www.ziyouz.com kutubxonasi
7
Uchrashganida ham – Xizr alayhissalomdan mujda kutolmasligiga uning aqli yetgan, albatta.
Chunki qismatlarni faqat va faqat Parvardigorgina belgilaydi.
Balki, yorug‘ olamda bir Iblis va bir o‘zi bunday taqdirga egaligidan vahimaga tushib, yuzlab yillar
tavba qilgandir? Va o‘zining yaratilishi ham aslida bir hikmatga ishora ekanidan umidvor bo‘lib,
Parvardigordan rahmat ilinjida dunyo kezar?
Ibroniy ulamolari buni yaxshi biladilar. Biladilaru ammo u haqda so‘z ochishdan o‘zlarini tiyadilar.
* * * Umriboqiy bu chol haqida unchalik ishonib bo‘lmaydigan boshqa rivoyatlar ham bor. Shuningdek,
uylangani yoki farzandlari bo‘lgani haqida ham hech gapirilmaydi. Qalbida mudhish bezovtalik va
qo‘rquv hukm surgan odam uchun kimnidir sevish, oila qurish, bola-chaqa ko‘rish kabi insoniy
ne’matlarning ahamiyati qolarmikin?
Darbadar chol haqida bilganlarimiz – shu. Balki tarix kitoblarini varaqlasak, yillar changi orasidan
taqdiri Iblisning taqdiriga o‘xshab ketadigan bu badbaxt haqida boshqa ma’lumotlarni ham topishimiz
mumkindir. Biroq, bilganlarimizning hammasini aytishdan biz ham o‘zimizni tiyamiz, qolaversa, buni
nojoiz deb o‘ylaymiz. Chunki...
...chunki hozirgina sahro bag‘rida bir karvon to‘xtab ulgurdi. Karvonning yo‘lovchilari ko‘p emas, ularning yuzlari safar mashaqqatlarida qoraygan, dag‘allashgan... SAHRODAGI KARVON Yuksaklarda og‘ir va qat-qat bulutlarni haydab kelib, tog‘larning yuksak qoyalari oldida qoldirgan
shamollar hozir Osiyo sahrolari uzra esmoqda edi. Jonsiz tuyulgan barxanlar orasida tin olish uchun
to‘xtagan karvon chodirlarini tikib ulgurgan, endi shamol rang-barang matolarni yulqab o‘ynar,
sahroning sariq qumi og‘ir qo‘zg‘alib to‘lqinlanardi. Oyoq ostida o‘rmalovchi tezchopar chumolilaru
kaltakesaklar g‘ayrioddiy bir sezgi xususiyati bilan bu shamolning oddiy emasligini sezganlari bois
qum ostiga ko‘milib olgan edilar, sahroning boshqa fuqarolari – ilonlar va echkemarlar ham o‘z
bilganlaricha yashirindilar. Faqat o‘jarroq va keskirroq o‘qilongina saksovul shoxida qimir etmay turar,
shox bilan birga chayqalar edi.
Shamol yana epkin urganida, saksonlarni qoralab qolgan karvonboshi chol nevarasiga uzoqlarda
qimir etmay turib qolgan bulutlarni ko‘rsatib:
– O‘sha yerda tog‘lar bor, bolam, – dedi. – Bulutlar cho‘qqilardan o‘ta olmay turib qoldi, endi
yomg‘irlarini o‘sha yoqqa to‘kadi. Tangri nimani xohlasa, o‘sha bo‘ladi.
– Shamol-chi, o‘ta oladimi? – deb so‘radi nevara.
– Shamol o‘ta oladi, chunki u ko‘zga ko‘rinmas havodan iborat. – dedi Chol. – Aslida shamol ham,
bulutu yomg‘ir, havo ham Xudoning maxluqi, bolam. Ular Parvardigorning amrini bajaradilar.
Jumladan, senu men ham.
– Men Xudoning amrini qanday bajaraman? – dedi nevara