www.ziyouz.com kutubxonasi
4
Va u Robboniy ajoyib bir ishdir, aksar aql va fahmlar uning haqiqatiga yetishda ojiz
qoladi.
Uchinchi lafz «nafs» bo‘lib, u ham bir necha ma’nolar o‘rtasida mushtarakdir. Ulardan
ikki ma’no bahsimiz mavzuiga taalluqlidir. Birinchisi shuki, nafs, deganda insondagi
g‘azab va shahvat quvvatini jamlovchi ma’no iroda qilinadi. Kelgusida buning batafsil
sharhi keladi. Bu tasavvuf ahllariga g‘olib bo‘lgan ma’no bo‘lib, ular fikricha, nafs
insondagi qoralangan sifatlarni jamlovchi asldir, ya’ni negizdir. Ular aytadilar: «Nafsga
qarshi kurashish va mudom uni sindirishdan boshqa chora yo‘q». Payg‘ambar
alayhissalomning mana bu so‘zlari ham bunga ishoradir: «Ichingdagi nafsing
dushmaningning eng yomonidir» (Bayhaqiy rivoyati, sanadida mavzu’chilardan
Muhammad ibn Abdurahmon bor).
Ikkinchi ma’no - nafs yuqorida zikr etilganidek, bir ilohiy ne’matdir. Inson nafsi uning
o‘zidir. Lekin u holatining turlanishiga qarab har xil sifatlanadi. Agar nafs Haq amriga
bo‘ysungan holda shahvoniy hurujlarni yengishga qodir bo‘lsa, u nafsi mutmainna, ya’ni
xotirjam-sokin nafs, deb nomlanadi. Alloh taolo aytadi:
«Ey xotirjam-sokin jon, sen rozi bo‘lgan va rozi bo‘lingan holda Parvardigoring (huzuriga)ga qayt!» (Val-fajr surasi, 27-28-oyatlar.)
Endi nafsni avvalgi ma’nosi bilan oladigan bo‘lsak, uning Allohga qaytishini tasavvur qilib
bo‘lmaydi. Chunki u Allohdan uzoq va shaytonning jamoasidandir. Agar nafsning
sokinligi tom bo‘lmay, shahvoniy nafsga bir qarshi chiqib va bir yoqlab ikkilanuvchi
bo‘lsa, u malomatgo‘y nafs, deb nomlanadi. Chunki banda Mavlosiga ibodat qilishda
qosirlikka yo‘l qo‘yganida nafsi uni malomat etadi. Alloh taolo aytadi:
«Va Men malomatgo‘y nafsga qasam ichurmanki...» (Qiyomat surasi, 2-oyat).
Agar nafs e’tiroz bildirmasa va shahvoniy narsalarga bo‘ysunib, shaytonning
vasvasalariga itoat qilsa, u nafsi ammora, ya’ni yomonlikka buyuruvchi nafs, deb
nomlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda Yusuf alayhissalom tillaridan yoki Azizning ayoli
tilidan xabar berib aytadi: