«Kimga hikmat berilgan bo‘lsa, batahqiq unga ko‘p yaxshilik berilibdi» (Baqara
surasi, 269-oyat).
G’azab quvvatining chiroyliligi uning qisilishi va yozilib ketishi hikmat taqozo qilgan
chegarada bo‘lishidadir. Xuddi shuningdek, shahvatning chiroyliligi va yaxshi bo‘lishi
ham hikmat ishorasi ostida, ya’ni aql va shariat ishorasining ostida bo‘lmog‘idadir.
Adolat quvvati - shahvat va g‘azablarni aql va shariat ishorasi ostida ushlab turishdir.
Aql nasihatgo‘y bir maslahat beruvchiga o‘xshaydi. Adolat quvvati - qodirlikdir. U aqlning
ko‘rsatmasini amalga oshirib yurgizuvchiga o‘xshaydi. G’azab esa unda ko‘rsatma
amalga oshiriladigan narsadir. U ovchi itga o‘xshaydi. Chunki g‘azabni erkin qo‘yish va
uni to‘xtatib turish nafsning shahvatini qo‘zg‘ashi taqozosi bilan emas, balki ko‘rsatmaga
binoan bo‘lmog‘i uchun unga odob-tarbiya berish lozim. Shahvat ov qilish uchun
miniladigan otga o‘xshaydi. Chunki u ham goho tarbiyalangan, o‘rgatilgan bo‘ladi, goho
esa bo‘ysunmas bo‘ladi. Kimda mana shu xislatlar bir xil holda to‘g‘ri bo‘lsa, u to‘liq
husni xulqlidir. Kimda uning ba’zisi to‘g‘rilanib, ba’zisi to‘g‘rilanmagan bo‘lsa, u
to‘g‘rilangan ma’no jihatidan chiroyli xulqlidir, bunday inson yuzining ba’zi a’zolari
chiroyli bo‘lib, ba’zisi xunuk kishiga o‘xshaydi.
Ihyou ulumid-din (Qalb kitobi). Abu Homid G’azzoliy
www.ziyouz.com kutubxonasi
82
G’azab quvvatining chiroyli va to‘g‘ri bo‘lishi shijoat, deyiladi. Shahvat quvvatining
chiroyli va to‘g‘ri bo‘lishi esa iffat, deyiladi. Agar g‘azab quvvati to‘g‘rilikdan ziyodali
tomonga moyil bo‘lsa, u haddan oshish, deb nomlanadi. Agar zaiflik va nuqsonli
tomonga moyil bo‘lsa, u qo‘rqoqlik va ojizlik, deb ataladi. Agar shahvat quvvati ziyodali
tomoniga moyil bo‘lsa, u ochko‘zlik, deb nomlanadi. Agar nuqsonli tomonga moyil bo‘lsa,
u jaholat, deyiladi. Bulardan o‘rtachasi maqtovga sazovor va fazilatdir. Ikki tomoni esa,
ya’ni ziyoda va kam tomoni yomonlangan va nuqsonlidir. Adolat agar yo‘q bo‘lsa, uning
uchun ziyoda va nuqson tomon bo‘lmaydi. Balki uning bitta ziddi va muqobili bo‘ladi, u
esa zulmdir. Ammo hikmatni yomon maqsadlarda ishlatishda haddan oshish axloqsizlik
va tilyog‘lamachilik, deb nomlanadi. Unga beparvolik qilish esipastlik, deyiladi. Bu
ikkisining o‘rtasi esa hikmat nomi bilan xoslanadi.
Demak, axloqlarning onalari va asoslari to‘rtta bo‘lib, ular hikmat, shijoat, iffat va
adolatdir. Hikmatdan murod nafsning jamiki ixtiyoriy ishlarda xatolikdan to‘g‘rilikni
ajrata oladigan bir holatidir. Adolatdan murod nafsning g‘azab va shahvatga siyosat qilib
turadigan, ularni hikmat taqozo qiladigan narsalarga undaydigan, hikmat taqozosiga
ko‘ra erkin qo‘yadigan va ushlab turadigan holatidir. Shijoatdan murod g‘azabning
quvvati ro‘yobga chiqishida va tiyilishida aqlga bo‘ysungan bo‘lmog‘idir. Iffatdan murod
shahvat quvvatining aql va shariat tarbiyasi bilan tarbiyalanganidir. Mana shu to‘rt
asosning to‘g‘ri bo‘lishidan barcha chiroyli xulqlar hosil bo‘ladi. Zero, aql quvvatining
to‘g‘ri bo‘lishidan tadbirning chiroyi, zehnning yaxshiligi, fikrning o‘tkirligi, gumonning
to‘g‘ri chiqishi, ishlarning nozik nuqtalari va nafsning xufyona ofatlarini sezish hosil
bo‘ladi. Unga chuqur ketishdan esa makr, hiyla, aldoqchilik va ayyorlik sodir bo‘ladi.
Unga beparvolikdan tentaklik, g‘amorat, jinniliklar sodir bo‘ladi. G’amoratdan murod
o‘ylashga imkon bo‘lgan holda ishlarda tajribasizlikdir. Goho insonning bir narsani qo‘yib,
boshqa narsaga o‘ralashib qolish holati ham bo‘ladi. Ahmoqlik bilan jinnilikning farqi
shunday: ahmoqning maqsadi to‘g‘ri bo‘ladi, lekin uning tutgan yo‘li buzuqdir. Uning
uchun maqsadga yetkazadigan yo‘lni tanlashda to‘g‘ri fikr bo‘lmaydi. Ammo jinni ixtiyor
qilinishi kerak bo‘lmagan narsalarni ixtiyor qiladi, uning asl ixtiyori buzuq bo‘ladi
Shijoatlilik xulqidan saxiylik, jasurlik, qahramonlik, nafsni sindirish, aziyatlarni ko‘tarish,
halimlik, sabotlilik, g‘azabni yutish, viqorlilik, do‘stlashish va shularga o‘xshash maqtovli
xulqlar sodir bo‘ladi. Ammo shijoatda haddan oshishdan maqtanchoqlik, o‘zini katta
olish, qattiq g‘azablilik, takabbur va xudbinlik hosil bo‘ladi. Unga beparvo bo‘lishdan
xorlik, sharmandalik, qayg‘u, tahqirlanish, o‘zini past sanash, vojib bo‘lgan haqni
olishdan o‘zini ushlab turishlar sodir bo‘ladi.
Iffatlilik xulqidan saxiylik, hayo, sabr, kechirish, qanoat, omonatdorlik, muloyimlik,
yordam berish, ichki go‘zallik va ta’ma qilmaslik hosil bo‘ladi. Ammo unda chuqur
ketishga yoki beparvolikka moyil bo‘lishdan esa hirs, ochko‘zlik, uyatsizlik, axloqsizlik,
isrofgarchilik, hafsalasizlik, riyokorlik, sharmandalik, dilxushlik, laganbardorlik,
hasadgo‘ylik, ichqoralik, boylar oldida xor bo‘lish, kambag‘allarni xaqir sanash va boshqa
narsalar hosil bo‘ladi.
Chiroyli xulqlarning onalari mana shu to‘rt fazilatdir. Ya’ni, hikmat, shijoat, iffat va
adolat. Qolganlari ularning bo‘laklaridir. Bu to‘rt narsada mukammal to‘g‘ri bo‘lishga
faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetganlar. U kishidan keyingi insonlar esa
unga yaqin va uzoq bo‘lishda bir-birlaridan farq qilishadi. Bu xulqlarga yaqinlashgan har
Ihyou ulumid-din (Qalb kitobi). Abu Homid G’azzoliy
Dostları ilə paylaş: |