Tog’ay Murod xirgoyilari
www.ziyouz.com
кутубхонаси
9
"Otamdan qolgan dalalar" olti yuz (600) betdan oshiq edi. Men uni uch yuz (300) betga
qisqartirib tushirdim. "Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi" besh yuz (500) betlar edi, men uni
ikki yuz ellik (250) betga tushirdim. O‘z qo‘lim bilan qaychiladim. Yillar davomida
yaratgan, peshona teri to‘kib yaratgan mehnatim samarasini o‘z qo‘lim bilan yo‘q qildim.
Ko‘nglim... uvishib ketdi. Ko‘nglim... achishib ketdi. Ko‘kragim ostida bir nima o‘pirilib
tushganday bo‘ldi... " deb yozadi. Ehtimol, bunday asarlardan qanchasini yozgandir.
Lekin yozuvchi kitobxon taassurotlarini buzib qo‘yishni xohlamagan, nazarimizda. Siz
aytgandek, Tog‘ay Murod o‘ziga o‘zi yuqori baho bergani bir gap. Lekin asosiy masala
uning har bir asari adabiyotimizda voqea bo‘lganligida. "Yulduzlar mangu yonadi" qissasi
e'lon qilingan paytlarni eslab, taniqli muharrir Mahmud Sa'diy bir nechta munaqqidga
taqriz yozishni taklif qilgani, hech kim lom-mim deyolmagani haqida yozgandi.
- Adabiyot hamisha adabiyotshunoslikdan oldinda yuradi. Tog‘ay Murod yangi tipdagi yozuvchi
edi, degan fikrni yana bir bor takrorlasam, ortiqcha bo‘lmas. Uni tushunish uchun ba'zi adabiy
an'analar, me'yorlarni bir oz chetga surib turish kerak bo‘ladi. Shu bois adibning ilk qissasi
jamoatchilikni bir oz dovdiratgan, hazmi og‘ir kelgan bo‘lishi mumkin. O‘zim esa Tog‘ayning ijod olami
bilan "Ot kishnagan oqshom" orqali tanishganman. Keyinroq ilk qissasini ham o‘qib chiqdim. Unda
adibning uslubi ikkinchi kitobidagidek bor bo‘yi bilan ko‘rinmagan edi. Tog‘ay Murod bir-biridan go‘zal
qissalarini e'lon qila boshlagach, o‘zi ham uslubini mukammallashtirib bordi, adabiy jamoatchilik esa u
haqiqiy iste'dod, bu haqiqiy yangilik ekanini anglab yetdi. Hamma kam-ko‘stini betakror uslubi bilan
yopib ketadi, deb o‘ylamaslik lozim. Go‘zal tili, qaytarilmas uslubidan tashqari o‘zi yozadigan hayotni
sinchkovlik bilan o‘rganish ham ibratli.
Dunyoda otdek go‘zal jonivor bo‘lmasa kerak. "Ot kishnagan oqshom" qissasi va boshqa
asarlaridan bu noyob jonivorning 25 ga yaqin zoti haqida hayratomuz ma'lumotlar olamiz. O‘zbek
adabiyotida otni Tog‘ay Murod darajasida go‘zal his etuvchi va chuqur biluvchi yozuvchi bo‘lgan
emas. Ba'zan Tog‘ay otni ayollardan ham yaxshiroq ko‘rgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylanib qolaman.
Shuningdek, g‘o‘za parvarishining ikir-chikirlarini hatto agronom ham Tog‘aychalik bilmasa keragov.
"Otamdan qolgan dalalar"ni o‘qigan kezlarim, menda shunday fikr uyg‘ongan edi. Shu bilan birga, u
asarining ilmiy risolaga o‘xshab qolishiga yo‘l qo‘ymagan, albatta. "Otamdan qolgan dalalar"ni uzoq
yillar yozish mobaynida adib hayoti asarga asos bo‘lajak dehqonlar, paxtakorlar ichida kechdi.
Moskvada o‘qib yurgan kezlari paxta ishiga aloqador tashkilotlarga mansub hujjatlar bilan tanishishga
jon-jahdi bilan harakat qildi va bunga bot-bot muyassar ham bo‘ldi. Ko‘rinib turibdiki, Tog‘ay har bir
asari ustida qattiq ishlagan, katta mehnat sarf qilgan. Bu mehnat zamirida fidoyilikdan tashqari,
alohida tip adiblargagina xos bo‘lgan "qaysarlik" yotadi.
Dostları ilə paylaş: