.
Mayyitning yaqinlari ta’ziya bildiruvchilarni qabul qilish uchun bir uyda yig‘ilib turishlari
makruh. Bu hukm erkagu ayollarga birdek tegishli. Ular o‘z ishlari bilan mashg‘ul
bo‘lishlari kerak.