Isajon Sulton. Boqiy darbadar (roman)
www.ziyouz.com kutubxonasi
10
nurafshon qariyani ko‘rganlarini aytadilar, qariya shu darajada keksaygan ediki, xuddi ukparday
hilvirab qolgan edi.
Boshqa birovlar esa, Tangriga yaqin zotlarning uning huzuriga suhbat
uchun kelib turganlaridan
xabar beradilar.
Darhaqiqat, avliyolar – Parvardigori olamning marhamati va mukofotiga sazovor kishilar ekaniga
shak-shubha yo‘q. Avom ularning hikmatlarini anglashga ojizlik qilishi ham rad etib bo‘lmaydigan
haqiqat. Bizlar anglab yeta oladigan darajada bayon qilingan boshqa bir haqiqat esa mana bunday:
Bir kuni avliyoning huzuriga
baland bo‘yli, uzun sochlari yelkasiga tushgan, yalangoyoq bir odam
kirib keladi va undan mo‘‘jiza ko‘rsatishini, agar ko‘rsatmasa, o‘ldirajagini aytib tahdid qiladi.
– Qanday mo‘‘jiza ko‘rsatishimni istaysan? – deb so‘raydi Avliyo undan.
–
Bilmadim, ishqilib, g‘ayrioddiy bir narsa bo‘lsin, – deydi kelguvchi.
– Unda, u mo‘‘jizani nimaga sabab bo‘lishini xohlaysan?
– Sening rostdan ham avliyo ekaningga ishonishim uchun.
– Sen o‘zing dunyoda nima istashingni bilmasang, men bechora banda qaerdan ham bilayin, – deb
javob bergan Avliyo. – Qara, olamda hamma narsa mukammal bir tartib bilan harakatlanib turipti.
Bahorda bu yerdan turli-tuman nabotot unib chiqadi. Sanog‘ini Tangridan boshqa hech kim bilmaydi.
Shuncha nabototning unishi uchun kerak bo‘lgan suvni tomchi-tomchisigacha o‘lchovi bilan bulutlar
olib kelib yog‘dirsa, hatto sen qudratini ko‘rib hayratlanishing yoki eski tuproqlarni ichidagi bor-yo‘q
jasadlari
bilan yuvib, boshqa joylarga ozuqa bo‘lishi uchun olib ketadigan yoxud har ikkalasi uchun
ham bo‘ronlar essa, sellar oqsa... Quyosh keragicha qizdirsa, dov-daraxtu o‘t-o‘lanning changlanishi
uchun qancha asalari va hasharot kerak bo‘lsa, shunchasi yaratilsayu gullarni changlantirishidan
tashqari yana bol ham to‘plasa va o‘zining mavjudligi va hayoti bilan
yana uning qudratidan xabar
berib tursa... Sen aytayotgan mo‘‘jiza mana shu nizomga qarshi ravishda, shu tartibni buzib paydo
bo‘ladigan hodisadir. Ayt-chi, ey Tangrimning bandasi, birgina mening avliyo ekanimga ishonishing
mana shu nizomning buzilishiga arziydimi?
– Bu kam, – dedi chaqirilmagan mehmon o‘ylanib. – Yana nimalarni ayta olasan?
– Uning bergan ne’matlaridan
bemalol foydalansang, ixtiyoringga sening minadigan otingdan
ko‘ra minglab karra mukammalroq boshqa bir otni – vujudingni ato etgan bo‘lsa. Olamdagi har bir jon
o‘zining vazifasidan boshqa yana bir vazifani bajarib kelayotganining hikmatini ko‘r. Mukammal bir
lashkarga o‘xshaydigan, g‘oyatda ixcham yaratilgan asalari o‘zining ehtiyojidan minglab karra ko‘p
bol to‘plasa, bir daraxt, nasl qoldirishi uchun kerak bo‘ladigan mevalarning
minglab mislini tugsa, bir
baliq minglab uvuldiriq tashlasa, bir nabotot o‘zining unib-o‘sishidan tashqari yo yemish, yo davo
bo‘lsa... va faqat sengina bularning hammasidan yeb-foydalansangu hosilang bo‘lmasa... ustiga-ustak,
shu holingda yana mo‘‘jiza talab qilsang... Hayotingning
boshidan oxirigacha, go‘dakligingdan to
keksayguninggacha hayot hikmatini, Uning marhamatini anglolmasdan, Uning pardalari ortidagi
sirlariga bir marta boqolmasdan
darbadar kezsang-u, sening bu tutuming mo‘‘jiza
talab qilishingga
huquq bera oladimi?
Mehmon yerga o‘tirdi, qilichini ham yerga qo‘ydi.
– Bu gaplarni oldin ham eshitganman, – dedi u. – Men sendan haqiqatni bilishni istayman.