www.ziyouz.com kutubxonasi
116
bilan ham faqat zarur gaplarni gaplashish lozim bo‘ladi, chunki so‘zlashish qalbni
mashg‘ul qiladi. Qalblarning so‘zlashishga bo‘lgan ishtiyoqi katta. Chunki so‘zlashish
unga rohat beradi hamda zikr va fikr chun vaqt ajratishni qiyinlashtiradi. Natijada qalb
undan huzurlanadi. Jim turish aqlni kuchaytiradi, parhezni jalb qiladi, taqvoni o‘rgatadi.
Yolg‘izlik hayotining foydasi shuki, mashg‘ul qiladigan narsalarning daf bo‘lishi quloq va
ko‘zlarning saqlanishidir. Chunki ko‘z va quloq qalbning yo‘lagidir. Qalb esa sezgi
anhorlaridan iflos, loyqa, karih ko‘riladigan suvlar to‘planadigan hovuz hukmidadir.
Riyozatdan maqsad hovuzning ostidagi buloq ko‘zlari ochilishi va undan toza va pokiza
suvlar chiqishi uchun shu suvlardan va undan hosil bo‘lgan balchiqlardan hovuzni
bo‘shatishdir. Hovuzdan suvni qanday qilib olib tashlash mumkin bo‘ladi? Vaholanki,
loyqa suvlar oqadigan anhorlar ochiq bo‘lsa, har doim olingan suvdan ko‘ra ko‘proq
loyqa suv unga yangilanib kirib turadi. Demak, (loyqa anhorlar hisoblangan) sezgi
a’zolarini zarur miqdordan ortig‘idan to‘xtatib turish lozim. Bu esa faqat qorong‘i uyda
yolg‘iz qolish bilan mukammal bo‘ladi. Agar uning uchun qorong‘i joy bo‘lmasa, boshini
yoqasining ichiga o‘rab yoki bir kiyimga yo choyshabga o‘ranib olsin. Mana shunga
o‘xshash holatlarda Haqning nidosini eshitadi, Parvardigorining ulug‘ligini mushohada
qiladi.
Ko‘rmaysizmi, Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qilgan nidosi u
kishiga mana shu sifatda bo‘lganlarida yetgan. Alloh taolo u zotga aytadiki:
«Ey (kiyimlariga) o‘ralib olgan zot» (Muzzammil surasi, 1-oyat).
«Ey (liboslariga) burkanib olgan zot» (Muddassir surasi, 1-oyat).
Yuqoridagi to‘rt xil narsa to‘siqlarni daf qiladigan va yo‘lto‘sarlardan qutqaradigan qalqon
va qo‘rg‘ondir. Agar mana shu to‘rt xil narsani bajara olsa, keyin yo‘lga yurish bilan
mashg‘ul bo‘ladi. Yo‘lga yurish dovonlarni kesib o‘tish bilan bo‘ladi. Alloh taoloning
yo‘lidagi dovon esa dunyoga iltifot qilish uchun bo‘lgan qalb sifatlaridir. Bu dovonlarning
ba’zisi ba’zisidan kattaroqdir. Uni kesib o‘tishdagi tartib avval osonrog‘i bilan, keyin yana
osonrog‘i bilan mashg‘ul bo‘lmoqdir. Bu sifatlar yuqorida zikr qilingan, murid bo‘lishdan
oldin kesib o‘tilgan yo‘llardir. Ya’ni, mol, martaba, xalqqa yuzlanish va gunohlarga
intilishdir. Demak, zohirini bu sifatlarning zohiriy sabablaridan xoli qilganidek, botinini
ham uning asaridan xoli qilishi lozim. Buning uchun uzoq kurashish kerak.
Holatlarning turlichaligiga ko‘ra kurashish ham har xil bo‘ladi. Ba’zi kishilar bu
sifatlarning ko‘pini daf qilgan bo‘ladi, bundaylarga kurashish uzoq davom etmaydi.
Kurashish yo‘li muridning nafsiga g‘olib kelgan har bir sifatda shahvatlarga qarshi
chiqish va havoyi nafsiga xilof qilish ekanini kitobimiz avvalida zikr qilgan edik. Agar bu
sifatlarni daf qilsa yoki kurashish bilan zaiflashtirsa, qalbida unga biron aloqa qolmasa,
keyin qalbini doim lozim tutib turadigan zikr bilan mashg‘ul qiladi. Uni zohiriy vazifalarni
ko‘paytirishdan man qiladi. Balki u farzlar va ravotib sunnatlar bilan kifoyalanadi. Uning
vazifasi bitta bo‘ladi. U ham bo‘lsa, vazifalarning mag‘zi va samarasidir. Ya’ni, qalb
Allohdan boshqasini zikr qilishdan xoli bo‘lganidan keyin Alloh taoloning zikrini lozim
tutishidir. Uning qalbi, modomiki boshqa narsalar aloqasiga burilib turadigan bo‘lsa, uni
bu vazifa Alloh zikri bilan mashg‘ul qilmaydi.
Ihyou ulumid-din (Qalb kitobi). Abu Homid G’azzoliy