Tog’ay
Murod xirgoyilari
www.ziyouz.com
кутубхонаси
1
TOG’AY MUROD XIRGOYILARI
(Alloh rahmat qilsin - Tog’ay Murod haqida maqolalar, suhbatlar)
Dilmurod Quronov
QALBLARNI LARZAGA SOLGAN
XIRGOYI
"Hurriyat" gazetasi
2007
Tog‘ay Murodni shaxsan tanish, hamsuhbat bo‘lish
nasib etmagan, lekin uni yozuvchi sifatida
taniganimga ancha bo‘ldi. «Oydinda yurgan odamlar» qissasini o‘qiganimda ismsiz bir taassurot ichida
qolganimni eslayman: mazza qilib o‘qiganim rost-u, birovga aytib bergudek voqeasi yo‘qdek edi-da!..
Qahramonlari ham binoyidek-u, insho yozganingda «Falonchiga o‘xshagim keladi» deydigan emas-
da!..
Bu yanglig‘ taassurotning sababini keyinroq angladim: adabiyotimiz yangilanayotgan payt ekan,
Tog‘ay Murod shu yangilanishni boshlaganlardan biri, bizning adabiyot
haqidagi tasavvurlarimizni
yangilagan avlodning ilg‘orida borgan vakillaridan ekan...
Tog’ay Murod xirgoyilari
www.ziyouz.com
кутубхонаси
2
I
«Otamdan qolgan dalalar» nafaqat dolzarb mavzusi, balki badiiy jihatlari bilan-da adabiyotimizda
jiddiy voqea bo‘ldi. Asarning o‘ziga xos qurilishi, betakror ifoda yo‘sini, tildagi jozib ohang, samimiyat
– bularning bari uning muvaffaqiyatini ta’minlagan asosiy omillardir. Bir suhbatda asar xususida so‘z
borib, «Otamdan qolgan dalalar» janr e’tibori bilan romanmi?» degan savolni o‘rtaga qo‘ygan edim.
Ha, janrning risoladagi talablaridan kelib chiqilsa, bu savolni qo‘yish asoslidek. Zero,
roman markazida
inson taqdiri turgan holda u tugal maqsad emas, romaniy qahramon dunyoni badiiy idrok etish,
dunyo haqidagi, uning joriy holati haqidagi yaxlit badiiy kontseptsiyani shakllantirish va ifodalash
vositasi, xolos. Shunga ko‘ra, odatda, romaniy qahramon – o‘z muhitiga sig‘mayotgan, muhit bilan
ziddiyatga kirishgan, izlanayotgan shaxs sifatida namoyon bo‘ladi. Dehqonqulda
esa bu xususiyatlar
ko‘rilmaydi, u – kechagi kunini muhit izmida sassizgina yashab o‘tgan, endi kechmishini mushohada
qilayotgan odam. Dehqonqulning to‘laqonli romaniy qahramon sifatida bo‘y ko‘rsatishiga rivoyaning
birinchi shaxs tilidan berilgani monelik qilgan, ayni chog‘da, xuddi shu narsa asarda lirik ibtidoni
kuchaytirgani ham yaqqol ko‘rinadi: asarning ko‘p o‘rinlarida voqeani tasvirlash emas, ularga
munosabat bildirish maqsadi yetakchilik qiladi. Bularning natijasi o‘laroq,
asarda lirik ibtido salmoqli,
badiiy jihatdan belgilovchi o‘rin tutadiki, «Otamdan qolgan dalalar» nasrda bitilgan romanik
xarakterdagi «poema»dek, «doston»dek taassurot qoldiradi. Asardagi ifoda yo‘sini hamda voqelikni
badiiy idrok etish usulining xalq dostonlariga eshligi uning muvaffaqiyatini ta’minlagan qo‘shimcha
omil emasmikin?!
* * *
...romanning maqsadi dunyo haqidagi, uning joriy holati haqidagi yaxlit badiiy kontseptsiyani
shakllantirish va ifodalash, romaniy qahramon shuning vositasi dedik.
Shunga tayanib, «Otamdan
qolgan dalalar» janrning risolaviy talablariga javob berishiga shubha ham bildirdik. Boshqa tomoni,
axir, unda voqelikni qalbidan o‘tkazib, uning ta’sirida tug‘ilgan kechinmalarini, munosabatini
ifodalayotgan lirik qahramon — Tog‘ay Murodning o‘zi bor-ku?!. Dunyo bilan ziddiyatdagi, nasib etgan
taqdiridan imkoni kengroq bo‘lganidan muhitga sig‘mayotgan, aniqrog‘i, elining bir asrdan ziyod
muhit — mustamlaka tuzumiga sig‘may kelganini o‘zida namoyon etib turgan Tog‘ay Murodning o‘zi
risoladagi romaniy qahramon emasmi?!.
* * *
«Otamdan qolgan dalalar»ni realistik asar deganimiz holda, unda realistik shartlilik darajasining
yuqoriligi va bu narsa qat’iy realizm talablaridan jiddiy chekinishlarga olib kelganligini e’tirof etishga
to‘g‘ri keladi. Bu nimalarda ko‘rinadi? Avvalo, vaqtning shartliligi: 20-yillarda es tanigan bolakay 60-
yillarda ham bolaligicha qoladi.
Bugina emas, umuman asarda tasvirlangan (yoki eslatilgan, ishora
qilingan) voqealar, tafsilotlar real xronologiyaga doim ham muvofiq kelavermaydi. Undagi qator
obrazlar (masalan, ideologiya, kinochilar, mustamlakachilar...) realistik
obrazlar sifatida emas, ko‘proq
shartli, ramziy «maska» sifatida bo‘y ko‘rsatadi. Shunga o‘xshash, asarda haqiqiy familiyalari ostida
harakatlanuvchi sho‘ro hukumatining taniqli arboblari (Poltoratskiy, Kolesov, Uspenskiy...), murakkab
taqdir egasi polkovnik Chanishevlarning bitta hayotiy holat – Aqrab qo‘rboshining qo‘lga olinishi
doirasida tasvirlangani ham shartlilikdan o‘zga emas. Bulardan ko‘rinadiki, asarda mustabid
tuzumning tom ma’nodagi realistik obrazi emas, uning shartli obrazi yaratiladi: o‘quvchining ko‘z
oldida insoniylikdan butkul mahrum yovuzlik timsoli gavdalantiriladi. Asarning umumiy ruhini, «xiyla
keskin – tendentsioz» ruhini belgilagan bu kabi usulning (yovuzlik lagerining o‘ta
shartliligiyu ezgulik
lagerining hayotiy tasvirlanishi) ildizi ham aslida xalq og‘zaki ijodidan oziqlanadi...