100. (Keyin, Misrga kirib Yusufning saroyiga kelganlaridan so'ng) u ota-onasini o'z taxtiga chiqardi va ular (ya'ni, ota-ona va akalari Yusufga) sajda qilgan hollarida yiqildilar. U dedi: "Ey, otajon, mana shu (qirq yil) ilgari ko'rgan tushimning ta'biridir. Rabbim uni rost qildi. Darhaqiqat, u menga yaxshilik qildi - meni zindondan chiqardi, shayton men bilan akalarim orasini buzib ig'vo qilganidan keyin, mana sizlarni sahrodan (Misrga sog'-salomat holingizda) keltirdi. Albatta, Rabbim O'zi xohlagan narsani lutf bilan amalga oshiruvchidir. Albatta, Uning O'zigina bilim va hikmat sohibidir. 101. Ey, Rabbim! Menga podshohlik ato etding, yana barcha gap (tush)larning ta'vil (ta'bir)laridan menga ta'lim berding. Ey, osmonlar va Yerni ijod etgan zot! Dunyoyu oxiratda O'zing egamdirsan. (Ajalim yetganida) musulmon holimda jonimni olgin va meni solihlar (qatori)ga qo'shgin. " 102. (Ey, Muhammad,) bu Biz Sizga vahiy qilayotgan g'ayb xabarlaridandir. (Chunki siz Yusufning akalari) makr-hiyla bilan o'zlarining ishlarini tuzib, ittifoq qilishayotgan paytlarida ularning huzurlarida yo'q edingiz. 103. Odamlarning ko'plari, garchi Siz juda istasangiz-da, mo'min bo'lmaydilar. 104. Siz ulardan bu (da'vatingiz) uchun biror ajr (haq) so'ramaysiz. U (Qur'on) faqatgina (barcha) olamlar uchun bir eslatmadir, xolos. 105. Osmonlar va Yerda qanchadan-qancha alomatlar bordir. (Lekin) ular bu oyatlardan yuz o'girgan hollarida (beparvo) o'tib ketaveradilar. 106. Ularning aksariyati Allohga faqat mushriklik hollaridagina "imon" keltiradilar. Izoh: Ya'ni Allohning borligiga ishonchlari bo'laturib, Unga shirk keltirdilar.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur