www.ziyouz.com kutubxonasi
4
sendan farq qilib, og‘ir va azobli o‘lim topishadi. Lekin tarixda sening noming qoladi, boshqalar esa aynan shu qismat bilan yashashsa-da, yer yuzidan benomu nishon supurilib ketishadi... – Siz kimsiz, ota? – deb so‘radi bolakay.
– Mening otim – Hazrat, – dedi chol. – Vaqt-soati kelib, gaplarimni hali yana eslaysan, bo‘tam.
Shu voqeadan so‘ng bola to ulg‘ayguniga qadar bunaqa qora chumchuqlarni qaytib ko‘rmadi.
Ko‘rganlari esa, uchib-qo‘nib don-dun terib yuradigan oddiy chumchuqlar edi.
DUOYIBAD Quyosh nayza bo‘yi ko‘tarildi. Shahardagi qatl tomoshasi davom etmoqda edi.
Atrofdagi daraxtlarning shoxlari qora chumchuqlarga to‘lib ketgan, ular olomonga va etikdo‘zga ma’nosiz ko‘zlarini tikkancha, nimanidir kutgan kabi qing‘ayib qarab turishardi. Etikdo‘zning g‘ayrati jo‘shib ketdi, u ham olomonga qo‘shilib mahkumni mazax qila boshladi.
Mahkum ko‘rinishidan haddan tashqari holdan toygan edi. U shundoqqina etikdo‘zning devori
yoniga kelib qoldi.
Mana, u bir daqiqa ko‘zlarini yumdi, holsizlikdan gandiraklab ketdi.
– Imillama, imillama! – deb chuvvos solar edi olomon.
Mahkum bir damgina nafas rostlash uchun etikdo‘zning devoriga suyandi.
– Hali sen mening devorimga suyanadigan bo‘ldingmi? Imillama! – deb qichqirdi etikdo‘z ham va
shiddat bilan olg‘a intilib, uni ikki qo‘llab itarib yubordi. Muborak kishi yerga yiqilib tushdi, ammo
lom-mim demay kelayotgan O‘lim lashkarining jallodlaridan ikkitasi uni yana oyoqqa turg‘izishdi.
Etikdo‘z o‘zining qilgan ishidan mamnun, tirjayib turar edi.
Shunda...
(... Ey Xudo, shu ishni bekor qildim... Balki, rostdan ham, O‘ziga yaqin bir odam bo‘lsa-ya?
Osmondagi anavi oq bulut izidan qolmasdan ergashib yurgani-chi? Bu kishining aytganlari shak-
shubhasiz amalga oshadi... shu qadar muborakki, hali tug‘ilmasidanoq u suv ichadigan buloq, unga
soya solib, mevasi bilan taomlantirishi lozim bo‘lgan daraxt yaratib qo‘yilgan edi, degan gaplar-chi?..
Lekin menda ham ayb yo‘q. Hamma yoqda ayg‘oqchilar izg‘iyapti... ularning nazariga tushmaslik
uchun nomiga bo‘lsa-da koyib qo‘yishim kerak. Aslida... boshqalarni xavf ostiga qo‘yib mujda olib
keladigan kishi muborak bo‘larmidi?! Amaldorlar qilmishimni ko‘rishdi, erta-indin surishtiruvlar
boshlanadi, josuslar barcha voqealarni oqizmay-tomizmay yetkazishadi... va hech kim menga
tegmaydi...)
Shunda Muborak Kishi quyi egilgan boshini ko‘tardi, uning tiniq va nurafshon nigohi bilan
etikdo‘zning olazarak ko‘zlari to‘qnashdi.