www.ziyouz.com кутубхонаси
195
POL-ANRI GOLBAX (Paul Genrix Ditrix) (1723-1798)
Frantsuz faylasufi Pol-Anri Golbax Germaniyaning Geydelsteym shahrida savdogar oilasida tug‘ildi. U baronlik nasabiga mansub edi. Golbax Leyden dorilfununini tugatib, Frantsiyaga yo‘l oldi va Parij shahrida muqim yashab qoldi. Uning Parijdagi Sen-Rosh ko‘chasida joylashgan uyi mashhur frantsuz ma’rifatparvarlarining qarorgohi bo‘lgan. Golbaxning quyidagi asarlari ma’lum: «Nasroniylikning fosh etilishi» (1761), «Ijtimoiy tizim» (1713), «Tabiiy siyosat» (1773), «Tabiiy axloq» (1770), «Tabiat tizimi yoxud fikriy olam va ruhiy olam qonunlari haqida (1770), «Tabarruk maraz» (1768), «Etokratiya yoki axloqqa asoslangan hukumat» (1776). Golbax «Tabiat tizimi» asarini do‘stlari davrasida vasiyatnoma deb atagan. Olim o‘zi asarlar yozibgina qolmay, o‘zi sevgan kitoblarni to‘plagan, avaylab saqlagan. Uning shaxsiy kutubxonasida 2777 jild kitob bo‘lgan. 1770 yilda Golbaxning «Tabiat tizimi», «Nasroniylikning fosh etilishi» va «Tabarruk maraz» asarlari Parij parlamenti tomonidan yoqishga hukm qilindi, chunki ularda dahriylik ruhidagi fikrlar bor edi. Olimning e’tiqodiga ko‘ra, inson tabiatning bir bo‘lagi, shuning uchun ham faoliyati tabiat qonunlariga bo‘ysunadi. Faylasuf shunga ko‘ra insonning biri ikkinchisiga qarama-qarshi turgan, ikki xil mohiyatga ega bo‘lgan diniy qarashlarini tanqid qiladi. * * *
Inson – tabiat mahsuli.
* * *
Inson o‘zini tabiatning imtiyozli mavjudoti deb bilishi uchun hech qanday asos yo‘q. Zotan, u ham
tabiatning boshqa mahsullari kabi beqarorlikka mahkum etilgan. Uning soxta ustunligi zamirida faqat
adashish yotadi. Inson o‘zi makon etgan yer kurrasi uzra fikran yuksaklikka ko‘tarilib ko‘rsin-chi.
Shunda u odamzotga xuddi boshqa hamma mavjudotlarga qaragandek qaraydi. Har bir daraxt o‘ziga
xos meva bergani kabi har bir inson ham o‘zining alohida quvvatiga xos ravishdagi harakatlari yoki
qilmishlari mevasini berayotganini ko‘radi. Hamda o‘zining o‘rnini qayta baholashga undayotgan puch
xayolligini inson bir vaqtning o‘zida ham Koinot kuzatuvchisi, ham Koinotning bir bo‘lagi ekanligi
tufayli paydo bo‘lganini anglaydi.
* * *
Biz sababi o‘zimizga noma’lum bo‘lgan, bilimsizligimiz hamda tajribasizligimiz tufayli avvaldan ko‘rib
bo‘lmaydigan narsalarni tasodifiy hodisalar deb ataymiz.
* * *
Jamiyatlar ham tirik organizmlar kabi inqirozlar, aqlsizlik lahzalari, inqiloblar, hayotiy o‘zgarishlarni
boshidan kechiradi, ular ham tug‘iladi, o‘sadi, o‘ladi, sog‘lomlikdan bemorlik sari, bemorlikdan
salomatlik sari yuz tutadi va nihoyat, barcha inson zoti kabi bolalik, yoshlik, yetuklik, keksalik
bosqichlaridan o‘tib, o‘limga ro‘baro‘ bo‘ladi.
* * *
Mustabid hukmdor hokimiyati doimo xalq vakillari hukmiga itoat etishi hamda o‘zlariga ishonch
bildirgan odamlarga doimo tobe bo‘lishi zarur. Vakillar bu odamlarga nisbatan xo‘jayin emas, balki ijro
etuvchi, ishonchli shaxslardir.
* * *