Ayting (ularga): "Agar rostgo'y bo'lsangiz, dalilingizni keltiring!" Izoh: Ya'ni, yahudiylar: "Faqat biz kiramiz", - desalar, nasroniylar: "Ular emas, biz kiramiz",-der edilar. 112. Yo'q, kimki yuzini (o'zini) Allohga bo'ysundirsa, Rabbi huzurida unga ajr muhayyodir. Ularga xavf ham yo'q va ular tashvish ham chekmaydilar. 113. Yahudiylar: "Nasroniylar hech narsada yo'q" - desalar, nasroniylar: "Yahudiylar hech narsada yo'q" - deydilar, vaholanki, ular (har ikki toifa) kitob o'qiydigan (savodxon) edilar. Shuningdek, (o'qishni) bilmaydiganlar (boshqa soxta dinlarga mansub kimsalar) ham ularning gapiga o'xshash gapni aytdilar. Ularning (bu kabi) kelisha olmagan narsalari yuzasidan qiyomat kuni Alloh hukm qilur. Izoh: Ya'ni, har ikki tomon bir-birlarining dinlarini inkor etadilar. 114. Allohning masjidlarida Uning nomi zikr etilishiga qarshilik qiladigan va ularni xarob qilishga urinuvchilardan kim ham zolimroqdir?! Axir, bu (kabi) kimsalar uchun u yerlar (Ka'ba yoki Baytul- Maqdis)ga faqat qo'rqqan hollaridagina kirishlari mumkin edi. Ular uchun bu dunyoda rasvolik, oxiratda esa, buyuk azob (bordir). 115. Mashriq ham, Mag'rib ham Allohnikidir. Bas, qaysi tarafga yuzingizni qaratsangiz, o'sha tomonda Allohning "yuzi" mavjuddir. Albatta, Alloh (fazli) keng, dono zotdir. 116. "Allohning farzandi bor", - dedilar. U (Alloh) esa (ularning iddaosidan) pok zotdir. Balki, osmonlar va Yerdagi narsalar Uning mulkidir. Hamma(si) Unga bo'ysunuvchidir. Izoh: Yahudiylar: "Uzayr (a. s.)ni Allohning o'g'li", - degan bo'lsalar, nasroniylar: "Iso (a. s.) Allohning o'g'li", - dedilar. 117. (U) Yeru osmonlarning Yaratuvchisidir. Biror ishni qiladigan bo'lsa, (faqatgina unga) "Bo'l!" desa, bas, u bo'ladi. 118. Bilmaydigan (nodon) kimsalar: "Alloh bizga (bevosita) gapirsa edi yoki biror alomat kelsa edi", -