Sizlarga esa oz ilm berilgan».(Isro, 85) Faqat bir narsa ma’lumki, oddiy tuproqdan tayyorlangan loydan yaratilgan insonga Alloh o‘z ruhidan
puflash bilan uni yuksaltirdi, azizu mukarram qildi. Inson o‘ziga berilgan ilm va tafakkur qobiliyatini yomonlikka
ham, yaxshilikka ham, ya’ni sharrga ham, xayrga ham ishlatishi mumkin. Inson tabiatidagi tuproq, loy uni
pastga, zalolatga tortsa, unga ingan «Allohning ruhi» yuksaklikka, poklikka, ma’naviy kamolot sari intilishga
undaydi. Ilohiy kitoblar inson uchun hidoyat yo‘li bo‘lsa, insonga yaratilishdan Alloh tomonidan nasib etilgan
pok ruh ushbu kitoblar mazmunini, payg‘ambarlar da’vatini anglashga imkon yaratadi. Darhaqiqat, insondan
o‘zga hech bir tirik («jonli») mavjudot ushbu kitoblar mohiyatini anglashga qodir emas. Bundan tashqari
yuqorida eslab o‘tilgan ilm va tafakkur qobiliyati, hayotiy hodisalar ustida mushohada yuritib, undan tegishli
xulosalar chiqarish imkoniyati ham faqat insonga xos.
Shunday ekan, inson o‘ziga berilgan bunday noyob imkoniyatlarni besamara qoldirmasligi, tafakkur bilan,
borliqni va ilohiy kalom mazmunini anglash orqali o‘z ma’naviy kamolatini yuksaltirib borishi lozim. Alloh taolo
tomonidan bandaga in’om etilgan pok ruh uni yaratganga imon keltirish, ne’matlariga shukr etish, hayotlik
davrida Allohning murodini haq deb bilib, adolat, rostlik, yaxshilik, haqiqatni sevish sifatlari bilan hayot
kechirishni taqozo etadi. Shunda inson unga Alloh ato etgan ulug‘ ne’matni zoe qilmagan bo‘ladi. Agar kimki,
shunga loyiq amal qilmasa, uning oqibati achchiq pushaymonlikdir.
4. Yomonlikdan saqlanish. Alloh taolo Iblisning Odam otaga qattiq adovatli dushman ekanini aytadi. U
Odamni shunday ustalik bilan aldadiki, natijada Odam Allohning qaytarig‘ini unutdi, uning amriga qarshi borib,
isyon qilganini sezmay qoldi va natijada ulug‘ ne’matdan – jannatdan ayrilib qoldi. Ammo uning Odamga
dushmanligi shu bilan tugamadi, balki Odam zurriyotlarini yo‘ldan urish va zalolatga tortishda to Qiyomat
davom etadi. Shuning uchun Alloh taolo bandalarni ogohlantirib deydi: