Sitseron Rimda tahsil olib, lotin tilini o‘rgandi. Shuningdek, notiqlik san’atini mukammal egallab, Afina, Kichik Osiyo va Rodos oroli hududlariga xos bo‘lgan fasohat ilmi bilan mustaqil shug‘ullandi. Faylasuf miloddan avvalgi 64-63 yillarda elchilik lavozimida xizmat qilib, mustabid tuzumning yangi vorisi Katilinga qarshi nutqlar irod etadi. Uning ana shu davrdagi to‘rtta nutqi notiqlik san’atining oltin jamg‘armasidan joy olgan. Suyukli qizi Tulliyaning nogahoniy o‘limi Sitseronni g‘amga botiradi. Taqdirning bu og‘ir zarbasidan so‘ng u falsafa ilmi bilan shug‘ullana boshlaydi. Faol siyosiy kurashlar va tajribasizlik, qolaversa, mash’um taqdir Sitseronning fojiali ravishda halok bo‘lishiga zamin hozirlab qo‘ygandi. U Yuliy Sezarning nevara jiyani Antoniy tashabbusi bilan qatl etiladi. Faylasufning boshi o‘zi bir necha marta otashin nutq so‘zlagan joyga mixlab qo‘yiladi. Sitseronning 58 ta nutqi, notiqlik san’ati, siyosat va falsafaga bag‘ishlangan 19 ta asari va 800 dan ziyod maktublari hozirga qadar saqlanib qolgan. * * *
Falsafaning kuchi shundaki, — deb yozadi Sitseron, — u qalblarga malham bo‘ladi, behuda
tashvishlarni bartaraf etadi, ortiqcha havaslardan xalos qilib, qo‘rquvni haydaydi. Shubhali narsalarni
qo‘llab-quvvatlashdan o‘zini tiygan faylasuflar donolarcha yo‘l tutadilar.
* * *
Vaqt soxta fikrlarni yemiradi, tabiat hukmini esa tasdiqlaydi.
* * *
Falsafa qalbga shifo bag‘ishlovchi fandir. Ammo bu shifo tan xastaliklaridagi kabi tashqaridan
kelmaydi. Biz barcha ichki imkoniyatlarimizni ishga solish yo‘li bilangina o‘zimizni o‘zimiz
davolamog‘imiz darkor.
* * *
Aql-idrok va tabiat uchun tasodifdan ortiqroq g‘ov yo‘q.
* * *
Falsafa aqliy madaniyatdir.
* * *
Saodatga erishish yo‘lini aytishdan avval o‘zimiz kimligimiz va tabiatning mohiyati nimada ekanligi
xususidagi savollarga javob topmog‘imiz lozim.
* * *
Adashish har bir insonga xos sifat. Ammo adashganlarning qaysarlik bilan o‘z yo‘lida davom
etaverishi — aqlsizlik.
* * *