www.ziyouz.com kutubxonasi
15
XALQARO ANJUMAN Shimoliy Amerikadagi ulkan aerokosmik markazlardan birida, so‘lim daryo yoqasidagi uch qavatli
muhtasham saroyda kelajak insonini yaratish borasidagi tadqiqotlarning navbatdagi yakuni o‘qib
eshittirilmoqda edi. Anjumanda inson genetikasi va ruhiyati borasida dong‘i ketgan eng mashhur
olimlar ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, nutqlar hamda hisobotlar juda sust bormoqda, salqin zalda keng-
qulay oromkursilarda o‘tirgan ilm ahli nurlanishlarning hamda yangi texnologiyalarning odam geniga
va embrioniga ta’siri haqidagi uzundan-uzoq nutqlarni anchayin zerikish bilan tinglamoqda edilar.
Anjumanning shov-shuvli qismi Gobidagi Inson takomili markazining hisoboti ekanini hamma
bilardi. Shu bois, bir necha yillardan beri boshi berk ko‘chaga kirib kelayotgan masofaviy boshqarish
va ruhiyatga ommaviy ta’sir usullari haqidagi hisobotlar, aytarli yangi gap yo‘qligi uchun ham qiziqish
uyg‘otmayotgan edi.
Osiyodagi Inson takomili markazi yuqori texnologiyalarni qo‘llash orqali inson vujudini
takomillashtirish muammolari bilan shug‘ullanishidan ko‘pchilik xabardor edi. Markaz joylashgan
cho‘lning Oltoyga tutash joyi fazo nurlanishlarini kuzatish uchun eng maqbul, shuningdek, g‘ayrioddiy
hodisalar eng ko‘p sodir bo‘ladigan joylardan biri ekanligi o‘tgan asrdan beri fanga ma’lum. Bir necha
mamlakat hududiga kirib borgan va mo‘g‘ullar Shamo, xitoylar Alashan, uyg‘urlar Jung‘or deb
ataydigan bu ulkan cho‘l qishda qirq daraja sovug‘iyu yozda ellik darajali jaziramasi bilan ham
mashhur edi. Yer yuzida turli-tuman iqlimlarni yaratib qo‘ygan Parvardigori olam, mana shunday
sahrolarni ham yaratishi bilan, kishilarga «Bas, yer yuzini kezing va tafakkur qiling» deb
ogohlantirayotgan edi go‘yo.
O‘zidan juda kuchli elektr quvvati chiqarib, yon-veridagi har qanday jonzotni ko‘mirga
aylantiradigan ulkan to‘mtoq sahro qurti – olg‘oy-xorxoy haqidagi xabarlar keldi Professorning
xayoliga. Olg‘oy-xorxoy faqat Gobida yashaydi. Tana tuzilishini shaffof holga keltira oladi, goh
ko‘rinib-goh ko‘rinmasligining sababi shunda...
Markaz vakilining hisoboti soat ikkiga belgilangan edi. Belgilangan vaqtda sahnaga qotmadan
kelgan misrlik zanji olim chiqib keldi, uning chiqishi qarsaklar bilan qarshilandi. Bu odam sun’iy
urchitish va klonlashtirishning genetik muammolari borasida tengi yo‘q daho ekani hammaga ayon edi.
– Muhtaram anjuman ahli, – deb so‘z boshladi daho, sokin va osoyishta ovozda. – Men, genetika
mutaxassisi Georg Mendel, umrimning qirq yilini shu fanning turli chigal masalalarini yechishga
sarfladim. Jonli borliqlarning gen o‘ramlari qarshisida soatlab termilib o‘tirgan onlarimda doimo
shuurimda «Yaratgan Parvardigorimning nizomini buzishga urinib, xato qilmayapmanmi?» degan
savol ko‘ndalang turdi. Millionlab variantlarni tahlil qilar ekan, istalgan har bir kombinatsiyadan
o‘xshashi yo‘q bir maxluq bino bo‘lishidan har dam cho‘chib yashaganimni sizlarga
bildirmoqchiman...
Salonga jimlik cho‘kdi. Hammaning diqqat-e’tibori genetikaning shu dahosiga qaratildi.
– Umrim o‘tgani va gen tilsimlariga qadam-baqadam yaqinlashib borganim sayin, u «gunoh
qilmayapmanmi?» degan savolga aylana bordi, – deb davom etdi olim. – Zotan, bu yerga to‘plangan
muhtaram jamoaning har biriga mazkur savol ko‘pdan tanish ekaniga shubham yo‘q. Umrining