www.ziyouz.com kutubxonasi
278
yo‘qdir (Qur’on, 42:11/9). T. istilohining ziddi (antonimi) bo‘lib at-tashbix, istilohi
ishlatilgan. T.ning sinonimi sifatida taqdis va tasbih istiloxlari qo‘llanilgan.
TANOSUX, tanosux al-arvoh(arab.) - ruhning ko‘chib yurishi haqidagi diniy ta’limot. T.
xaqidagi tasavvurlar juda qadimdan ma’lum bo‘lgan. O’lganlarning ruhi (joni) yangi
tug‘ilgan insonlarda, hatto hayvon va o‘simliklarda qayta mujassamlanishi haqidaga
tasavvurlar diniy e’tiqodning ilk shakllari (animizm) bilan bog‘liq ravishda vujudga
kelgan. U ba’zan qadimgi diniy va falsafiy ta’limotlarda (mas., Yunonistonda
metempsixoz, brahmanizm va hinduizmda sansara nomi bilan) keng tarqalgan.
An’anaviy islom ilohiyoti T.ni rad etadi, lekin undan o‘ta yiroqlashgan ayrim firqalar
(mas., ismoiliylarning ba’zi shaxobchalari)da T. qisman e’tirof qilingan.
TARIQAT (arab. - yo‘l, usul) - so’fiylikka xos tushuncha. Uch ma’noda ishlatiladi: 1)
umuman so’fiylik yo‘li; 2) so’fiylikning muayyan tarmog‘i, yo‘nalishi; 3) so’fiylik
bosqichlaridan biri. Lekin T.ni so’fiylik yo‘nalishlari (suluklari), tarmoqlari ma’nosida
qo‘llash kengroq tarqalgan. So’fiylikning bosqichi sifatida T. so’fiylar oldiga qo‘yiladigan
o‘ziga xos talablar majmuasini, xilma-xil ruhiy-jismoniy xatti-harakatlarni o‘z ichiga
oladi. T.ga qadam qo‘yish - tirikchilikning barcha tashvishlaridan voz kechish hamda
ixtiyorni pir-murshid (eshon)ga topshirishdan boshlanadi. Undan keyin T. yo‘lida so’fiy
yana bir necha bosqich (maqom)larni, jumladan doim kambag‘allikda, tasodifiy rizq
hisobiga yashash (faqr), tarki dunyo qilish (zuhd), har narsani faqat xudoga solish
(tavakkul), uni sevish va unga intilish (muhabbat, shavq) va b. bosqichlarni o‘taydi.
So’fiylikning ba’zi yo‘nalishlari insonni nafaqat zohidlik, balki mutaassiblik yo‘liga ham
yetaklaydi. So’fiylikda T.lar g‘oyatda ko‘p bo‘lgan. Hozirgacha ayrim Sharq
mamlakatlarida saqlanib kelayotgan qodiriya (Eron va Afg‘onistonda), rifoiya (Eron),
tayfuriya (arab mamlakatlari), mavlaviya (Turkiya), chishtiya (Hindiston, Pokiston),
bektoshiya (Turkiya), safaviya (Eron) va b. shular jumlasidandir. O’rta Osiyoda esa,
ilgaridan naqshbandiylik, kubroviylik, yassaviylik T.lari tarqalgan.