www.ziyouz.com kutubxonasi
16
ufqlarini ko‘rib turgan bir olim uchun esa bunday savollarning ahamiyati g‘oyat ulkan va hatto
mudhish tus olishini hammangiz yaxshi bilasiz. Genlarni o‘zgartirish borasidagi tadqiqotlarimizda
muttasil olg‘a siljiyotganimizni e’tirof etish bilan birga, kutilmagan natijalarga ro‘para
kelayotganimizni sizga ma’lum qilmoqchiman. Bu natijalarni sharhlashni o‘zingizga havola qilgan
holda, diqqatingizni ekranlarga qaratishingizni so‘rayman!...
Shu orada qolgan chiroqlar ham o‘chib, sahnadagi ulkan monitor yorishdi.
Monitorda shisha xona ichida ko‘zlari katta-katta bir odam ko‘rindi. U tevarakka olazarak alanglar,
nimadandir juda bezovta edi.
– Bu – olti yuz oltmishinchi raqamli odam, – qorong‘ilik ichidan ovozi keldi olimning. – To‘rtinchi
halqa DNA
2
o‘ramlariga o‘tkazilgan ta’sirlar natijasida u nurlanishlarga chidamli bo‘lib dunyoga keldi.
Bu genomning nuqsoni – u ko‘r. Chunki oddiy sharoitda yashay olmaydi, quyosh nurlari vujudiga
halokatli ta’sir ko‘rsatadi.
Monitordagi tasvir g‘oyib bo‘lib, o‘rnida boshqasi paydo bo‘ldi.
– Mazkur jonzot favqulodda qobiliyatlarga ega holda dunyoga kelishi ko‘zlangan edi. Darhaqiqat,
uning suyaklari g‘oyat egiluvchan, lekin vujudi bunday egiluvchanlik uchun lozim bo‘lgan katta
miqdordagi ma’danlarni yetkazib berolmagani uchun halokatga mahkum.
Tasvirlar almashar, manzara ham noxushlashib bormoqda edi.
– Mana bunisi esa barhayot jonzot, – deb davom etdi olim. – Avstraliya toshbaqasining genlari
bilan chatishtirish orqali dunyoga kelgan bu odam juda uzoq yashaydi. Afsuski, teskari qonuniyatlar
yana pand berdi – harchand uzoq yashasa-da, unda aql nishonasi yo‘q.
Tasvirlar birin-ketin almashar, har bir sun’iy yetishtirilgan odamda yashay olishiga to‘sqinlik
qiluvchi bir nuqson namoyon edi.
– O‘tgan yigirma yil mobaynidagi izlanishlar natijasida mingdan ziyod mana shunday jonzot
dunyoga keltirildi, – deb davom etdi olim. – Ko‘rib turganingizdek, muvaffaqiyatlar bilan yengilishlar
nisbati teppa-teng. Sirasini aytganda, aql darajasi bugungi kun odamidan bir necha baravar yuksak va
mangu umr ko‘radigan odam yaratish fikri shu qadar jozibadorki, bu ko‘rganlaringiz majruhlarning va
noqislarning dunyoga keltirilishining gunohu savobi haqida o‘ylab ko‘rishga na vaqt bor, na istak.
Gunoh deganimizda, nainki bizning aralashuvimiz tufayli dunyoga majruh bo‘lib kelgan
jonzotlarni, balki ularning yo‘q qilinishini ham nazarda tutyapman – tasvirda ko‘rganingiz bu
jonzotlarning aksariyati hozir hayotda yo‘q, ba’zilari o‘z-o‘zidan halok bo‘lgan, ba’zilarini esa azob-
uqubatga qolmasliklari uchun o‘zimiz yo‘q qilganmiz. Evtanaziya
3
masalasi dunyoda hanuz hal
qilinmagan muammo bo‘lib turgani chog‘da, ushbu jonzotlarni yo‘q qilish odam bolasining joniga
qasd qilish bilan baravarmi-yo‘qmi, degan savolimiz ham hanuz yechilmasdan qolmoqda. Tabiiyki,
havo mavjud bo‘lmagan joylarda, suv ostida, kuchli nurlanishlarda, vulqonlarning tublarida bemalol
ishlay oladigan va tadqiqotlarimizga ko‘mak beradigan bir nasl bunyod etilsa, insoniyatning ko‘p
2
DNA – Deoxyribose Nucleic Acid, ya’ni dezoksiribonuklein kislota (DNK), hujayra ichida joylashgan, organizmning rivojlanishi va
faoliyati dasturini nazorat qiluvchi, o‘zida saqlovchi va avloddan avlodga uzatuvchi, har bir jonli vujudning har hujayrasida
bo‘ladigan organik modda.
3
Evtanaziya – tuzalmas kasallikka mubtalo bo‘lgan odam bolasini azobdan qutqarish uchun dorilar yordamida o‘ldirish.