Elchilar aytdilar: «Robbimiz bilurki, bizlar, albatta, sizlarga yuborilgan elchilardirmiz! Bizlarning zimmamizda faqat Allohning vahiysini sizlarga aniq yetkazishgina bordir. Ular dedilar: «Bizlar sizlardan shumlanmoqdamiz. Qasamki, agar da’vatlaringizni to‘xtatmasangizlar, sizlarni albatta, toshbo‘ron qilurmiz va sizlarga biz tomondan alamli azob yetar». Elchilar aytdilar: «Shumlanishingiz o‘zlaringiz bilandir. Sizlarga nasihat qilinsa shumlanasizlarmi?! Yo‘q, sizlar haddan oshgan qavmdirsiz!» Shu payt bir kishi (Bu taklifni xaloyiqqa aytgan kishi Habib ismli bir xudojo‘y duradgor edi) shaharning ichkarisidan shoshganicha kelib, dedi: «Ey qavmim, bu elchilarga ergashinglar! O’zlari hidoyatda bo‘lgan va sizlardan haq so‘ramaydigan zotlarga ergashinglar!» U yana aytdi: «Nega men o‘zimni yaratgan Zotga ibodat qilmayin? Sizlar ham Ungagina qaytarilursizlar. Men Undan o‘zgalarni iloh qilib olaymi? Holbuki, agar Rahmon menga biror zarar yetkazishni istasa, u (iloh)larning shafoatlari menga biror foyda bera olmas va ular meni azobdan qutqara olmaslar. U holda men, albatta, aniq zalolatda bo‘lurman- ku! Haqiqatan, men Rabbingizga imon keltirganman, meni eshitib qo‘yingiz!» (So‘zlariga boqmay uni qatl qilishgach,
unga) «Jannatga kir», - deyildi. (U joydagi noz-ne’mat va izzat-ikromni ko‘rgach), u aytdi: «Qani edi qavmim bilsalar Robbimning meni mag‘firat etganini va meni mukarram kishilardan qilganini». Biz undan (Habib an-Najjor qatlidan) keyin uning qavmi ustiga osmondan biror qo‘shin (azob farishtalarini) tushirmadik. Biz (shoshilinch) tushiruvchi bo‘lmadik. Faqat birgina dahshatli qichqiriq bo‘ldi-yu, birdaniga ular «o‘chib» qoldilar».(Yosin, 13-29.) Avvalgi ulamolardan Ibn Abbos, Ka’bul-Ahbor va Vahb ibn Munabbahdan, keyingi ulamolardan Burayda ibn
al-Xasib, Ikrima, Qatoda, az-Zuhriy va boshqalardan qilingan rivoyatlarga qaraganda mazkur qavm yashagan
qishloqning nomi «Antokiya»dir.
Ibn Ishoq nomlari zikr etilgan avvalgi ulamolardan yana shuni ham rivoyat qilganki, mazkur qavmning Antixus ibn
Antixus ismli podshohlari bo‘lib, ular sanamlarga sig‘inardilar. Alloh taolo ularga Sodiq, Masduq va Shalum ismli uch
payg‘ambarni yubordi. Qavm esa payg‘ambarlarning da’vatiga quloq tutmadilar, ularni yolg‘onchi qildilar. (Ibn Kasir. Qisasul-anbiyo. Qohira. 212-bet.) Qatodaning taxmin qilishicha, Antokiya xalqiga yuborilgan uch payg‘ambarning ismlari Sham’un, Yo‘hanno
va Pavlus bo‘lib, ular Iso (a.s.)ning elchilari edilar.
Qatodaning fikri noto‘g‘ri, chunki tarixda Antokiya shahri Iso Masih dinlarini qabul qilgan birinchi shahardir. Shuning uchun
ham mazkur shahar dunyoda eng katta bo‘lgan to‘rt patriarxiya – Antokiya, Quddus, Iskandariya va Rumiyaning bittasi
hisoblanadi. Qustantiniya esa beshinchi o‘rindadir. Qur’onda zikr etilgan qavm esa, payg‘ambarni tan olmagani uchun
halokatga uchragan. (Ibn Kasir. Qisasul anbiyo. Qohira. 213-bet.) Lekin ikki rivoyatni quyidagicha jamlash mumkin. Ya’ni Antokiya qavmiga qadimda ham mazkur uch payg‘ambar –
Sodiq, Masduq va Shalum ismli payg‘ambarlar yuborilgan. Ular inkor etilgach, qavmni Alloh taolo halokatga uchratgan.
Oradan uzoq yillar o‘tgandan keyin, Iso Masih davrida ham shu shahar aholisiga yana uch havoriy-Sham’un, Yuhanno va
Pavlus Iso payg‘ambar tomonidan da’vat uchun yuborilgan. Qavm ularni yaxshi kutib olishib, Iso (a.s.) shariatlarini qabul
etishgan. Ammo bu fikr tarixiy nuqtai nazardan ancha uzoq, chunki, Antokiya tarixida hech qachon, Iso (a.s.)ning davrida
ham, undan oldin ham biror qavm ommaviy halokatga uchramagan. (Muxtasari tafsiri Ibn Kasir. 3-j. 121-bet.) Qur’onda qissa qilingan uch payg‘ambarning Iso Masih havoriylari emasligiga uch dalil bor. Birinchisi shuki,
oyatda xabar berilgan payg‘ambarlarni Alloh tomonidan yuborilganiga«O’shanda Biz ularga ikkita elchini